Poytaxtning Yunusobod tumani Shayx Shibliy mahallasi aholisining tarmoqlarda tarqalgan videomurojaatida 70 yil davomida yuqumli kasalliklarga qarshi vaksina va zardoblar ishlab chiqarilgan ilmiy-tadqiqot instituti o‘rnida ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilishi boshlangani, bu hududda emdorilar sinab ko‘rilgan hayvonlarning jasadi ko‘milgani, ayrim infeksiya qo‘zg‘atuvchi sporalar o‘lmasligi va 100 yilgacha saqlanib qolishi, shu sababdan ham hududni kovlash mumkin emasligi aytilgandi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur masala jamoatchilik o‘rtasida rezonansga sabab bo‘ldi. Shundan so‘ng mutaxassis-ekspertlardan iborat ishchi guruh tuzilib, ular tomonidan Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot institutining hududi o‘rganilgan. O‘rganish davomida Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti hududidan o‘ta xavfli yuqumli infeksiyalar qo‘zg‘atuvchilari mavjudligi yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvi o‘tkazish uchun namunalar olingan.
Ushbu jarayonda FVV Tibbiy-biologik muhofaza bo‘limi boshlig‘i Abdusamig‘ Almatov, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi bo‘lim boshlig‘i Dilfuza Ahmedova, Toshkent shahar SSB O‘ta xavfli infeksiyalar bo‘limi mudiri Albina Musayeva, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshlig‘i o‘rinbosari Botirjon Qurbonov, Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti laboratoriya mudiri Nazira Bahromova ishtirok etgani aytilmoqda.
“Kuydirgiga chalingan tirik yoki o‘lik hayvon hech qachon Bekkeri o‘rasiga tashlanmaydi. Veterinariya-sanitariya qoidalari bo‘yicha o‘raga tashlashdan oldin albatta ular kuydiriladi.
O‘ta xavfli yuqumli infeksiyalar qo‘zg‘atuvchilarining mavjudligi yoki yo‘qligini aniqlash uchun namuna olish tartibi bor bizda. Qo‘limizda kuydirgi o‘choqlarining xaritasi bor. Matchonov davrida maxsus karta qilingan. Vaksina va emdorilar sinovdan o‘tkazilgan hayvonlar qabristonlarining ham xaritasi bor, “Bekkeri o‘ra”larining ham xaritalari bor.
O‘rganganimizda bu yerda kuydirgi o‘choqlari borligi haqida ma’lumot yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Xaritalarda qayd etilmagan. Bunday vaziyatda zarurat bo‘lganda tuproqdan namuna olinadi. Har yigirma besh santimetrdan namuna olinib, tekshirib ko‘riladi”, degan ishchi-guruh a’zolaridan biri aholi bilan uchrashuv chog‘ida.
O‘rganish davomida oltita nuqtadan laboratoriya tahlillari uchun 15 ta namuna olingan. Laboratoriya tahlillari veterinariya va chorvachilik davlat qo‘mitasi va SanEpidqo‘mita laboratoriyalarida tekshiriladi. Mutaxassislarning aytishicha, birlamchi tahlil natijalari o‘n kundan keyin, yakuniy tahlil natijalari esa bir oy ichida ma’lum bo‘ladi.