Chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi zavod
Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida qiymati 4 milliard dirham (1,08 milliard dollar) bo‘lgan dunyodagi eng yirik chiqindilardan energiya ishlab chiqaruvchi zavod ochildi.
Dubay valiahd shahzodasi Hamdan bin Muhammad bin Roshid Al Maktumga ko‘ra, stansiya 220 MVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir, bu esa 135 ming uy-joyga xizmat ko‘rsatish uchun yetarli bo‘ladi. Shuningdek, korxona yiliga 2 million tonna chiqindilarni atrof-muhitga zarar yetkazmasdan qayta ishlash imkoniyatiga ega.
So‘nggi 10 yillikdagi eng ishonchli avtomobillar
HotCars portali Amerika bozoridagi so‘nggi 10 yillikning eng ishonchli avtomobillari ro‘yxatini e’lon qildi. Reyting ko‘plab ma’lumotlar bazalari va turli hisobotlarga (Kelly Blue Book, CarEdge, ConsumerRepors, J.D. Power, Edmunds va CarSurvey) tayanib tuzib chiqilgan.
Ro‘yxatning 1-pog‘onasini 2015 yildan beri ishlab chiqarilayotgan Lexus RX egallagan. Ikkinchi o‘rinni 2009 yildan beri sotilayotgan Toyota 4Runner band qilgan. Kuchli uchlikdan Ford Expedition yo‘ltanlamasi o‘rin olgan.
Top-10 quyidagicha:
1. Lexus RX;
2. Toyota 4Runner;
3. Ford Expedition;
4. Mazda CX-5;
5. Lexus GX;
6. Honda CR-V;
7. Kia Sportage;
8. Buick Encore;
9. Toyota Highlander;
10. GMC Yukon.
Robot dirijyor
Seulda bo‘lib o‘tgan konsertda Janubiy Koreya milliy orkestriga EveR 6 nomli android robot dirijyorlik qildi. Odam ko‘rinishidagi robot dastlab tomoshabinlarga ta’zim qilib, qo‘llarini silkitgan.
Musiqiy tadbirdagi beshta asardan uchtasi aynan robot boshqaruvidagi orkestr tomonidan ijro etilgan. EveR 6 hali musiqani inson kabi idrok eta olmasligi sababli bir qancha kichik xatolarga yo‘l qo‘ygan va ba’zi tomashabinlar tanqidiga uchragan.
Threads yangi ijtimoiy tarmog‘i
Meta korporatsiyasi yangi Threads ijtimoiy tarmog‘ini taqdim qildi. Ushbu tarmoq Twitter platformasiga o‘xshash bo‘lib, qisqa postlar, surat va videolar joylashtirish imkonini beradi.
Threads asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, uning akkauntlari Instagram bilan chambarchas bog‘langan. Yangi mikroblogda ro‘yxatdan o‘tganda, foydalanuvchi Instagram tarmog‘idagi kabi nom oladi. Shu bilan birga, Instagram akkauntini o‘chirmasdan turib Threads akkauntini o‘chirib bo‘lmaydi.
Threads asoschilari ijtimoiy tarmoq tez orada boshqa servislar bilan integratsiyalashishini aytishmoqda. Bu kontent almashish va boshqa platformalardan obunachilarni jalb qilish imkoniyatini berishi kutilmoqda.
10 daqiqada quvvatlanadigan akkumulyator
Toyota elektromobillar uchun tez quvvatlanadigan akkumulyator ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Korporatsiya rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, 1200 kilometrgacha masofani bosib o‘tadigan yangi avlod avtomobillarining akkumulyatori atigi 10 daqiqada quvvatlanishi mumkin.
Yangi texnalogiyaning amaliyotga tatbiq etilishi 2027 yilga mo‘ljallangan. Kelgusida qaysi modellar birinchi bo‘lib bunday akkumulyatorga ega bo‘lishi hozircha noma’lum.
Google’ning juda kuchli kvant kompyuteri
Amerikaning Google korporatsiyasi o‘ta kuchli kvant kompyuterini yaratishga muvaffaq bo‘lganini e’lon qildi – u superkompyuter 47 yil sarflaydigan masalaning yechimini bir necha soniya ichida topadi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.
2019 yilda Google 53 kubit quvvatga ega o‘ta kuchli kvant kompyuteri yaratilganini, u IBM superkompyuteri 10 ming yilda yechadigan algoritmni 200 soniyada bajara olishini e’lon qildi. Ammo ilmiy hamjamiyat kompaniya yutug‘ini jiddiy e’tiborga olmadi.
Yangi tizim, Google ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgisidan 241 million marta kuchliroq va eng kuchli Frontier superkompyuteri 47 yil ichida yechadigan muammoni 6,7 soniyada hal qila oladi.