Frontdagi vaziyat. Rossiya zaxiralarini jangga tashlamoqda

Jahon 21:27 / 10.07.2023 34418

Rossiya armiyasi ukrain qo‘shinlarining janub va Baxmut yo‘nalishlaridagi ilgarilashini to‘xtatish uchun yangidan yangi zaxiralarini jangga olib kirmoqda. Rossiya qo‘mondonligi tasdiqlashicha, Ukraina qurolli kuchlari oldinga qo‘yilgan maqsadlaridan birortasiga erisha olmayapti; G‘arbning ayrim nashrlaridagi maqolalarda ham Ukraina yurishi sekin sur’atlarda kechayotgani hafsalani pir qilgani aks etmoqda. Shunga qaramay, rossiyalik harbiy muxbirlarning har kungi xabarlarida quyidagi satrlarni uchratish mumkin: «dushman ilgarilashga muvaffaq bo‘ldi», «dushman strategik tepaliklarning bir qismini egallab oldi», «dushman ayrim yutuqlarga ega».

BBC muxbiri Ilya Abishev Ukraina frontidagi vaziyatga batafsil to‘xtaldi.

Janubiy yo‘nalish

Bu Rossiya-Ukraina frontining eng uzun polosasi bo‘lib, Xerson oblastida Dniproning Qora dengizga quyilish joyidagi Kinburn qumlog‘idan (qumloqning bir uchi Mikolayiv oblastida) Donetsk oblasti chegarasiga qadar cho‘zilgan. Quruqlikdagi uchastkada eng jiddiy janglar — Zaporijjya oblasti va  Donetsk oblastining g‘arbiy chekkalarida kechmoqda.

Ukrain armiyasi kuchli mudofaa chizig‘ini yorib o‘tib, bir yoki bir necha yo‘nalishlarda — Melitopol, Berdyansk yoki Mariupolgacha borib, Azov dengizi bo‘ylariga chiqishni maqsad qilgan. Muvaffaqiyat qozonilgan taqdirda, Qrimga quruqlik orqali ochilgan yo‘lak kesib qo‘yiladi, Rossiyaning Xerson oblasti janubi va Qrimdagi guruhi juda murakkab ahvolda qoladi.

Bu janglarga ikki tomon ham uzoq vaqt tayyorlandi: Ukraina chalg‘ituvchi zarbalar amalga oshirdi va asosiy yo‘nalishda zarba berish uchun kuch yig‘di, Rossiya kuchli mudofaa istehkomlari barpo etdi va katta hududlarni minalagan holda raqib hujumini kutdi.

Har ikki tomonning ham tarafdorlari voqealar tezlik bilan rivojlanishini kutishgandi. Bir tomon rossiyaliklar mudofaasi tezda qulashi va ukrainlarning zirhli texnikalari kolonnasi tezlik bilan Azov tomon harakatlanishini ko‘rishdan umid qilgandi. Boshqalar esa ukrain qismlari mudofaa janglari vaqtda yakson etilishi, keyin esa Rossiya qarshi hujumga o‘tishini kutgandi. Ammo voqealar boshqa ssenariyda rivojlana boshladi.

Ukraina qurolli kuchlari birinchi va eng murakkab mudofaa chizig‘ini asta-sekinlik bilan buzib borish, shuningdek Rossiyaning front chizig‘i ortidagi texnikalari hamda harbiy obektlarini aniqlab, yo‘q qilish uchun dastlab kichik guruhlar bilan razvedka janglari olib borishni tanladi.

Foto: Reuters

Ayni vaqtda Ukraina janubida quyidagicha vaziyat yuzaga kelgan: ukrain qo‘shini to‘rt yo‘nalish — g‘arbdagi Vasilivka, markazdagi Tokmak va Pologi, sharqdagi Staromlinovka yo‘nalishlarida raqibning birinchi mudofaa chizig‘ini bosqichma-bosqich «kemirib» bormoqda. Qator uchastkalarda ular Rossiya mudofaasining ikkinchi chizig‘iga juda yaqin kelib qolishgan.

Bu liniya asosiysi hisoblanadi, aynan shu yerda eng qizg‘in janglar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda, aynan shu yerda asosiy kuchlar to‘qnashadi va aynan shu yerdagi muvaffaqiyatsizlik tomonlardan biri uchun og‘ir mag‘lubiyatga aylanishi mumkin.

Siyohrang bilan Ukraina qo‘shinlari ozod etgan hududlar ko‘rsatilgan

Rossiya qo‘mondonligi Ukraina qurolli kuchlari ikkinchi liniyaga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka yoki hech bo‘lmaganda vaqtdan yutishga intilmoqda. Buning uchun yirik zaxiralar olib kelinib, jangga tashlanmoqda. Britaniya razvedkasi Zaporijjya oblastida doimiy dislokatsiya manzili Kavkazda joylashgan 58-umumqo‘shinlar armiyasi mudofaaga mas’ul ekani, Donetsk oblastining Staromlinovka rayonida esa — 5-armiya va Primore o‘lkasidan bo‘lgan dengiz piyodalari mudofaalanayotganiga e’tibor qaratgan.

Ammo gap Ukrainada butun Rossiya hududidan kelgan bo‘linmalar jang qilayotganida emas. Zaxira bo‘linmalari birinchi mudofaa chizig‘idagi janglarga tashlanishi jadal sur’atlarda davom etmoqda — u yerga allaqachon Xerson oblastidagi qismlar hamda bungacha ikkinchi va uchinchi liniyalarda mudofaani egallab turgan bo‘linmalar yuborilgan.

«Janubiy operatsiya zonasida raqibning 58-, 49-umumqo‘shin armiyalari, 22-armiya korpusi (Janubiy harbiy okrug tarkibidan), 5-, 35-, 36- va 29-umumqo‘shin armiyalari va 68-armiya korpusi (Sharqiy harbiy okrugdan) qo‘shinlarining bir qismi harakat qilmoqda, — degan ukrainalik harbiy sharhlovchi Konstantin Mashovets. — Eslatib o‘tamiz, RF quruqlik qo‘shinlarida jami 11 ta umumqo‘shin va bitta tank armiyasi joylashtirilgan. Ya’ni raqib hozirda mamlakatimizning bosib olingan janubiy hududlarini o‘z quruq qo‘shinlarining teng yarmi bilan ushlab turishga harakat qilmoqda. Va shunga qaramay, bu ularga juda katta qiyinchilik tug‘dirmoqda», — deya yozgan u.

Ukraina Dniproning chap sohiliga desant tashlab, janubda «ikkinchi front» ochishi mumkinligi qo‘shimcha xavf tug‘dirmoqda. Ukraina qurolli kuchlari allaqachon Antonov ko‘prigi atrofida kichik platsdarm o‘rnatgan va ularni u yerdan siqib chiqarishga muvaffaq bo‘linmayapti.

Rossiyadagi manbalar ukrain razvedkasi Dnipro sohil liniyasi bo‘ylab turli uchastkalarda faollashgani haqida yozmoqda.

«Maryanskoye — Zolotaya Balka liniyasining qurib qolgan Kaxovka suv ombori atrofidagi muyulish joyida [Ukraina qurolli kuchlarining] faolligi ortdi. So‘nggi uch-to‘rt oyda Ukraina qurolli kuchlarining 121-hududiy mudofaa qismlari bo‘linmalari tabiiy suv to‘sig‘ini kechib o‘tishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu Zaporijjya AESni janubdan o‘rab olish uchun shu yo‘nalishdan zarba berilishi mumkinligini ko‘rsatadi», — deya yozgan RF mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan «Rybar» telegram-kanali.

Baxmut yo‘nalishi

Baxmut atrofidagi vaziyat ham shunga o‘xshash tarzda rivojlanmoqda — bu shahar hozirda strategik emas, ko‘proq ramziy ahamiyatga ega hisoblanadi (lekin voqealar dramatik rivojlansa, bu baho keskin o‘zgarishi ham mumkin). Rossiya armiyasi va uning asosiy hujumkor kuchi — «Vagner» XHK jangchilari — uni o‘tgan yil yozidan buyon shturm qilishgandi va shaharni olish uchun saralangan qismlar tashlangan, may oyiga kelib shahar katta yo‘qotishlar evaziga egallangandi.

Vagnerchilar Baxmutdan ketgach, Rossiya qo‘mondonligida bu uchastkada kadrlar yetishmovchiligi muammosi yuzaga keldi, ukrain qo‘shinlari esa darhol tashabbusni qo‘lga oldi. Endi ular shaharni shimol va janubdan o‘rab olish tahdidi bilan Rossiyaning Baxmut qanotlaridagi qismlarini asta-sekin chekintirmoqda. Hozircha bu yerdagi vaziyat Rossiya uchun u qadar tahdidli ko‘rinmayotgan bo‘lsa-da, Ukraina qurolli kuchlari muntazam ravishda ilgarilamoqda. Janubda ukrain qo‘shini T0513 Baxmut-Horlivka trassasiga yo‘l ochuvchi muhim tayanch punkti — Kleshchiyevkaga hujum qilmoqda.

«Baxmut yo‘nalishida ukrain shturm bo‘linmalari Kleshchiyevkadan shimoldagi tepaliklarning bir qismini egalladi. Qolgan qismi uchun shiddatli janglar ketmoqda, — deya yozgan rossiyalik WarGonzo telegram-kanali. — Agar Ukraina qurolli kuchlari mustahkam o‘rnashib olsa, Rossiya qo‘shini pastlikda joylashgan qishloqni ushlab qolishi dargumon. Va bundan ma’no ham qolmaydi».

Ukraina QK Sharqiy qo‘shinlar guruhi spikeri Sergey Chrevatiy o‘tgan hafta oxirida Baxmut janubida shiddatli janglar ketayotgani, ammo tafsilotlarni ochiqlay olmasligini aytgandi. «Ammo dushman pabliklari telegramda vahima qo‘zg‘ayotganiga qaraganda, Kleshchiyevka nomi ular uchun juda ramziy bo‘ladi, deb o‘ylayman», — degandi u.

Siyohrang bilan Ukraina qo‘shinlari ozod etgan hududlar ko‘rsatilgan

Shaharning o‘zida, shuningdek undan shimolroqda, Berxovka suv ombori hududida ham janglar olib borilmoqda, shimolda ukrain qismlari raqibni Paraskoviyevka va Krasnaya Goradagi mustahkamlangan pozitsiyalaridan siqib chiqarishga harakat qilmoqda.

«RF qurolli kuchlari Ukraina qurolli kuchlarining Baxmutning janubiy-g‘arbiy chekkasidagi pozitsiyalariga hujumlar uyushtirdi. Unchalik muvaffaqiyatli chiqmadi. Berxovka atrofida qaqshatqich janglar kechmoqda, ukrain bo‘linmalari baribir ma’lum yutuqlarga erishmoqda», — deya tan olgan WarGonzo.

Rossiya qo‘mondonligi Zaporijjyada bo‘lgani kabi ukrainlarning shiddatli hujumlarini to‘xtatish uchun Baxmutga ham zaxira kuchlarini olib kelmoqda. Ammo hozircha frontdagi vaziyatni barqarorlashtirishning imkoni bo‘lmayapti.

Donetsk atrofida va Svatove-Kupyansk yo‘nalishidagi janglar

Donetsk chekkalarida — oblast markazidan shimoldagi Avdiyivka va g‘arbdagi Maryinka shaharlari hududida ham ancha keng ko‘lamli qarama-qarshi janglar ketmoqda.

Ikki tomon ham raqibning ko‘p sonli hujumlari qaytarilgani to‘g‘risida xabar qilgan, Ukraina tomoni esa — hatto Avdiyivkadan shimoldagi Vesyoloye qishlog‘i hududida muayyan yutuqlarga erishilgani haqida xabar qilgan (buni geolokatsiya ma’lumotlari ham tasdiqlaydi).

O‘tgan haftada Donetskning yo‘ldosh shahri hisoblangan Makiyivkada yirik o‘q-dori omboriga zarba berildi

Ammo bu yo‘nalishdagi janglar faollashgani strategik operatsiya bo‘lib emas, balki ko‘proq raqib kuchlarini asosiy harbiy harakatlar teatriga aylangan Zaporijjya oblastiga o‘tkazishiga to‘sqinlik qilish istagiga o‘xshab ko‘rinmoqda.

Siyohrang bilan Ukraina qo‘shinlari ozod etgan hududlar ko‘rsatilgan

Luhansk oblasti shimoli-g‘arbiy qismida — Kupyansk (Rossiya tomoni terminologiyasi bo‘yicha) yoki Svatove (Ukraina tomoni terminologiyasi bo‘yicha) yo‘nalishida ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda.

Rossiya qo‘shini Ukraina qurolli kuchlarining Seversk guruhi ustiga yurish qilishga urinmoqda — bu bo‘rtiq hududdagi ukrain kuchlari Kreminnaga ham, Baxmutga ham tahdid solgan holda rossiyaliklar uchun noqulaylik tug‘dirib turibdi. Bu uchastkadagi janglar anchadan buyon tanaffuslar bilan davom etmoqda, ammo tomonlarning birortasi jiddiy muvaffaqiyatga erisha olmaydi.

Rossiya hujum qilayotgan yana bir yo‘nalish Svatovedan janubi-g‘arbda va shimoli-g‘arbda joylashgan Novovodyanoye va Novosyolovskoye qishloqlari bo‘lib turibdi. Ushbu kichik qishloqlarni xaritadan topish qiyin, ularning strategik ahamiyatini tushuntirish undan ham qiyinroq. Shunga qaramay, Rossiya qo‘shinining bu hududdagi faollashuvi harbiy mantiqqa to‘g‘ri keladi: murakkab va tushunarsiz vaziyatda hech kim harakatsiz bo‘lmasligi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: