Foto: Ziyoratchilarning ilk guruhi Madinaga uchib ketdi

Jamiyat 09:07 / 04.06.2023 30595

4 iyun kuni mahalliy vaqt bilan soat 02:00 da Uzbekistan Airways aviakompaniyasining bortida 240 nafar ziyoratchisi bo‘lgan ilk reysi Toshkentdan Madinaga (Saudiya Arabistoni) uchib, 2023 yilgi Haj mavsumini ochib berdi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

Ularni kuzatish uchun Prezident maslahatchisi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati ham Toshkent xalqaro aeroportida bo‘ldi.

Qayd etilishicha, 4−19 iyun kunlari O‘zbekistonning 10 ta shahridan Madinaga parvozlar amalga oshiriladi.

Bu yil eng ko‘p ziyoratchilar Toshkentdan Hajga boradi — 16 reysda 5575 nafar yo‘lovchi tashiladi. Namangandan 14 ta, Farg‘onadan 6 ta, Samarqanddan 4 ta, Buxoro, Urganch, Qarshi va Termizdan 3 tadan reys, shuningdek, ziyoratchilar bilan 2 ta reys Navoiydan, Nukusdan esa 1 ta reys amalga oshiriladi. O‘zbekistondan jami 15 130 nafar ziyoratchi Haj ziyoratini ado etadi.

Ma’lumot uchun, mazkur reyslar davomida poytaxt aeroporti estakadasida harakatlanish vaqtincha cheklanadi, terminalga kirish faqat yo‘lovchilar uchun ochiq bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi ziyoratchilarning yaqinlariga terminalda tiqilinch holatni va aeroport yon atrofida tirbandliklarning oldini olish uchun aeroportga kelmasdan, o‘z yaqinlarini masjidlardan kuzatishni tavsiya qildi.

  • Bundan oldinroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistonda bu yilgi haj ziyorati uchun kvotalar va to‘lov miqdorini e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, 2023 yilda O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 ming nafar (o‘tgan yili 12 ming bo‘lgan) etib belgilandi. Bir nafar ziyoratchiga to‘lov miqdori jamoatchilik kengashi qaroriga asosan 68 million 760 ming so‘m etib belgilandi (o‘tgan yili 62 million 900 ming so‘m bo‘lgandi).
Ko‘proq yangiliklar: