“Muvozanat” – muvozanatda yashashga undovchi asar

Jamiyat 16:38 / 18.06.2023 33004

Ruhni ham, jismni ham ozuqasiz qoldirib bo‘lmaydi. Insonda umumiy ikki katta ehtiyoj mavjud. Bular – ma’naviy va moddiy ehtiyoj. Har ikkisining o‘rni, darajasi va ahamiyati hammamizning hayotimizda katta rol o‘ynaydi. Ba’zan moddiyat ketidan quvib, tirikchilik dardida yurib o‘zimizda ma’naviy bo‘shliq paydo qilib qo‘yamiz. Bu tomondan uzilib qolamiz. Aksi holatda esa ruhiy quvvatimiz bo‘lmish ma’naviy ozuqaga sho‘ng‘ib ketib, moddiy tomondan oqsaymiz. Bu ehtiyojlar ipi uchlarini tutashtirish kishidan katta mehnat talab qiladi. Ikkisi o‘rtasidagi muvozanatni ushlab turish har doim ham qo‘limizdan kelavermaydi. Bu mashaqqat.

Zamonaviy o‘zbek adabiyotining taniqli vakillaridan biri Ulug‘bek Hamdam o‘zining “Muvozanat” asarida ayni shu mavzuni ko‘targan. Asardagi mavzu va muammolar asriy masalalardir. Har qachonga, har kimga, har davrga tegishli muammolar. Bosh qahramon Yusuf qiyinchiliklar bilan bo‘lsa-da, oltin o‘rtaliqni, ya’ni ehtiyojlar o‘rtasidagi muvozanatni topa oladi.

Syujyet:

Tarix fakultetida o‘qigan Yusuf mana 35 yoshga kiradi hamki, hali hech narsa orttirolgani, biror arzirli ish boshlayolgani yo‘q. Bir o‘g‘ilchasi va ayoli bilan ijarama-ijara shaharda yashaydi. Haftasiga bir-ikki kun universitetda dars berib kelishini aytmasa, deyarli bekorchi. Qishloqqa, ota-onasiga biror narsa ko‘tarib borishga-da qurbi yetmaydi.

O‘zbekiston yangi mustaqil bo‘lgan davrlar... hamma tizimda muammolar yetarlicha, kambag‘allar qashshoqlashgan, o‘rta hollar kambag‘allashgan. Olimlar, ilmparvarlar, ma’rifat sohasidagilar bir chetga surilib, hamma qorin dardiga tushgan, moddiy ehtiyoj yuqori darajaga chiqqan chog‘lar.

Yusuf bilan birga o‘qigan Said va Mirazim allaqachonlar o‘z yo‘llarini topib ketgan. Mirazim savdoda mamlakatdagi yirik savdogarga aylangan bo‘lsa, Said katta bir amaldorning qiziga uylanib, o‘zi ham mansab cho‘qqisi tomon yuqorilagandan yuqorilaydi. Yusuf esa har ikkisiga qiziqmadi. Savdoga unda iqtidor, mansabga esa qiziqish, xohish yetishmadi. U ilm odami edi. Ammo ilm uning davriga kelib qadrsizlandi. Qorin-qursoq birinchi darajada turadigan bo‘ldi.

Nochorlikdan ko‘chada qolishga majbur bo‘lgan Yusufni ayoli tashlab, qishloqqa ketib qoldi. Boshi berk ko‘chada qolgan, ammo qanday bo‘lmasin yo‘l topib chiqishga majbur bo‘lgan yigit o‘zini har sohaga urib ko‘rdi. Ustachilig-u savdogarlik bilan shug‘ullandi. Ilmdan voz kechmaslik barobarida moddiy jihatdan ham o‘zini o‘nglab olishga tirishdi. Yusufning qishloqqa ketgan bir yarim yoshli o‘g‘ilchasi doktorlarning ochko‘zligi, e’tiborsizligi, ma’naviy qashshoqligi sabab olamdan o‘tdi.

Bu orada Mirazim kasod bo‘ldi, Said amaldan tushdi. Yusuf esa ancha o‘zini tiklab oldi. Zamon ham asta muvozanatini tiklay boshlagan edi. Olimlar, ilm-fan odamlari qattiq silkinishdan so‘ng o‘ziga kelayotgandi.

Tahlil:

Asar bizga ham insonning ichki muvozanati, ham davr munosabati haqida so‘zlaydi. Xalqning yashash sharoitida, o‘zini muvozanatda saqlab turolishida davrning muvozanati katta ahamiyatga ega. Zamon to‘s-to‘polon, og‘ishgan holatda bo‘lsa xalq qanday qilib qaddini bir maromda tik tutib tura olsin? Shu kabi mustaqillik yillarida xalq hayoti bir qadar izdan chiqqan, tizimlar yangilangan, siyosat to‘g‘ri yo‘lni izlayotgan holatda edi. Bu albatta xalqning, insonlarning yashash tarziga anchagina ta’sir o‘tkazdi.

Bunday chog‘larda Said kabilar o‘z yo‘lini, Mirazim kabilar o‘z sohasini topib ketdilar. Yusuflar kabi oltin o‘rtalikni, muvozanatni tutishga intilganlar ham talaygina edi.

Asarda Yusufning akasi bo‘lmish Amir ham katta o‘ringa ega. U dunyodan yuz o‘girib, oxirat tashvishiga tushgan obraz sifatida gavdalanadi. Yusuf, Amir, otalari Odil aka suhbatlari orqali dinda ham muvozanat mavjudligini anglashimiz mumkin.

Amir namoz, ibodatga berilib ketib, oila, ro‘zg‘or ishlariga umuman e’tibor bermay, ishlamay qo‘ydi. Erlik, otalik, o‘g‘illik vazifalarini, qo‘yingki, bor dunyoni bir chetga qo‘ydi. Vaholanki, oilani ta’minlash, ayoliga e’tibor berish, ota-onaga ko‘maklashish singari oliyjanob vazifalar ham ibodat sanaladi. Faqat ibodat qilish, ro‘za tutib, chilla saqlasa-yu bu yoqda oila boquvchisiz och o‘tirsa, ota-onaning dili og‘risa, asl muvozanat buzilmaydimi?

Aynan shu narsalarni Yusuf akasiga tushuntirmoqchi bo‘ldi. Harakat qildi. Ammo aka ukani namoz o‘qimaslikda ayblab, quloq solmadi. Oxirgi taqdiri esa fojiali yakunlandi. Bu orqali dindagi muvozanat uzilishining oqibatlari ko‘rsatilgan.

Mirazimning ayoli Zahro orqali ayollarning ruhiy holati, ularning ehtiyoji, ruhiy muvozanati ko‘rsatib berilgan. Mirazim boy. Zahroning hech narsadan kamchiligi yo‘q, istagani muhayyo. Qo‘lini sovuq suvga urmaydi. Ammo u zerikishdan zerikkan. Oltin qafasdagi qushga o‘xshaydi. Unga “havo” kerak. Ko‘plab erkaklar bor: “hamma narsa yetarli, nima qilasan ishlab, ayolni joyi uyda”, deya ayolini ishlatmaydi. Ammo ayolga yetmayotgan boshqa narsalar borligini bilmaydi.

Ayolga erkinlik kerak, jamiyat kerak, fikrlarini eshitadigan insonlar kerak, odamlar orasidagi o‘z o‘rni kerak. Uydagi yaltiroq jonsiz narsa-buyumlar emas, jonli dildosh darkor unga. Zahro diplomini chang bostirib tashlab qo‘yish uchun o‘qimagandi. Ammo shunday bo‘ldi. Oqibatda, uning ruhiyati tobora halokatga qarab ketdi.

Yusuf ancha vaqt muvozanatni izladi. Unga eng alam qilgani esa o‘g‘lining o‘limi bo‘ldi. Qancha azob tortmasin, qancha sarson bo‘lmasin o‘zligidan voz kechmadi, g‘ururini toptamadi, haromga qo‘l urmadi. Har doim moddiy, ma’naviy, diniy muvozanatni tutishga harakat qildi. Bunga erishdiyam.

Hayotimiz muvozanatdan iborat. Oilaviy munosabatlarda, ko‘chadagi muomalada, ishdagi muloqotlarda, boringki, har bir qadamimizda oltin o‘rtalikni tutishga urinamiz. Inson moddiyatga ruju qo‘yib ma’naviy, ruhiy ozuqasini qismasligi yoki aksincha, ma’naviy hayotga sho‘ng‘ib moddiy ta’minotni izdan chiqarmasligi lozim. Har bir narsada me’yor yaxshi...

Ko‘proq yangiliklar: