Prezidentlik saylovida har bir nomzodga tashviqot uchun qariyb 5 mrld so‘mdan ajratiladi

Jamiyat 14:32 / 05.06.2023 17171

2023 yilgi prezidentlik saylovlarida har bir nomzodga tashviqot uchun 4 mrld 914 mln so‘mdan ajratilgan. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Adham Ibodullayev Kun.uz muxbiri savoliga bergan javobida aytib o‘tdi.

MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorovning aniqlik kiritishicha, mablag‘lar siyosiy partiya uchun emas, har bir nomzod uchun ajratiladi.

«Hozirgi kunda 4 nafar nomzod bo‘lgani uchun, shu 4 nomzodga mablag‘ ajratiladi. Ikkita partiya tomonidan bitta nomzod ilgari surilgani uchun, shu bir nomzodga ajratilgan pul doirasida foydalanish imkoniyati bor. «Milliy tiklanish» partiyasi tashviqotda ishtirok etsa ham, ishtirok etmasa ham bo‘ladi. Lekin bir nomzodga ajratilgan mablag‘ doirasida», dedi u.

Komissiya a’zosi Xudoyor Mamatov nomzodlarga tashviqot uchun pul ajratilish jarayonini tushuntirib berdi.

«Saylov kodeksining 64-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalar tomonidan prezidentlika nomzodlar taqdim etadigan hujjatlar bor. Bular ariza, siyosiy partiyaning qurultoyi o‘tgani haqidagi bayonnoma, nomzodning shu partiyadan nomzodi ko‘rsatilishiga roziligi haqidagi arizasi va to‘plangan imzolar.

Markaziy saylov komissiyasi nomzodlarni o‘rganib chiqib, 4 ta partiyaning 4 nafar nomzodini ro‘yxatga oladi. Ro‘yxatga olingan nomzodlar sonidan kelib chiqib saylovoldi tashviqoti uchun pul ajratiladi. To‘rt nomzodga bir xil miqdordagi efir vaqti, bir xil vaqtdagi nashr maydoni, davlat budjetidan bir xil mablag‘ ajratiladi», dedi u.

  • O‘zbekistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovi 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tishi belgilangan.
  • Qonunchilikka muvofiq, saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyat hisoblanadi.
Ko‘proq yangiliklar: