Prezident qarori bilan jismoniy shaxslar va tadbirkorlarga vaqtincha soliqlardan yengilliklar berilyapti. O‘zgarishlarni Davlat soliq qo‘mitasi matbuot kotibi Dildora Hoshimova tushuntirib berdi.
—Jismoniy shaxslarning vaqtida to‘lanmagan yer va mol-mulk soliqlari penyalari hisobdan chiqarilyapti. O‘zi hisobdan chiqarish nima degani? Fuqarolarga qanday yengilliklar beradi?
— Jismoniy shaxslarning egaligida yer uchastkasi bo‘lsa, ular yer va mol-mulk solig‘i to‘lovchisi, ko‘p qavatli uyda turuvchilar esa faqat mol-mulk solig‘i to‘lovchisi hisoblanadi. Bu soliqlar yillik hisoblab chiqariladi. O‘zi Soliq kodeksida soliqlar teng ikkiga bo‘lib, 15 aprel va 15 oktyabrda to‘lanishi belgilab qo‘yilgan. Penya — kechiktirilgan kun uchun jarima. Bu faqat yer va mol-mulk solig‘i uchun emas, balki barcha turdagi soliq turlari va jarimalar bo‘yicha, ya’ni ular muddatida to‘lanmagan bo‘lsa keyingi kunidan boshlab har bir kechiktirilgan kun uchun penya to‘lanadi.
Qaror qanday yengillik beradi? Soliq to‘lovchilar belgilangan muddatda soliqlarni to‘lamay, kechiktirib to‘lagan bo‘lsa, ularga penya yozilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga asosan hozirda 4 mln 400 ga yaqin fuqarolarimizda 553 mlrd so‘mlik penya hisoblangan. Bunda mana shu penyalar hisobdan chiqariladi. E’tibor berish kerak, soliqlar emas, yer va mol-mulk solig‘i belgilangan davr uchun to‘lanmagan soliqlar soliq to‘lovchining hisob-varag‘ida qoladi, faqat kechiktirib to‘langani uchun penyalar 2023 yil 1 iyungacha, ya’ni eski davrlar, bu 2019 yil bo‘ladimi, 2020, 2021 yil bo‘ladimi, kechiktirib to‘langan soliqlar uchun penyalar barchasi hisobdan chiqariladi.
Jismoniy shaxs qayergadir murojaat qilishi kerakmi, degan savollar ham berilyapti. Yo‘q, penyalarni bekor qilish bo‘yicha jismoniy shaxs hech qayerga murojaat qilmaydi. Soliq organi avtomatik dasturidan har bir soliq to‘lovchining hisob-raqamidan penyalar uchun hisoblangan summa o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. Soliq organi 2 hafta muddatda avtomatik tarzda penyalarni o‘chiradi. Aytganimdek, yer va mol-mulk soliqlari o‘z o‘rnida qoladi.
— Bu shu vaqtgacha penyalarni to‘laganlarga ta’sir qilmaydi, to‘lamaganlarning penyalari hisobdan chiqariladi, shunaqami?
Shu paytgacha to‘lab qo‘yganlarniki qaror 2023 yil 1 iyundan deb chiqqani uchun mana bugun 20 iyun, mana shu muddat oralig‘ida eski davrlarga penyalarni to‘lagan shaxslar bo‘lsa, ularga mablag‘ qaytarib berilishi mumkin. Shu kungacha hisoblab qo‘ygan penyalarning 2023 yil 1 iyungachasini soliq organi o‘zi avtomatik hisobdan chiqaradi, 2023 yil 1 iyundan shu kungacha qarorni eshitmasdan to‘lab qo‘yganlar ariza yozib qaytarib olishi mumkin.
— Qaytarib olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?
— Jismoniy shaxs o‘zi ro‘yxatdan o‘tgan tuman soliq inspeksiyasiga ariza bilan murojaat qilishi kerak bo‘ladi. Bunda ortiqcha to‘langan penyalar bo‘lsa, qaytarib berishingizni so‘rayman deb ariza yozib, plastik kartasi raqamlarini yozishi kerak bo‘ladi. Yoki soliq to‘lovchi ortiqcha to‘langan mablag‘ni boshqa turdagi soliqqa yoki kelgusidagi to‘lovga o‘tkazib yuborishi ham mumkin murojaat orqali.
— Prezident qarorida yakka tartibdagi tadbirkorlarga ham daromad va ijtimoiy soliqlardan yengillik berilishi nazarda tutilgan. Shu haqida ham gapirib bersangiz.
— Aniqlashtirib o‘tishimiz kerak, ya’ni qaysi yakka tartibdagi tadbirkorlarga? Bu yengillik qat’iy belgilangan summada soliq to‘laydigan, iqtisodiy qiyinchilikka uchragan, 6 oy davomida ishlamayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan qo‘llanadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, hozir faoliyat yuritayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarimiz 240 mingdan oshiq. Aylanma mablag‘i 1 mlrddan oshganlari foyda solig‘i va qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lovchilari hisoblanadi. Jismoniy shaxslarning qat’iy belgilangan miqdorda daromad solig‘i to‘lovchilar bor (ularni oddiy tilda qat’iy belgilangan soliq to‘lovchilar deb ataymiz). Lekin mablag‘ini to‘liq hisob-kitob qilmasdan, qat’iy belgilangan miqdorda daromad solig‘i va ijtimoiy soliq to‘lovchi tadbirkorlarimiz ham bor. Hozirda hisob-kitoblarga ko‘ra, bunday tadbirkorlar soni 300 mingdan oshiq. Mana shu turdagi yakka tartibdagi tadbirkorlarning qat’iy belgilangan soliqlari, ijtimoiy soliqlari, jarima va penyalari 300 mlrddan oshiq summani tashkil etyapti. Bularning ichida faoliyatini tugatgan tadbirkorlar ham bor, lekin soliqlari to‘lanmay qolgan. Qiyinchilikka uchragani uchun vaqtincha faoliyatini to‘xtatganlar ham bor.
Faoliyatini butunlay yakunlagan YaTTlarning barcha soliqlari, soliqdan qarzdorliklari, jarima va penyalari tozalanadi, vaqtincha faoliyatini to‘xtatganlarga esa imkoniyat bo‘lyapti. 6 oydan beri soliqlar va jarimalarni to‘lolmay, faoliyatini to‘xtatganlarning soliqlaridan kechiladi. Qanaqa jarimalar bo‘lishidan qat’i nazar va qanaqa soliq qarzdorligi bo‘lsa ulardan ham kechiladi. Qat’iy belgilangan soliqdan, ijtimoiy soliqdan qarzi va soliq qarzdorligidan kechiladi.
— Xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha qanday imtiyozlar berilyapti?
2023 yil 1 iyun holatiga xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha muddati o‘tgan debitor qarzdorligi uchun qo‘llanilgan jarimalar summasi hisobdan chiqarildi. Shuningdek, ushbu jarimalarni undirish bilan bog‘liq sud va ijro ishlari tugatilishi belgilandi.
Bundan tashqari, mazkur qaror qabul qilingan kunda mavjud bo‘lgan barcha muddati o‘tgan debitor qarzdorliklarning yuzaga kelish sanasi 1 iyundan boshlab qaytadan hisoblanishi belgilandi.
— Jismoniy shaxslarga yana bir imtiyoz nazarda tutilgan: yer-uchastkalaridan hujjatsiz foydalanayotgan fuqarolarga oshirilgan soliq stavkalarini qo‘llash vaqtincha to‘xtatib turilyapti. Bunda qanday yengilliklar beriladi? Aniq muddati belgilanganmi?
— Oshirilgan soliq stavkalari masalasi jismoniy shaxslar tomonidan ko‘p ko‘tarildi. Bundan oldin ham bu bo‘yicha ko‘p yengilliklar berildi. Bilamizki, yer uchastkalari yo hokimning qarori bilan, yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan egalik huquqi beriladi. Yo davlat tomonidan ijara huquqi beriladi yoki doimiy foydalanishga beriladi va davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi, ya’ni kadastr qilinadi. Lekin jismoniy shaxslarda kadastr hujjatlari borligini jismoniy shaxslar yerga nisbatan hujjat bor deb hisoblashadi. Yo‘q, kadastr hujjati qilinganda yer maydoni o‘lchab berilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi degani. Lekin egalik huquqi degan joyiga “hujjatsiz” deb belgilanadi. Yoki umumiy maydonning qanchadir qismiga hujjat bor-u, qanchadir qismiga hujjat yo‘q deyiladi. O‘sha hujjat bor qismiga 1 barobar soliq stavkasi, hujjatciz yerlarga esa 3 karra miqdordagi soliq stavkasi qo‘llanardi. Bu amaliyot 2020 yil 1 yanvardan amaliyotga tatbiq etib kelingan. Jismoniy shaxslarga 2 marta yer uchastkasini kadastr qilish uchun muddat berildi.
Berilayotgan yengillik ham faqat turar joylarga, noturar joylarga emas. Muddat masalasiga kelsak, bu qonun bilan Soliq kodeksiga kiritilishi kerak, hali deputatlar muhokamasida. Bir qarorga kelingach, belgilangan muddat bo‘yicha ortiqcha to‘lovlar hisoblanadi.
Hozirgi hisob-kitoblarga ko‘ra, 2,5 mln yer uchastkasi hujjatsiz ekani aniqlangan. Ularning 3 barobar hisoblangan soliq summasi esa 2,4 trln so‘m. Aytganimdek, qaysi muddatdan qaytarilishi qonunchilikka o‘zgartirish kiritilgach, aniq bo‘ladi. Bu bo‘yicha savollarga shundan keyin javob berish mumkin bo‘ladi. Lekin bir narsani aniq aytishim mumkin, 2024 yil 1 iyunga qadar 3 barobar oshirilgan soliq stavkasi to‘xtatib turiladi. Bu ham yana bir imkoniyat: kadastr hujjatlarini to‘g‘rilab, egalik huquqini rasmiylashtirib qo‘ysa bo‘ladi fuqarolar.
— Fermer xo‘jaliklari uchun suv solig‘i bo‘yicha ayrim yengilliklar berilyapti. Shu haqida ham to‘xtalsak.
— Fermer xo‘jaliklariga suv solig‘i bo‘yicha berilayotgan imtiyoz haqida gapirsak. O‘zi soliq to‘g‘risidagi kodeksda shunday imkoniyatlar bor. Agar fermer ariza bilan murojaat qilsa, 6 oydan 1 yil muddatgacha bo‘lib to‘lash imkoniyati beriladi. Yer va mol-mulk soliqlari mahalliy hokimliklar tomonidan qaror orqali amalga oshirilar edi va bo‘lib berilgan davr uchun ham foizlar hisoblanar edi.
Kuni kechagi prezident qaroridan so‘ng fermerlar ariza bilan murojaat qilishlari kerak bo‘ladi. Hozir 51 mingdan oshiq fermer xo‘jaliklarida jami 232 mlrd so‘mlik suv solig‘idan qarzdorliklari aniqlandi. Qaror asosida hech qanday foizlarsiz 6 oydan 1 yil muddatgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lashlari mumkin.
— E-Aktiv tizimiga tadbirkorlik sub’yektlarini majburan jalb qilish muddati yana uzaytirildi. Oldin ham shunday uzaytirishlar bo‘lgandi. Shu haqida gaplashsak.
— E-Aktiv tizimi yashirin iqtisodiyotga kurashish, soliq tekshiruvlarini kamaytirish, masofadan nazorat qilishning bir yo‘li sifatida kiritilgan edi. Hozirgacha tizimga kiritish kechiktirilayotganiga sabab ko‘p tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan asosiy vositalarni kiritishda, har bir mahsulotga identifikatsiya kodlari berishda qiyinchilik bo‘lyapti. Bundan tashqari, buxgalteriya hisoblari bo‘yicha dasturlarga integratsiya qilingan bu tizim. Dasturni ixtiyoriy ravishda ishlatayotganlar ham ko‘p, shuning uchun hech kim foydalanmayapti deyolmaymiz.
E-Aktiv’ga majburiy jalb qilish 2023 yil 1 martgacha uzaytirilgan edi. Endi esa prezident qarori bilan muddat yana uzaytirildi. Ixtiyoriy ravishda ishlatayotganlar ham ishlataveradi, dasturni ishlatmayotganlarga esa jarima solinmaydi.
— Issiqxona faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga daromad solig‘i qaytarib beriladigan bo‘lyapti. Bu imtiyoz qachongacha amal qiladi? Adashmasam, bu imtiyozdan foydalanish uchun ham ayrim shartlar bor.
— Qarorga ko‘ra, daromad solig‘ini qaytarib berish uchun avvalo, issiqxona maydoni 25 sotixdan ortiq bo‘lishi kerak va har 5 sotixiga bittadan rasmiy ravishda ishchi olingan bo‘lishi kerak. O‘sha ishchilarga eng kam oylik ish haqidan kam maosh bermayotgan bo‘lishi lozim. Shunday holatda elektron ariza bilan murojaat qiladi tadbirkor va soliq organi 12 foizlik daromad solig‘ini qaytarib beradi.
Shunga o‘xshash tartib ishlayotgandi, ya’ni 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga olgan tadbirkorlar 15 foizlik ijtimoiy soliqni qaytarib olishi mumkin. Bunda me’yorga ko‘ra, xodimga kamida 6 oylik ish haqi to‘lab kelinayotgan bo‘lishi kerak. Bu degani shuki, agar issiqxona bilan shug‘ullanuvchi tadbirkor 25 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni ishga olgan bo‘lsa, ham daromad solig‘ini, ham ijtimoiy soliqni qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Bu imtiyozning muddati 2023 yil 1 iyuldan 2024 yil 1 iyulgacha, ya’ni bir yillik muddatga berilyapti. Buning tartiblari ishlab chiqiladi va e’lon qilamiz.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operator va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov