Toshkent shahrining Yangihayot tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki haydovchi jarohat oldi. Bu haqda poytaxt IIBB YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2 iyun kuni soat 05:00 larda Toshkent metallurgiya zavodi qarshisida 2007 yilda tug‘ilgan B.Sh. Matiz rusumli avtomashinasini boshqarib ketayotib, harakatsiz turgan 26 yoshli J.Sh. boshqaruvida bo‘lgan Lada bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
Aniqlanishicha, Matiz’ni avtomashina boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan 16 yoshli voyaga yetmagan fuqaro haydab ketayotgan bo‘lgan.
YTH oqibatida Matiz hamda Lada haydovchilari turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.