Ukrainaga ochilgan keng qamrovli urushidan so‘ng Rossiya o‘ziga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar hajmi bo‘yicha jahonda yetakchiga aylandi, deb yozadi sanksiyalarni kuzatuvchi Amerikaning Castellum.AI texnologik kompaniyasi. Atlantic Council kompaniyasining 2023 yil aprel oyidagi ma’lumotlariga ko‘ra, G‘arb davlatlari Rossiya va uning fuqarolariga nisbatan 12 mingdan ortiq cheklovlar o‘rnatgan.
Rossiyada insonlar ham (asosan agressiya ishtirokchilari hisoblanuvchi mansabdorlar va biznesmenlar), shuningdek, iqtisodiyotning butun bir sohalari va kompaniyalar sanksiyalar ostiga tushgan. Ular orasida eng bilinarlilari — Rossiya neftiga embargo va yuqori narx chegarasi joriy etilishi; RF Markaziy bankining xalqaro aktivlari urush tugaganidan so‘ng «Ukrainaga kompensatsiya to‘lash kafolati» sifatida muzlatilgani; Rossiya banklarining SWIFT tarmog‘idan uzilgani; Rossiyadan aviaqatnovlar uchun Yevropa Ittifoqi havo bo‘shliqlari yopilishi bo‘ldi.
Eng dastlabki cheklovlar joriy etilganidan so‘ng rossiyalik ekspertlar 90-yillar krizisi kabi iqtisodiyot tanazzulga yuz tutishini taxmin qilishgandi. Lekin unday bo‘lib chiqmadi. Rossiya chinovniklariga ko‘ra, g‘alla va uglevodorodlar sotuvidan tushum qaytaga barcha rekordlarni yangilagan, RF bosh vaziri Mixail Mishustin iqtisodiyot «ishonch bilan qayta tiklanayotgani»ni aytgan. G‘arb davlatlari esa ayrim sanksiyalarni bekor qilishga majbur bo‘lmoqda.
Nahotki, iqtisodiy jihatdan ihotalash, rossiyalik ishlab chiqaruvchilarni boykot qilish, personal va korporativ sanksiyalar ish bermagan bo‘lsa?
Bu maqolada sanksiyalarning Rossiya iqtisodiyotiga ta’siri haqida batafsil hikoya qilinmaydi. Lekin iqtisodiy cheklovlar tobora siyosiy mexanizmga aylanib borayotgani, sanksiyalar bo‘lmasa o‘rniga nima qo‘llash mumkinligi haqida aytiladi.
Sanksiyalarni kim o‘ylab topgan?
Eramizdan oldingi V asrda qadimgi yunonlar.
Afina xalq yig‘ini Megara shahri fuqarolariga o‘z bozorlarida savdo qilish va bandargohlarga kema kiritishni taqiqlaydi. Bu yo‘l bilan afinaliklar megaraliklarni o‘zlari uchun muqaddas bo‘lgan yerlarni shudgorlashayotgani, qochqin qullarni yashirib qo‘yishayotgani uchun jazolamoqchi bo‘lishgan. Bu choradan ish chiqmagan, Megarani dengiz orqali qamal qilish 27 yilga cho‘zilib ketgan Peloponness urushlariga olib kelgan.
Albatta, o‘sha paytlar «sanksiya» termini bo‘lmagan. Lekin o‘sha cheklovlar davlatlar hozir bir-birlarining siyosiy qarorlariga ta’sir o‘tkazish uchun joriy etayotgan choralarga juda o‘xshab ketadi.
O‘rta asrlar davrida G‘arbiy Yevropada sanksiyalarning o‘xshashi represallar bo‘lgan. Ular urush olib borilayotgan davlatning savdogarlariga nisbatan joriy etilgan, boz ustiga, «kollektiv majburiyat» prinsipi bo‘yicha. Savdogarlar dushman davlatning fuqarosi ekani uchun aybdor, demak uni moliyaviy jazolash mumkin, deb hisoblangan.
Sanoat inqilobi va sanoatlashtirish davrida xalqaro savdo aloqalari yanada mustahkamlana boshladi. Ularni ihotalash iqtisodiyotlar o‘sishini cheklab qo‘yadi va mamlakatlarni qashshoqlashtirardi. Embargo termin va bosim qilish vositasi sifatida siyosiy-iqtisodiy o‘zgarishlarga erishish uchun o‘sha vaqtlarda paydo bo‘ldi.
Masalan, AQShdagi fuqarolar urushi davrida shimolliklar (quldorlik bekor bo‘lishi tarafdorlari) plantatsiyalarida qullar mehnatidan foydalanayotgan janubliklardan paxta xarid qilmaslikka qaror qilishadi. Ma’lum bir tovarlar va ishlab chiqaruvchilarni boykot qilish davlatlar ichidagi kuch ishlatmay qarshilik ko‘rsatishning azaldan ma’lum usuli. Sanksiyalar esa, mohiyatan, davlatlar bunday amaliyotni o‘zlashtirib olib, boykotni xalqaro siyosat vositasiga aylantirishidir.
Biz biladigan ko‘rinishda sanksiyalardan faqat Birinchi jahon urushi davriga kelib foydalanila boshlangan. Antanta ittifoqiga a’zo davlatlar raqiblariga po‘lat yetkazib berishni cheklagan, dushman dengiz yo‘llariga to‘siq qo‘ygan, oziq-ovqat va xo‘jalik mollariga embargo joriy etgan. Bularning barchasi Germaniya va Avstriya-Vengriyaning harbiy qudrati oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qilingan.
Birinchi jahon urushi tugagach, g‘olib davlatlar Millatlar ligasini tuzgan. Bu xalqaro institut yordamida agressor davlatni iqtisodiy jihatdan qamal qilish strategiyasini kelishib olish, birvarakayiga sanksiya joriy qilish, sanksiya siyosatining o‘z iqtisodiyotida keltirib chiqargan oqibatlariga qarshi kurashish osonroq bo‘ladi, deb o‘ylashgan.
Biroq bu mexanizmlar faqat iqtisodiyoti zaif bo‘lgan davlatlarga nisbatan samarali ekani ayon bo‘lgan. Masalan, Millatlar ligasi Yugoslaviyaning Albaniyaga hujum qilishining oldini ololgan yoki grek diktatori Teodoros Pangalosning Bolgariyaga bostirib kirishiga to‘sqinlik qilolgan. Biroq, Millatlar ligasi kuchli iqtisodiyotga ega davlatlar (Italiya, Portugaliya va Ispaniya)ga nisbatan sanksiyalar joriy etganida, o‘z maqsadiga erisha olmagan. Avtoritar yetakchilar o‘z siyosatini o‘zgartirishni istamagan, buning o‘rniga iqtisodiyotni qayta qurgan. Iqtisodiyot boshqa davlatlarga unchalik bog‘liq bo‘lmay qolgan. Bu chora rejimni yanada kuchaytirgan.
Sanksiyalar ish bermasa, qanday chora bor?
Urushdan boshqa chora yo‘q.
Bir asr muqaddam Millatlar ligasi ta’sischilarining ishonchi komil bo‘lgan: agressorning o‘z siyosatini o‘zgartirishga yo iqtisodiy cheklovlar majburlay oladi yoki mamlakatga harbiy yo‘l bilan bostirib kirish. Sanksiyalar aynan urushga muqobil sifatida yaratilgan. O‘shandan buyon ko‘p narsa o‘zgarmagan.
Yevropa Ittifoqi va AQSh turli sabablarga ko‘ra (jumladan, yadroviy urush boshlanib ketishidan cho‘chib) Rossiyaga qarshi ochiq urushga kirisha olmaydi. Shuning uchun g‘arb davlatlari boshqacharoq chora qo‘llashmoqda: ular Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berishmoqda, shuningdek Rossiyaning iqtisodiy resurslarini tugatishga urinishmoqda, elitaga nisbatan ham cheklovlar joriy etib, rejimni zaiflashtirmoqchi.
Agar harbiy qarama-qarshilikdan qochib, agressorni jazolash kerak bo‘lsa, sanksiya tashabbuskori bo‘lgan davlatlar xalqaro hamkorlikni o‘zgartirishi, ayrim holatlarda ichki siyosatiga ham o‘zgartirishlar qilishi kerak bo‘ladi.
Tadqiqotchilar qayd etishlaricha, iqtisodiy qamal agar hukumatlarga sanksiyalarni aylanib o‘tishda nafi tegadigan hamkor davlatlarni ham qamrab olsa samaraliroq bo‘ladi. Bu davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar yomonlashishiga olib keladi, albatta, biroq agressor boshqa yo‘l bilan cheklovlarning barcha oqibatini his qilmaydi.
Sanksiyalar tashabbuskorlari uchun yana bir og‘riqli qadam — o‘z qonunlarini o‘zgartirish. Shaxsiy cheklovlar ostida bo‘lgan ayrim insonlar sanksiya joriy etayotgan davlatlarning qonunchiligidagi tuynuklar va noshaffofliklar tufayli o‘z aktivlarini xorijda yashirishda davom etishadi. Pirovard natijada, bu elitalar o‘z kapitallariga tahdidni his qilishmaydi, muxolifatdagilar esa sanksiya joriy etayotgan davlatlarni «ikki xil standartlar» va «ikkiyuzlamachilik»da ayblay boshlashadi.
Demak, sanksiyalar ish bermas ekan-da?
Bu murakkab savol.
Kolumbiya universitetining sanksiyalar bo‘yicha tadqiqotchisi Richard Nefyuning yozishicha, sanksiyalar toki ular ostida qolgan shaxs ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan jiddiy yo‘qotishlarga duchor bo‘lsagina, qo‘yilgan maqsadlarga erishilsagina muvaffaqiyatli sanalishi mumkin.
Davlatlar bir necha sababga ko‘ra sanksiyalar joriy etishadi. Ular siyosiy rejim va mamlakat iqtisodiy barqarorligiga ta’sir o‘tkazish, mamlakat elitasi ichida mojarolar keltirib chiqarishga urinishadi. Millatlar ligasi yaratish tashabbuskorlaridan biri Vudro Vilsonning fikricha, sanksiyalar o‘sha davlat fuqarolariga ruhiy bosim ham uyushtiradi. O‘zini atrofdagi dunyodan ihotalangan his qilish — ruhiy jihatdan og‘ir.
Eng asosiysi, sanksiyalar — vaziyatga harbiy agressiya bilan javob berishning muqobil usulidir. Bunda mojaroga ochiqdan ochiq qo‘shilish imkonsiz, biroq «nodo‘stona» harakatlar qilayotgan davlatning xatti-harakatlariga javob qaytarish zarur bo‘ladi.
Sanksiya joriy etayotganlar personal cheklovlar (mulklar, hisobvaraqlar xatlanishi, biznes hamkorlarni yo‘qotish) avtokrat va uni qo‘llab-quvvatlovchi elitaga og‘riqli ta’sir qiladi, deb hisoblashadi.
Nazariy jihatdan, bu elita vakillari o‘z kapitali va ta’sir kuchidan mosuvo bo‘lishi yoki hukmdorni qo‘llashni bas qilishlari kerak. Sanksiyalar tufayli qashshoqlashgan aholi norozilik namoyishlariga chiqishadi va o‘zlariga munosib hayotni ta’minlay olmayotgan davlat yetakchisiga ishonishdan voz kechishadi. Ko‘pgina holatlarda elita noroziligi va ommaviy noroziliklar rejim o‘zgarishiga yoki tashqi va ichki siyosat o‘zgarishiga olib keladi. Sanksiya tarafdorlarining ham bosh maqsadi shu.
Aslida esa hammasi bu qadar oson emas
Sanksiyalar tadqiqotchilari fikricha, faqat cheklovlar joriy etishning o‘zigina samarador emas, u bilan tahdid qilish ham ko‘zlangan natijalarga olib keladi. Ko‘plab avtokratiyalar bunday tahdidni avvaldan qabul qilishadi va o‘z siyosatini o‘zgartirishadi. Faqat, 30 foiz holatlardagina bunday bo‘ladi. Misollar orasida tarixchilar AQShning 1940 yilda Ispaniyaga neft sotishni to‘liq to‘xtatish haqidagi qarorini keltirishadi, o‘shanda diktator Franko Hitler va Mussolini tarafda urushga qo‘shilish o‘rniga neytrallikni saqlab qolishni afzal ko‘rgandi.
Ko‘pgina holatlarda avtoritar rejimlar sanksiyalar va xalqaro ihotalanishga ko‘nikib borishadi. Sanksiyalar ostida avtokratiyalarda demokratlashuv darajasi esa pasayadi (yiliga 7–16 foizga), ya’ni mamlakat sanksiya ostida qanchalik qolaversa uning rejimi qat’iylashuvi shunchalik kuchayaveradi.
Kutilmalarga ters o‘laroq, xalqaro moliya bozorlaridan ayrilgan elita hukmdorga qarshi chiqmasdan, qaytaga uning atrofida jipslasha boshlaydi. Boz ustiga, elita oddiy fuqarolardan ko‘ra sanksiyalar jabrini kamroq tortadi, chunki ularda o‘z kapitalini saqlab qolish uchun imkoniyatlar ko‘proq (masalan, ofshorlarda).
Sanksiyalar ostida qolgan davlatda kuchishlatar tizimlar soni ortadi, ularning o‘zi ham katta ishtiyoq bilan «gaykalarni qotirish»ga kirishadi, muxolifat vakillari orasida «vatan xoinlari»ni axtarib topishga zo‘r berishadi.
Joriy etilgan sanksiyalardan aholining qashshoqlashuvi esa o‘z navbatida propagandachilarga barcha ko‘rguliklarda «kollektiv G‘arb»ni ayblash uchun bahona bo‘ladi, bu aholi o‘rtasida ranjish va o‘ch olish kayfiyatini kuchaytiradi, «kuchli qo‘l»ni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi. Gap insonlarda vatanparvarlik kayfiyati chulg‘ab olishida ham emas, sanksiya ostidagi iqtisodiyotda davlatning roli o‘sib boradi, binobarin, hokimiyat harakatlariga bog‘liq bo‘lgan qolgan insonlar soni ham ortadi.
Sanksiya joriy etishda kamarbasta bo‘lgan davlatlarda esa paydo bo‘lgan moliyaviy qiyinchiliklardan populistlar o‘z pozitsiyalarini kuchaytirish uchun foydalanishi ham mumkin.
Tadqiqotchilar qayd etishicha, sanksiyalar ayniqsa rivojlanayotgan davlatlar iqtisodiyotiga juda kuchli zarar yetkazadi, chunki bunday iqtisodiyotlar tashqi investitsiyalar, texnologiyalar va asbob-uskunalarga ko‘p tomonlama bog‘liq.
Yana ba’zi bir tadqiqotchilarning yozishicha, uzoq muddatli istiqbolda sanksiya ostidagi davlatda iqtisodiyot uchun zarar va aholi o‘rtasidagi ortiqcha o‘lim sonlari holdan toydiruvchi real urush oqibatlari bilan teng bo‘ladi. Bundan ayniqsa eng qashshoq aholi qatlamlari ko‘proq zarar ko‘radi — ular sifatli tibbiyot va ta’limga yetisha olishmaydi. Sanksiyalar tengsizlikni ham kuchaytiradi.
Xullas, sanksiyalar ish beradimi, degan savolga javob berishdan oldin «ish» deganda nima nazarda tutilayotganini aniqlashirib olish kerak. Agar undan ko‘zlangan maqsad — agressorni to‘xtatish va uni jazolash bo‘lsa, ish berishi dargumon, aniqsa agressor ulkan va boy bo‘lsa. Agar maqsad mamlakat aholisiga ko‘proq azob berish bo‘lsa, ha, sanksiyalar favqulodda samarali.