Bosh qarorgohi Kaliforniya shtati Nyuark shaharchasida joylashgan Lucid Motor kompaniyasi unchalik uzoq tarixga ega emas. Kompaniya 2007 yilda tashkil topgan, 2021 yil oxiridan boshlab esa o‘ta hashamatli va samaradorligi yuqori bo‘lgan premium elektromobillarni ishlab chiqara boshlagan.
Lucid 2022 yilda 7200 ga yaqin avtomobil ishlab chiqargan. Kompaniyaning Arizonadagi zavodida 4 xil markadagi mashinalar yig‘iladi. Eng arzoni Air Pure – soliqlarsiz 87,4 ming dollardan boshlanadi.
Shuningdek, Air Touring (107 ming dollar, soliqlarsiz) va Air Grand Touring (138 ming dollardan boshlab, soliqlarsiz) modellari ham mavjud.
Elektromobilning asosiy samaradorligi – undagi batareya quvvatining uzoq masofaga yetishi, tez quvvatlanishi hamda avtomobilning tezlanishi, tezligida ko‘rinadi. Masalan, Lucid'ning eng arzon mashinasi 480 ot kuchiga ega, 15 daqiqada 200 mil (321 km) masofaga yetadigan quvvat oladi. To‘la quvvat bilan 660 km masofani bosib o‘ta oladi.
Air Sapphire – Lucid'ning 2023 yil sotuvga chiqishi kutilayotgan, ayni vaqtda buyurtmalar qabul qilinayotgan yangi modeli.
Narxi 250 ming dollardan boshlanuvchi bu premiumkar 1200 ot kuchiga ega, rasmiy relizga ko‘ra, 60 mil/soat (96 km/soat) tezlikka chiqishi uchun 2 soniya kifoya qiladi. Eng yuqori tezligi 200 mildan (321.89 km) oshadi.
Lucid'ning hamma modellari ovozli yordamchi, 360 gradus kamera, avtoparking, 3 ta displey va barcha elektron qulayliklarga ega.
AQShda istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik Jahongir Raimbekov ayni vaqtda Lucid kompaniyasining sotuv bo‘limida ishlaydi. Kun.uz muxbiri Amerikaga safari davomida hamyurtimiz bilan Lucid kompaniyasi haqida suhbatlashib, yangi avlod avtomobilini test-drayv qildi. Batafsil videoda ko‘rishingiz mumkin.
Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri
Montaj ustasi: Nuriddin Nursaidov