Prezident yoshlarga bayram tabrigi yo‘llab, ulardan bir guruhini mukofotladi

O‘zbekiston 10:20 / 30.06.2023 17489

Bayram tabrigida aytilishicha, bugungi kunda maktab, kollej, texnikum va oliygohlarda bilim olayotgan, o‘z shaxsiy ishini ochib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan, Qurolli kuchlar saflarida yigitlik burchini sharaf bilan ado etayotgan, ishlab chiqarish, qurilish, ilm-fan, ta’lim, tibbiyot, madaniyat, adabiyot va san’at, sport sohalariga, zamonaviy IT-texnologiyalari yo‘nalishlariga dadil kirib borayotgan, katta orzu-umidlar bilan yashayotgan 18 milliondan ziyod o‘g‘il-qizlar – bebaho boylik, oltin zaxiradir.

“Yangi O‘zbekiston bunyodkori bo‘laman!”, “Uchinchi Renessans poydevorini yaratishga munosib hissa qo‘shaman!”, degan yuksak maqsadlar farzandlarimiz qalbidan chuqur joy olib, ularning hayoti va faoliyati mazmuniga aylanib borayotgani bilan har qancha faxrlansak, arziydi.

Navqiron avlodimizning huquq va manfaatlarini ta’minlash, o‘g‘il-qizlarimizning bilim olishi, mehnat qilishi, o‘z qobiliyat va iste’dodini ro‘yobga chiqarishi uchun barcha sharoitlarni yaratish so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgani va bu borada ulkan ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi ma’lum, albatta.

O‘tgan qisqa davrda ushbu yo‘nalishda 100 dan ortiq qonun hujjatlari qabul qilinib, izchil amalga oshirilayotgani buni yaqqol tasdiqlaydi. Ayniqsa, yangilangan Konstitutsiyamizda yosh avlodning huquq va manfaatlari aniq moddalar bilan muhrlab qo‘yilgani, hech shubhasiz, bu boradagi huquqiy bazani yanada kengaytirish, amaliy ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarish imkonini bermoqda.

Shu o‘rinda yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz loyihasini muhokama etish va umumxalq referendumi orqali qabul qilishda yoshlarimiz alohida faollik ko‘rsatganini minnatdorlik bilan ta’kidlab o‘tmoqchiman. Bu esa o‘g‘il-qizlarimizning Vatanimiz taqdiri va kelajagiga yuksak daxldorlik tuyg‘usi bilan yashayotgani, mamlakatimizdagi siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga yangicha ruh va mazmun olib kirayotganidan dalolat beradi.

Ayni paytda bunday faol munosabat butun xalqimiz qatori yoshlarimiz bilan ham doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yib, fikr va istaklarini eshitayotganimiz, barcha dastur va rejalarimizni amalga oshirishda o‘g‘il-qizlarimizni keng jalb etib, ularga ishonch bildirayotganimiz natijasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi”, deyiladi tabrikda.

Qayd etilishicha, o‘tgan davrda yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – vertikal boshqaruv tizimi yaratildi. Barcha mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilib, bu vazifaga tashkilotchilik qobiliyatiga ega, tashabbuskor yigit-qizlar tanlab olindi. Mahallada bu tizim orqali yoshlarga 100 dan ortiq imkoniyatlar yaratildi. “Yoshlar daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, so‘nggi ikki yilda 798 ming nafarga yaqin yoshlarga qariyb 1 trillion so‘mlik yordamlar ko‘rsatildi. Jumladan, 53 ming nafar ehtiyojmand oilaga mansub talabaga o‘qish uchun kontrakt pullari to‘lab berildi.

Oliy ta’lim muassasalari soni salkam uch marta ko‘payib, 210 taga, qamrov darajasi esa 9 foizdan 38 foizga yetgani zamonaviy ilm va kasb sohalarini egallashda o‘g‘il-qizlarimiz uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Oxirgi uch yilda 250 ming nafar yoshga 6 trillion so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratildi. Mamlakat bo‘yicha 210 ta “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari” tashkil etilib, 4 trillion so‘mlik 2,5 mingta loyiha amalga oshirildi. Natijada, yosh tadbirkorlar soni 2 karra ko‘payib, 200 mingdan oshdi.

“Biz nafaqat yoshlarimiz, balki butun jamiyatimiz hayotini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilayotgan ana shunday ezgu ishlarimizni bundan buyon ham izchil davom ettiramiz. Shu borada yoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, siz, azizlarning salohiyat va iqtidoringizni rivojlantirish va ro‘yobga chiqarish uchun imkoniyat va sharoitlarni yanada kengaytiramiz.

Yurtimiz yoshlari yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, turli sohalarda dastlabki umidbaxsh natijalarni qo‘lga kiritayotgani albatta barchamizni xursand qiladi. O‘zbekistonlik o‘quvchilar o‘tgan yili xalqaro fan olimpiadalarida 7 ta oltin, 36 ta kumush va 38 ta bronza medalini qo‘lga kiritdilar. Yosh sportchilarimiz esa xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, bu yil 247 ta oltin, 119 ta kumush, 110 ta bronza medal sohibiga aylandilar. Keyingi yillarda Vatanimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ana shunday yoshlarning 758 nafari davlat mukofotlariga sazovor bo‘ldilar.

Albatta, biz aziz farzandlarimizning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirib, ularni yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqamiz. Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir. Siz, azizlarni bugungi yoshlik, baxt va nafosat ayyomi bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, ulkan yutuq va omadlar tilayman. Hech qachon unutmang, g‘alaba va baxt – astoydil intilganniki! Sizlarning yutug‘ingiz – bu butun el-yurtimizning yutug‘i. Xalqimiz sizlarga ishonadi, sizlarga tayanadi sizlardan kuch-g‘ayrat, ruh va ilhom oladi. O‘z oldingizga ulug‘ maqsadlar qo‘yib yashashdan aslo charchamang! Yangi O‘zbekistonni albatta sizlar bilan, butun mamlakatimiz yoshlari bilan birga barpo etamiz”, deyiladi tabrik matnida.

Bundan tashqari, mamlakatda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida o‘zining yuksak azm-u shijoati, ijodiy va intellektual salohiyati, iste’dod va qobiliyatini namoyon etib, halol va samarali mehnati, turli sohalarda erishgan yutuqlari bilan yurtimiz taraqqiyotiga, uning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan, vatanga mehri va sadoqati, namunali xulqi va odobi hamda vatanparvarlik fazilatlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘lib kelayotgan quyidagi tashabbuskor va yetakchi yoshlar “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi:

  • Mambetyarova Ulbosin Musatdin qizi – Qo‘ng‘irot tumani “Mingjarg‘an” mahalla fuqarolar yig‘inidagi yoshlar yetakchisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
  • Niyazimbetov Sherzod Kadirberdiyevich – Nukus tumanidagi Biogumus fermer xo‘jaligi boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi
  • Yo‘ldoshev Raximjon Rafukjon o‘g‘li – Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti agroinjyeneriya va gidromelioratsiya fakulteti dekanining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, Andijon viloyati
  • Ummataliyeva Moxlaroy Zokirjon qizi – Baliqchi tumanidagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi, Andijon viloyati
  • Gorev Petr Denisovich – Buxoro shahridagi “Buyuk ipak tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyati dizayneri, Buxoro viloyati
  • Yusupova Chinora Anvar qizi – Vobkent tumanidagi Chinar Mushroom tomorqa xizmat mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Buxoro viloyati
  • Nabiqulova Nafisa O‘ktam qizi – So‘g‘diyona-W professional futbol klubining ayollar jamoasi futbolchisi, Jizzax viloyati
  • Usmonova Madina Ulug‘bek qizi – Jizzax shahridagi Grand Super Star mas’uliyati cheklangan jamiyati kran mashinisti, Jizzax viloyati
  • Mansurova Zarina Anvar qizi – Qarshi tumanidagi 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabining informatika fani o‘qituvchisi, Qashqadaryo viloyati
  • Xaqberdiyev Abdumannon G‘afurovich – Muborak gazni qayta ishlash zavodining sex operatori, Qashqadaryo viloyati
  • Ravshanova Gulhayo Azamatovna – Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari
  • Raxmonov Suxrob Yusupovich – Navoiy shahridagi Bur Kompressor Navoiy mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Navoiy viloyati
  • Abdullayeva Zamira Muxtorjon qizi – Chortoq tumanidagi 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi, Namangan viloyati
  • Rafikov Jaxongir Raximjonovich – Namangan shahridagi Effortless Education Service nodavlat ta’lim muassasasining Start-21 o‘quv markazi rahbari, Namangan viloyati
  • Balikova Charos Norbek qizi – Shashka bo‘yicha O‘zbekiston milliy paralimpiya terma jamoasi a’zosi, Samarqand viloyati
  • Maxkamtosheva Marhabo Abduraxmon qizi – Samarqand davlat universitetining 2-bosqich talabasi, Samarqand viloyati
  • Boqiyeva Feruza Sherali qizi – “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatining “O‘zbekiston” lokomotiv deposi Afrosiyob yuqori tezyurar elektropoyezdi mashinisti yordamchisi, Sirdaryo viloyati
  • Toshbekov Jo‘rabek Abdumalik o‘g‘li – Sirdaryo tumanidagi Software-Developers-Group mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Sirdaryo viloyati
  • Abdumalikov Umidjon Abdumalik o‘g‘li – Termiz tumanidagi “Surxon Termiz Umid” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Surxondaryo viloyati
  • Ochildiyeva Dilnoza O‘tkir qizi – Qiziriq tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak rahbari, Surxondaryo viloyati
  • Abdullayev Ruslan Anvar o‘g‘li – Boks bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, Toshkent viloyati
  • Qiyomova Marjona Murodxo‘ja qizi – Parkent tumanidagi “Kumushkon” kutubxonasi rahbari, Toshkent viloyati
  • Ibroximov Jaxongirmirzo Ulug‘bek o‘g‘li – Marg‘ilon shahridagi “Muhandisona” mas’uliyati cheklangan jamiyati direktori, Farg‘ona viloyati
  • Turg‘unova Nodiraxon Abduraxim qizi – Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining 1-bosqich magistranti, Farg‘ona viloyati
  • Qalandarov Shohruhbek Mirzabek o‘g‘li – Xonqa tumanidagi “Xonqa chorva kapital” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari, Xorazm viloyati
  • Masharipova Guli Ra’no Ozodovna – Edu Action IELTS test markazining Xorazm viloyati bo‘yicha bosh koordinatori
  • Achilova Diyora Alisherovna – Toshkent pediatriya tibbiyot institutining xalqaro fakulteti yoshlar yetakchisi
  • Umirzakov Shahzod Baxtiyor o‘g‘li – Yunusobod tumanidagi Tass Vision mas’uliyati cheklangan jamiyati ta’sischisi, Toshkent shahri
  • Asqaraliyeva Mahliyoxon Akmaljon qizi – O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi
  • Jo‘raqulova Marjona Sadriddin qizi – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligining “Qizlar ovozi” klubi rahbari
  • Ikromova Taxmina Izatulloyevna – Gimnastika bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha sportchisi
  • Kadirov Azamat Azizovich – Uzbekistan airways aksiyadorlik jamiyatining Parvozlar xavfsizligi va sifat ta’minoti boshqarmasi A-320 havo kemasi uchuvchi-noziri
  • Muxsumov Javlonbek Xusniddin o‘g‘li – Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning xalqaro olimpiada zaxiralari markazi o‘qituvchisi
  • Raxmonova Nargizaxon Baxtiyorjon qizi – O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli artisti
  • Safarov Xudoynazar Sunnat o‘g‘li – “O‘zbekgeologiyaqidiruv” aksiyadorlik jamiyatining Zarafshon dala geologiya-qidiruv ekspeditsiyasi yerosti ishlari geologi
  • Usmanova Maftuna Anvarovna – Toshkent shahridagi “Sharoit plyus” nogironlar jamoat birlashmasining loyihalar koordinatori
  • Xamroyev Sardorbek Islom o‘g‘li – O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, yozuvchi
  • Elmurodova Nigina Baxtiyor qizi – Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining buyrak transplantatsiyasi va reabilitatsiyasi bo‘limi jarrohi.
Ko‘proq yangiliklar: