Range Rover Evoque 2023
Land Rover kompaniyasi Range Rover Evoque krossoverining 2023 yilgi versiyasini taqdim etdi.
Krossover dizayni yangilangan, texnik imkoniyatlari oshirilgan. Radiator panjarasi o‘zgarishga uchragan. Shuningdek, qo‘shimcha haq evaziga 21 dyuymli g‘ildiraklarga ega bo‘lish imkoniyati mavjud.
Mashina salonida 11,4 dyuymli multimedia tizimini boshqarish uchun displey o‘rnatilgan. U Pivi Pro 2 operatsion tizimida ishlaydi. Havoni tozalashning yangi tizimi — Cabin Air Purification Plus bilan ta’minlangan. Haydash rejimini o‘zgartirish dastagi ham yangilangan.
Range Rover Evoque 2023 Yevropa bozorida 4 ta versiyada taqdim etiladi: S, Dynamic SE, Dynamic HSE va Autobiography. Shuningdek, bir nechta gibrid komplektatsiyalisi ham bozorlardan joy oladi.
Avtomobil dvigatellari ham turlicha bo‘ladi. 1,5 litr hajmga ega benzinda harakatlanadigan turbodvigatel, shuningdek, 2 litr hajmga ega benzinli va dizelli dvigatellar. Krossover 40 ming 80 yevrodan sotuvga chiqqan.
Mushuk boqadigan robot
AQShning O Sitter startapi hayvonlarga egasi yo‘qligida qaraydigan aqlli robotni namoyish etdi. Qurilma o‘yinchoq, kuzatuv kamerasi va ovqatlanish idishidan iborat. Robot uy atrofida aylanib, ishda bo‘lganingizda mushukni kuzatib turishi mumkin. Agar mushuk ko‘rinmaydigan bo‘lsa, smartfoningizga bildirishnoma yuboradi va mushukni topish uchun robotni boshqa joyga ko‘chirish so‘raladi.
Ovqatlanish vaqti kelganida robot mushukka yaqinlashadi va 2,5 litr yegulik sig‘adigan idishni ochadi. Maxsus ilova orqali ovqatlanish vaqti va miqdorini belgilash mumkin. Robot enaga 199 dollar bilan sotuvga chiqarilgan.
Google o‘z foydalanuvchilariga pul to‘laydi
Google korporatsiyasi 2010 yilda Qo‘shma Shtatlar aholisi tomonidan qo‘zg‘atilgan jamoaviy da’voni kelishuv orqali hal qilishga rozi bo‘ldi va 23 million dollar tovon to‘laydi. Bu haqda SFGate xabar berdi.
Sud jarayonida IT giganti qidiruv so‘rovlari haqidagi ma’lumotlarni uchinchi tomonga berish orqali shaxsiy hayotni buzganlikda ayblangan.
2006 yil 25 oktyabrdan 2013 yil 30 sentabrgacha Google qidiruv tizimidan foydalangan har bir shaxs 31 iyulga qadar da’voga qo‘shilishi mumkin.
SFGate ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda bir nafar da’vogar uchun tovon miqdori taxminan 7,7 dollarni tashkil etadi. Buning sababi kompensatsiya puli advokat xizmati uchun to‘lov amalga oshirilganidan keyin, barcha ariza beruvchilar o‘rtasida teng qismlarga bo‘linishi kerak. Kompensatsiya 2023 yil oktabr oyidan to‘lanishi kutilmoqda.
AQShda sun’iy go‘sht sotuviga ruxsat berildi
AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi Upside Foods va Good Meat firmalariga madaniy go‘sht deb ataladigan mahsulotni ishlab chiqarishga ruxsat berdi. Natijada, AQSh Singapurdan keyin laboratoriyada yetishtirilgan go‘shtni sotishga ruxsat bergan ikkinchi davlatga aylandi. Upside Foods buni “orzular ro‘yobga chiqishi” va “yangi davrning boshlanishi” deb atadi.
Ikkala Amerika kompaniyasi ham tovuq go‘shti yetishtirish bilan shug‘ullanadi. U po‘lat konteynerlarda o‘stirilgan hayvon hujayralari namunasidan olinadi.
YouTube videolarni saralashda yana bir funksiyani qayta ishga tushirdi
YouTube’dagi kanallar videolarini “eng oxirgi”, “mashhur” saralash mezonlari orqali ko‘rish mumkin edi. Endilikda ular orasiga “Eng eski” funksiyasi yana qaytgan. Hozircha bu funksiya test rejimida ekanligi aytilmoqda. Katta kanallarda yuzlab videolar mavjudligini hisobga olsak, bu qulaylikni oshirishga xizmat qiladi.
Volvo EX30
Volvo kompaniyasi EX30 krossoverini taqdim etdi. Yangi model Volvo krossoverlari ichida eng tezkori hisoblanadi. Elektromobilning top komplektatsiyasi 100 km tezlik qayd etishi uchun 3,6 soniya kifoya qiladi.
Modelning bazaviy komplektatsiyasi 268 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Avtomobil batareyasi sig‘imi esa 54 kVt/soatni tashkil etadi. To‘la quvvat bilan 344 km masofa bosib o‘tish mumkin. Shuningdek, 69 kVt/soat sig‘imli batareyaga ega versiyada to‘la quvvat bilan 480 km masofa bosib o‘tish mumkin. Top komplektatsiya ikkita elektromotor bilan ta’minlangan, ular birgalikda jami 428 ot kuchini beradi.
Volvo EX30 modelining bazaviy komplektatsiyasi uchun 36 ming dollar narx belgilagan. Yetkazib berish 2024 yilga mo‘ljal qilingan.