“Aqchagul” - baxtli oilaning fojiali taqdiridan hikoya qiluvchi qissa

Jamiyat 18:19 / 03.07.2023 22304

Ammo sir emaski, oilalarda ayol-erkak rollari almashib qolgan holatlar uchrab turadi. Aynan shunday bir oila va uning fojiali taqdiri qoraqalpoq yozuvchisi Muradbay Nizanovning “Aqchagul” asarida aks etgan.

Syujyet: 

Asar Aqchagul ismli uch bolali ayolning ko‘chada manti sotib yurishi bilan boshlanadi. Bu ayol o‘z vaqtida ovulining eng chiroyli, ko‘zga yaqin, aqlli qizi edi. U sinfdoshi Nurjanni yoqtirardi. Vaqtiki kelib, ular 17 yoshga yetganda turmush qurdi. Nurjan ovulning eng zo‘r traktorchisi hisoblanib, ko‘plab yutuqlarga erishadi. Ammo ovul oqsoqolining g‘ayirligi sababli, adolatsizlikka uchrab ovulni tark etishga majbur bo‘ladi.

Oilasi bilan kelgach Nurjanni shahar ham quchoq ochib kutib olmaydi. Ijarada yurib ham ko‘p ozor chekishadi. Ish izlashdagi sarson-sargardongarchilikdan so‘ng Nurjan obodonlashtirish idorasiga ishga kiradi. U yerdagi eski traktorni ta’mirlab, mina boshlaydi. Ammo falokat oyoq ostida, deganlaridek bir falokat bo‘ladi-yu, hammasi butkul o‘zgarib ketadi. Obodonlashtirish ishchilari Nurjanning traktori bilan terak butashga chiqadi. Yo‘l chetida turgan traktorga “Kamaz” kelib uriladi. Traktor telejkasining ustidagi ikki kishidan biri o‘sha yerda vafot etadi, boshqasi esa yaralanib, kasalxonaga tushadi.

Nurjanni besh yilga “kesishadi”. Qamoqda ko‘p azoblangan Nurjan uyiga umuman boshqa inson bo‘lib qaytadi. Loqayd, beparvo. Hammasiga qo‘l siltagan dangasaga aylanadi. Bora-bora xotinining boqimandasi bo‘lish darajasiga yetadi. Aqchagulning amal-taqal topib kelgan puliga butun oila ko‘z tikib o‘tirardi. 

Kunlardan bir kun Aqchagul bir idoradan ish topadi. Tashkilot rahbari esa Aqchagulning tanishi – Saqbay bo‘lib chiqadi. 

Maktab davrida Saqbay Aqchagulning ketidan soya bo‘lib yurardi. Qiz esa unga parvo qilmaydi. Bu tabiiyki Saqbayning g‘ururini o‘rtaydi. Yura-yura Aqchagulni eritolmagach “hap senimi” deydi-yu, qayta ko‘rinish bermaydi. Mana endi yillar o‘tib ular ko‘rishdi. 

Saqbay Aqchagulni tuzukkina lavozimga joylab qo‘yadi. Aqchagul avvaliga qo‘rqadi. Saqbayning ilgargi surbetliklari hozir ham yo‘qmikan degan o‘yda bo‘ladi. Ammo ancha vaqt o‘tsa hamki Saqbay Aqchagulga ortiqcha biror so‘z ham, noo‘rin qarash ham qilmayotganini sezgach ko‘ngli tinchiydi. Ilgargi nochorlikdan chiqib, moliyaviy ahvolini tiklab olgan, hatto qizini chet elga o‘qish uchun jo‘natgan Aqchagul ishlashda davom etadi.

Ammo shundoq bir kun keladiki, Aqchagul Saqbayning tuzog‘iga baribir ilinadi. O‘z xohishi bilanmas, albatta. Bu vaqtda Nurjan ancha o‘ziga kelib qolgan, chet elga ishlashga ketgandi. Erkak mehrini, e’tiborini sog‘ingan ayol avvaliga bilmay tushgan tuzog‘iga endi ixtiyoriy bir necha bor tushib ko‘radi. Oqibatda homilador bo‘ladi.

Qilgan gunohidan o‘kingancha chet eldagi qiziga xat yozadi. Xatida hammasiga iqror bo‘ladi va qiziga nima bo‘lgan taqdirdayam o‘qishi kerakligini, jamiyat uchun foydali, o‘z yo‘lini topgan ayol bo‘lib yetishishi lozimligini tayinlaydi. Shundan so‘ng o‘z joniga qasd qiladi...

Tahlil:

Kitobxon, albatta, birinchi navbatda Nurjanni ayblashi tabiiy. Axir erkak bo‘lgandan so‘ng oilasining ta’minotini qilib qo‘yishi, ayolining ko‘chalarda tentirab yurishiga yo‘l bermasligi lozimmasmidi? Albatta, oila ta’minoti birinchi navbatda erkakning gardanida. Ammo hayotning ketma-ket adolatsiz zarbalari Nurjanning irodasiga putur yetkazdi. Ortiq darajada zulm insonni yo kuchli qiladi, yoki yerparchin aylaydi. Nurjan shunaqa “yerparchin”ga aylandi. 

Ovuldan nohaq quvilishi, shaharda tinmay turtkilanishi, traktor bilan bog‘liq hodisada aybsiz aybdor bo‘lishi, qamoqdagi 5 yillik o‘ziga ayon azoblar uni xotini sigaret olib kelmasa, janjal qilar darajaga yetkazib qo‘ygandi. Endi u uchun butun dunyo adolatsiz, hamma odam xudbin, jamiki oilalar baxtsiz bo‘lib ko‘rinayotgandi. Ayni shu omillar uni zaif, loqayd, qo‘lni yuvib, qo‘ltiqqa urgan holatga keltirgandi. 

Aqchagul avvaliga eriga yordam berish maqsadida ishlab yurdi. Ammo borib-borib Nurjandan umidi uzilgach, ro‘zg‘orning butun tashvishini o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘ldi. U erini shu holicha, boricha sevardi. Unga erining boqimandaligi sira malol kelmasdi. Chunki erining tabiati aslida boshqachaligini, yigitligida o‘ta g‘ururli bo‘lganini, hayot uni shu holatga solib qo‘yganini yaxshi bilardi, Nurjanga achinardi.

Agar Saqbay bilan ishlashning oqibati shunday tugashini bilganda o‘laqolsa rozi bo‘lmasdi. Hatto bir necha bor ishdan bo‘shashniyam o‘ylab ko‘rgandi. Ammo Aqchagul ham ayol. Eri unga oxirgi marta qachon iliq, otashin tarzda munosabatda bo‘lganini eslolmaydigan darajaga kelgandi. U shirin so‘zlarni, kuchli qo‘llarni sog‘ingandi. Tez taslim bo‘ldi.

Saqbay singari o‘lja poylagan bo‘rilar hayotda har doim topiladi. Undaylarni oilaning muqaddasligi ham, birovning haloliligi ham qiziqtirmaydi. O‘z nafsini o‘ylovchi, kimdirning chorasizligidan chora topuvchi, fursat poylovchilar hayotda ko‘p uchraydi. Aqchagul singari sodda va samimiy insonlar bunday badbin yirtqichlarning o‘ljasi.

Aqchagul qizi Arzayimga bejiz o‘qib, yo‘lingni topgin demagandi. Ayol kishi o‘qisa, hunarli bo‘lsa, el-yurt kezib diydasi qotsa o‘z fikriga ega bo‘ladi. Ko‘chalarda sarson bo‘lmaydi. Yo‘lini, haqqini oson topadi. Jur’atli, irodali ayollarning qarshisida Saqbay singari yirtqichlar shoqol singari past ko‘rinadi. Uncha muncha iflos panjalar mustaqil va dadil ayolga cho‘zilavermaydi. 

Bundan tashqari Arzayim onasiga yozgan xatida chet elni va u yerdagi insonlarni ta’rif etadi. Ularga havas qiladi. Bu xat ham asarda bekorga keltirilmagan. Yozuvchi bu orqali ta’lim-u tarbiyada o‘z yurtining biroz oqsayotganinini, agar chet elning ayrim ilg‘orliklaridan o‘rnak olinsa, oilalar bunday nochor holatga tushib qolmasligini qistirib o‘tmoqchi bo‘ladi.

Oila muvozanatini saqlash oson emas. Bu vazifaga barcha a’zolar birdek kirishishi lozim. Qaysidir biri vazifasidan bo‘yin tovlasa yoxud bajarmay qo‘ysa katta fojialar sodir bo‘lishi hech gap emas. 

Gulasal Qodirova

Muallif fikr tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin

Ko‘proq yangiliklar: