Gvardiola buni uddaladi. «Siti»ning tarixiy natijasi qanday ro‘y berdi?

Sport 12:10 / 11.06.2023 28677

2005 yil aks-sadosi

18 yil muqaddam Istanbuldagi «Otaturk» stadionida futbol muxlislari sonini karrasiga oshirgan o‘yin bo‘lib o‘tgandi. Chempionlar ligasining har bir finali ham yodda qolarli kechmaydi, ammo o‘shanda «Liverpul» va «Milan» o‘rtasida voqealarga boy bo‘lgan quvlashmachoq (3:3) asr o‘yiniga aylangandi.

Shanba kuni Yevropa va Osiyo tutashgan nuqtada yana Angliya va Italiya jamoalari maydonga chiqib kelishdi. Ko‘pchilik bu safargi o‘yinda o‘sha finalning davomi bo‘lishini kutmayotgandi: «Manchester Siti» yaqqol favorit edi va ko‘pchilik aynan shu jamoa osonlik bilan g‘alaba qozonishini bashorat qilayotgandi. Lekin 2005 yilda ham turli darajadagi jamoalar to‘qnashgandi — «Liverpul» o‘shanda «Everton»ni bazo‘r ortda qoldirib, APLda beshinchi o‘rinni egallagan, «Milan» esa A seriyada ikkinchi jamoa edi.

Qora-ko‘k armada

So‘nggi haftalarda hamma joyda «Manchester Siti» Angliyaning bir mavsumda uchta asosiy sovrinni qo‘lga kiritib, trebl qayd etadigan ikkinchi jamoasiga aylanishi mumkinligi haqida gapirishdi. Gvardiola jamoasi chempionat va Angliya Kubogida g‘olib bo‘lgandi, Chempionlar ligasi esa ko‘p yildan buyon «Siti» yasayotgan pazzldagi yetishmayotgan element bo‘lib qolayotgandi. Qolaversa, Pepda individual motivatsiya bor edi: kataloniyalik mutaxassis «Barselona»dan ketganidan keyin asosiy yevrokubokda «Bavariya» bilan ham, hozirgi jamoasi bilan ham g‘alaba qozona olmayotgandi.

«Inter»ning final oldidagi ambitsiyalari qandaydir sust ko‘rinardi. Milanliklar ichki chempionatda bazo‘r Chempionlar ligasining keyingi mavsumi uchun yo‘llanmani kafolatladi va ko‘p parametrlarga ko‘ra «Siti»dan kuchsizroq edi. Ammo qora-ko‘klarning muxlislari oldindan mag‘lubiyatga rozi emasdi. Aksincha, Istanbulda ular oldindan toj kiydirilgan raqib muxlislaridan jonliroq ekanini namoyish etishdi.

«Inter»ning Turkiyaning eng yirik shahriga kelgan muxlislari ham ikki-uch barobar ko‘proqligi ko‘chalarda ko‘rinib turardi. Shu bilan birga, «Siti» fanatlari ham kam emasdi, ular shunchaki ma’lum lokatsiyalarda to‘planishgan va shaharning diqqatga sazovor joylarini aylanishga chiqishmagandi. 

Italyan fanatlar g‘alabasi

O‘yin boshlanishiga uch soat qolganidayoq «Inter» fanatlari sektori deyarli to‘lib bo‘lgandi. Albatta, bu ko‘p jihatdan o‘tgan yil ikki klub fan zonalarini stadionga yaqin joylashtirgan UYeFA bu xatoni takrorlashdan qochishi bilan bog‘liq edi. Ammo inglizlar jamoasi muxlislari ham stadionga oshiqishmadi va bunga afsuslanishdi.

«Otaturk» stadioniga erta yetib kelgan «Inter» fanatlari oldindan ovozlarini sozlay boshlashdi — natijada ular juda ko‘pdek, ular qo‘rqinchliroq va kuchliroqdek tasavvur hosil qilindi. Sening jamoang — yaqqol autsayder bo‘lgan holatda bunday yondashuv katta foyda beradi. «Inter»ning ultrasi barcha jabhada ustun edi: ular rang-barang perfomans tayyorlashdi, bir xildagi maxsus futbolkalar kiyishgandi, 90 daqiqa davomida bayroqlarini hilpiratishdi va jo‘r bo‘lib qo‘shiq kuylashdi. Fanatlar jangida «Siti» barcha jihatdan yutqazdi.

«Shaharliklar»ning asabiylashishi

Ko‘pchilik «Manchester Siti» «Inter»ni o‘z pressingi bilan qiynab tashlashi va «Real» bilan o‘yinda bo‘lgani kabi ilk daqiqalardan vaziyatlar yaratishga kiritishini prognoz qilgandi. Umuman hech kim «neradzurri»ni Chempionlar ligasining bu mavsumida g‘olib bo‘lish uchun da’vogar deb hisoblamayotgandi, ammo Simone Indzagi shogirdlari Istanbuldagi o‘yinda haqiqatni isbotladi: finalga tasodifan yetib kelishmaydi. «Inter» ham pressing qilishga va darvozabon Onana bilan o‘ynash orqali raqib bosimini samarali barbod qilishga tayyorlangani ma’lum bo‘ldi. A Seriyaning uchinchi jamoasi maydon markazida Angliya chempionlarini yaxshi kutib olishardi. Barella hujumdagi Jyeko va Martines bilan pressingda ishtirok etish uchun oldinga ko‘tarilganida himoya chizig‘idan Dimarko oldinroqqa o‘tar va uning zonasini yopib, «shaharliklar» yarimhimoyachilari De Bryuyne yoki Gundo‘g‘anga erkin harakatlanishga imkon bermasdi. Gvardiola jamoasi esa odatdagidan farqli o‘laroq o‘ziga ishonchi baland ko‘rinmasdi. Jamoa raqibning tezkor qarshi hujumlarini o‘tkazib yuborishdan cho‘chiyotgandek ko‘rinardi.

Birinchi bo‘limda «Manchester Siti»ning o‘yini chiqmagani tinim bilmas tifozi ta’sirida bo‘ldi, degan xulosaga kelish noto‘g‘ri. Ayrim vaqtlarda «shaharliklar»ni tanib bo‘lmasdi: ular sekin harakatlanar, to‘pni ortiqcha ushlab qolishar va noo‘rin joylarga uzatmalar berishardi. Ederson esa barchadan ko‘proq asabiylashayotgandek ko‘rindi — ayrim epizodlarda u ishonchsiz harakat qildi va bir safar u to‘pni uzatishga xatoga yo‘l qo‘yganida Barella to‘pni uning ustidan oshirib darvozaga joylab qo‘yishi ham mumkin edi.

Gvardiola o‘ziga bog‘liq barcha ishni to‘g‘ri qilgandi: u «Inter»ga qarshi Stounsni tayanch zonasiga shunchaki joylashtirmasdan, uni amalda «sakkizlik»ka aylantirdi, xususan, pozitsion hujum vaqtida ushbu markaziy himoyachi hatto Rodridan oldinroqda joylashardi. Bu sxemani maydon markazidagi barchaga tanish rombga aylanish deb atash mumkin, ammo bunda rombning uch burchagi markaziy himoyachilardan iborat edi.

Bunda mantiq ham bor edi: futbolchilarning bunday joylashuvi «Inter»ning zich himoyasini tavakkal qilishga, himoyachilardan kimnidir oldinga chiqib ketishga undardi. Boshqa so‘z bilan aytganda, Pep yaxshi narsani o‘ylagandi, ammo ijro o‘xshamadi.

Agar futbolni odamlar emas, robotlar o‘ynashganida Gvardiola hamisha g‘alaba qozonadigan jamoa yaratgan bo‘lardi. Ammo inson omili hatto «Siti» futbolchilari kabi dominatorlarga ham ta’sir qilishi mumkin.

Yodda tutish muhim: «Inter» birinchi bo‘limda raqibdan yaxshiroq ko‘rinmadi, ammo «Inter» birinchi bo‘limda kutilganidan ancha yaxshiroq o‘ynadi.

Barcha boshqa omillarga ko‘z yumilsa, «Siti», albatta, tanaffusga qadar hujumda faolroq o‘ynadi: Bernardu Silva, Holand va De Bryuyne yaxshi vaziyatlarga ega bo‘lishdi. Ammo britanlar jamoasi gol ura olmadi, jamoaning belgiyalik yetakchisi esa ikki yil oldin «Chelsi»ga qarshi YeChL finalida bo‘lgani kabi jarohat olib maydonni tark etdi. Bu esa «Siti» futbolchilari kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.

Italiyaliklar raqibning asosiy hujumchisi Erling Holandni ham yaxshi qo‘riqlashdi. Norvegiyalik hujumchi birinchi bo‘lim davomida to‘pga to‘qqiz bor tegindi, shundan faqat ikkitasi jarima maydoni ichida. U o‘zida tug‘ilgan yagona imkoniyatdan foydalana olmadi va yo‘llagan zarbasi to‘g‘ri pozitsiya tanlagan Onanaga tegdi. 45 daqiqadan keyin zarbalar soni bo‘yicha hisob 4:4, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar soni bo‘yicha 2:1 ko‘rinishida bo‘ldi («Siti» foydasiga). Bu o‘yin teng kurash ostida kechayotganini anglatardi.

«Inter» o‘yinni keskinlashtirishi va gol o‘tkazishi

Ikkinchi bo‘lim boshida ham ko‘p narsa o‘zgarishsiz qoldi: «Siti» himoyalanishda asabiylashar, hujumlarda ancha ehtiyotkorlik bilan harakatlanardi, «Inter» esa xuddi bu finalda g‘olib chiqishiga ko‘zi yetmayotgandek ko‘rinardi. Ammo 59-daqiqada ko‘p narsa o‘zgardi: Bernardu va Akanji o‘z jarima maydoniga yaqin hududda to‘p yo‘qotishdi, ammo Ederson Lautaroning zarbasini bartaraf eta oldi.

Shundan keyin «Siti» nihoyat jonlandi va gol urdi. O‘z uslubida bo‘lmasa ham — nafislik bilan emas yoki Holandga uzatma orqali emas — ammo urdi. Kutilmagan inson kecha qahramoniga aylandi: tayanch yarimhimoyachisi Rodri hujumning ikkinchi tempida jarima maydoni tashqarisidan turib aniq zarba yo‘lladi.

Ammo «Inter» shu zahoti javob qaytarishiga bir baxya qoldi, «Siti» futbolchilari jarima maydoni ichida yana juda yomon harakat qilishdi va Dimarkoga bosh bilan zarba yo‘llashga qo‘yib berishdi, italiyalik himoyachining zarbasi to‘sindan qaytdi, uning keyingi zarbasi yo‘liga Lukaku turib qoldi. Bu vaziyatda inglizlarning omadi keldi.

Keyingi vaziyatda Foden darvozabon bilan yakkama-yakka chiqib, gol ura olmadi va «Inter» o‘yinda qoldi: milanliklar nihoyat ochildi va katta kuch bilan hujumga o‘ta boshlashdi. Lukaku ham golga juda yaqin keldi — belgiyalik forvard to‘pni shunchaki burchakka yo‘llashi kerak edi, ammo uning zarbasi Edersonning oyoqlariga bordi. Golni nishonlash uchun zaxira o‘rindig‘idan yugurib chiqqan jamoadoshlari boshni changallagancha ortga qaytishdi.

O‘yin oxirlagani sari «Siti» muxlislarining ovozi balandroq chiqa boshladi, «Inter» fanatlari esa jimib qolishdi va shunchaki mo‘jiza kuta boshlashdi. Ammo bu ro‘y bermadi: so‘nggi soniyalarda Ederson o‘z jamoasini yana qutqardi va tarixdagi ilk Chempionlar ligasi g‘olibligini ta’minladi.

«Shaharliklar» zarbalar soni bo‘yicha ortda qolganiga qaramay (7:14, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar – 4:6) bosh sovringa ega chiqishdi, Holand esa gol ura olmadi va o‘yinni raqib jarima maydoni ichida to‘pga ikki bor teginish bilan yakunladi.

«Manchester Siti» baribir trebl qayd etdi, Gvardiola esa — asosiy yevrokubokni Messisiz ham qo‘lga kirita olishini isbotladi.

Ko‘proq yangiliklar: