Gaz urushi. Rossiya Yevropaga gaz yetkazish hajmini rekord darajada qisqartirmoqchi. Bundan naf bo‘ladimi?

Iqtisodiyot 20:47 / 05.06.2023 44692

Kremlning Yevropa bilan gaz urushining keskinlashuvi 2022 yil kuzida taxminan xuddi shu tarzda boshlangandi. O‘shanda «Gazprom» Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib beruvchi «Shimoliy oqim» magistral gaz quvurini profilaktika uchun o‘chirib qo‘ygan va keyin uni qayta ishga tushirishdan bosh tortgan edi. Shundan beri Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini faqatgina Ukraina va Turkiya orqali o‘tgan quvurlardan olayotgandi.

Gaz urushining yangi bosqichi boshlanishi mumkinmi? Ehtimoli kam. Uchta sababga ko‘ra.

Birinchidan, Yevropa «Gazprom»siz hayotga ko‘nikmoqda va ular boshqa muqobil yo‘llarni topdi. Qatar yoki AQShdan suyultirilgan gaz yetkazib berish bo‘yicha imzolangan har bir shartnoma yevropaliklarning xavotirlarini kamaytirmoqda. Yevropa Ittifoqi allaqachon Rossiya gazining to‘liq uzilishiga tayyorlandi va gazni tejashni o‘rgandi.

Ikkinchidan, «Gazprom» hech qachon yirik, yaqin va boy Yevropa bozorisiz hayotga ko‘nika olmaydi, unga muqobil bozorni yaqin yillarda, hatto o‘n yillikda ham topa olmaydi.

Uchinchidan, Kreml shu paytgacha Polsha (Yamal-Yevropa) va Germaniya (Shimoliy oqim) kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri dushmanlarga gaz yetkazib beruvchi gaz quvurlarini o‘chirib qo‘ygan bo‘lsa, «Turk oqimi» Ukraina bosqinidan keyin rivojlangan dunyodan ajralib qolgan Rossiya prezidenti Vladimir Putinning sanoqli sheriklaridan biri bo‘lgan Turkiya orqali o‘tadi.

Yevropa qanday qilib gaz urushida g‘alaba qozonmoqda?

Putin qo‘shni Ukrainani egallash uchun armiyasini yuborishdan bir yarim yil oldin Yevropaga qarshi gaz urushini boshlab yuborgandi. Va 2022 yil kuzigacha bu gaz urushining barcha frontlarida Rossiya hujum qildi, Yevropa esa himoyalandi.

«Gazprom» yil davomida Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berish hajmini deyarli 80 foizgacha qisqartirdi. Yevropa inflatsiyani kuchaytirib, iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirgan energetik inqirozga uchradi. Yevropa Ittifoqi davlatlari aholi va sanoatni qo‘llab-quvvatlash uchun 750 milliard yevrodan ko‘proq mablag‘ sarfladi.

Ammo Ukrainaga qarshi katta urushda bo‘lgani kabi, Kremlning gaz blitskrigi ham barbod bo‘ldi. Yevropa Ittifoqi oyoqda qoldi va endi «qarshi hujum» haqida o‘ylamoqda.

Hozirga qadar Rossiya gazi Ukrainadagi urush uchun Rossiyaga qarshi joriy qilingan keng ko‘lamli Yevropa sanksiyalariga duchor bo‘lmadi, chunki bosqin paytida YeI Rossiyaning «gaz ignasi»ga o‘tirgan edi.

Yevropa o‘zining gazga bo‘lgan ehtiyojining 40 foizini Rossiyaning arzon quvur gazlari bilan qoplaydi.

Ammo oradan yarim yil o‘tib, ittifoqning 27 davlatidan ba’zilari allaqachon Rossiya o‘chirib qo‘ygan gaz quvurlaridan butunlay voz kechishni taklif qilmoqda. Ushbu taklif G7’ning so‘nggi yig‘ilishida muhokama qilindi, biroq hozircha bir ovozdan qo‘llab-quvvatlanmadi.

Yevropaliklarga jasorat baxsh etgan narsa shuki, o‘tgan qishda Yevropa Rossiyaning energiya ta’minotiga qaram bo‘lmagan yangi reallikka o‘rgandi. Va endi urushdan oldingi davrga qaytish niyatida emas.

Bundan tashqari, Yevropa kelajakda nafaqat Rossiya, balki AQSh va Qatar gazidan ham deyarli butunlay voz kechishga tayyorlanmoqda. Shuning uchun ittifoq suyultirilgan gazni sotib olish bo‘yicha qariyb umuman uzoq muddatli shartnomalar imzolamayapti va joriy narxlarda spot bozordan (oldi-sotdi darhol, «joyida» amalga oshiriladigan bozor) sotib olishni afzal ko‘rmoqda. Yevropaliklar qayta tiklanuvchi va atom energiyasiga e’tibor qaratyapti.

Rossiya blokadasi tufayli gaz narxi rekord darajada oshishi ortidan gaz iste’moli ham o‘z-o‘zidan pasayib bormoqda.

Rossiya qanday qilib o‘zining gaz urushida yutqazmoqda hamda AQSh va Xitoy bundan foyda ko‘rmoqda?

Yevropa ham yo‘qotishlarga uchradi. Uning sanoat motori — Germaniya bir necha oydan beri oqsamoqda. Biroq, Rossiya ko‘proq zarar ko‘rmoqda.

2022 yil mamlakatda gaz qazib olish 90 milliard kub metrga yoki 12 foizga qisqardi, 2023 yilda esa yana 50 milliard kub metrga kamayadi. Shunday qilib, IEA hisob-kitoblariga ko‘ra, ikki yil ichida Rossiya deyarli 20 foiz gaz qazib olish salohiyatini yo‘qotdi.

Va agar shu paytgacha ishlab chiqarish va eksport hajmi pasayishi rekord narxlar va daromadlar hisobiga qoplangan bo‘lsa, so‘nggi oylarda Yevropada gaz narxi, Kreml YeIga qarshi gaz urushini boshlagan 2021 yil yozidan beri kuzatilmagan darajaga tushib ketdi.

2023 yil iyun oyiga kelib, Yevropada gaz yil boshidagi narxning uchdan bir qismiga arzonladi.

Narxlar tushishi tufayli «Gazprom»ning daromadlari kamayib bormoqda, ammo kompaniya Yevropa bozorini almashtiradigan muqobilga ega emas. «Gazprom» G‘arbga gazni sharqiy quvurlar tizimiga ulanmagan G‘arbiy Sibir konlaridan yetkazib bergan. Bu gazni sharqqa yo‘naltirish uchun yangi sarmoya va xaridorlar kerak.

Yevropa bozori o‘rnini bosa oladigan yagona yo‘nalish — bu Xitoy. Biroq u yerga yotqiziluvchi yangi «Sibir kuchi 2» gaz quvuri qurilishi hali ham sekin ketmoqda.

Vladimir Putin va «Gazprom» bu quvurni qanchalik baland ovozda reklama qilsa, xitoyliklarning javob sukunati shunchalik sassiz bo‘lmoqda. Vaqt ular tomonda: sukut qanchalik uzoq davom etsa, Putin quvur gazining narxi masalasida shunchalik moslashuvchan bo‘ladi, chunki unda boshqa xaridorlar yo‘q.

Yamal gazini qanday suyultirishni Rossiyaga yevropaliklar o‘rgatishgan. Endi bu davlat sanksiyalar tufayli texnologiyalardan uzilib qolgan, boshqa suyultirilgan gaz bozorlariga chiqish uchun esa Arktika muzlari orqali tashish kerak bo‘ladi.

Agar «Sibir kuchi 2» gaz quvuri oxir-oqibat qurilsa ham, u Xitoyga Kreml Yevropaga yetkazib berishdan bosh tortgan Yamal gazining bir qisminigina sotishga imkon beradi. «Gazprom»ning daromadi esa Xitoydagi arzon narxlar va yangi gaz quvurini qurish uchun bir necha milliard dollar sarflagani sababli avvalgidan ancha past bo‘ladi.

Ayni paytda, Rossiya boy bergan Yevropa gaz bozorining katta qismini AQSh egalladi, chunki Yevropa endi suyultirilgan gaz sotib olishga o‘tdi. Bu gaz esa quvurlar orqali emas, balki dengiz orqali yetkazib beriladi.

2023 yilda amerikaliklar dunyodagi suyultirilgan gazning yarmidan ko‘p qismini ishlab chiqaradi va AQSh uning asosiy eksportchisiga aylanadi, deb taxmin qilmoqda IEA.

Qo‘shma Shtatlar allaqachon Rossiyani dunyodagi eng yirik gaz ishlab chiqaruvchilar reytingida birinchi o‘rindan siqib chiqardi. Amerikaliklar Putinning Yevropani Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishga majbur qilish uchun gaz qazib olishni qurbon qilish qaroridan faqatgina foyda ko‘rdi.

Hozir Rossiya gaz qazib olishni kamaytirar ekan, AQSh uni oshirmoqda. Urushgacha Vashington yiliga 984 milliard kubometr gaz ishlab chiqargan bo‘lsa, 2022 yil bu miqdor 1020 milliardga yetkazilgan, 2023 yil esa 1040 milliard kubometr ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Rossiya bu vaqtda gaz ishlab chiqarishni 620 milliard kub metrgacha qisqartirmoqda.

Putinda qandaydir «kuzir» qolganmi?

Mutaxassislar ogohlantirishicha, hatto yevropaliklar kelasi qishda qiynalishiga to‘g‘ri kelsa ham, hozirgi vaziyatda Rossiya asta-sekin Yevropa bozorini butunlay yo‘qotadi.

20 yildan ortiq vaqt mobaynida hokimiyatda qolayotgan Putin va turklar yetakchisi Rajab Erdo‘g‘an bir necha bor bahslashib qolgan, ammo tezda yarashishgan. Foto: AFP

Agar hammasi mag‘lubiyat tomon ketayotgan bo‘lsa, Putin bitta hal qiluvchi zarba bilan gaz urushining borishini o‘zgartirishga urinib ko‘rishi va va-bankka borib, Yevropaga gaz yetkazib berishni butunlay to‘xtatishi mumkinmi?

Bu holda Yevropa Ittifoqi Rossiya gazini almashtira olmaydi. Hatto hozirgi ta’minot darajasi bilan ham, Yevropaning energiya inqirozi yanada kuchayadi, deya ogohlantiradi IEA.

«Agar Rossiya Yevropa Ittifoqiga yetkazib beriladigan gaz hajmini joriy yilning birinchi choragi darajasida ushlab tursa, 2023 yilda Yevropa Ittifoqining rivojlangan mamlakatlariga gaz yetkazib berish 2022 yilga nisbatan 45 foizga (35 milliard kub metrdan ko‘proq) qisqaradi», deyiladi IEA’ning so‘nggi hisobotida.

Yevropaga gaz yetkazib beruvchi boshqa gaz quvurlari qurilmaydi, suyultirilgan gaz esa hatto hozirgi vaziyatda ham yetarli bo‘lmaydi.

«Jahon bozorida LNG yetkazib berish 2023 yilda atigi 4 foizga (taxminan 20 milliard kub metr) o‘sishi kutilmoqda. Bu Rossiyadan Yevropaga quvur orqali gaz yetkazib berishning kutilayotgan qisqarishini qoplash uchun yetarli emas», deydi IEA va boshqa masalalarga, jumladan, sovuq qish yoki issiq yoz, Osiyoda talabning oshishi va avariyalariga e’tibor qaratadi.

Ularning har biri gaz narxining yangi sakrashiga va Rossiyaning G‘arbga qarshi energiya urushining yangi bosqichi boshlanishiga olib kelishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: