O‘zbekiston va Rossiya RFdan gaz importi masalasini muhokama qildi
O‘zbekistonga Rossiyadan gaz import qilish masalasi kun tartibida saqlanib turibdi. Seshanba kuni energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov “Gazprom” raisi Aleksey Miller bilan uchrashdi. Rasmiy xabarga ko‘ra, uchrashuvda “hamkorlikning borishi va istiqbollari”, xususan Rossiyadan O‘zbekistonga gaz uzatish masalasi muhokama qilingan.
Mirzamahmudov Energy Intelligence nashriga bergan intervyusida Rossiyadan gaz import qilish bo‘yicha texnik ishlar hal qilinayotganini aytdi. “Texnik masalalar hal etilishi bilanoq, tijoriy shartlarni muhokama qilamiz”, dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil yanvar oyida O‘zbekiston Energetika vazirligi va “Gazprom” o‘rtasida gaz sohasidagi hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” imzolangan edi. Kelishuvda “O‘rta Osiyo – Markaz” quvuri orqali teskari tartibda Rossiyadan O‘zbekistonga bozor narxida gaz yetkazib berishni boshlash uchun zarur texnik choralar ko‘zda tutilgan. Rossiya kompaniyasi shunga o‘xshash shartnomani deyarli bir vaqtda Qozog‘iston bilan ham imzolagan.
Undan avvalroq, 2022 yil noyabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan birgalikda uch tomonlama gaz ittifoqi tuzishni taklif qilgandi. Lekin O‘zbekiston, Rossiyadan gaz xarid qilinadigan bo‘lsa, bu ittifoq tarzidagi kelishuv asosida emas, oldi-sotdi shartnomasi shaklida bo‘lishini bildirgan.
Ommaviy axborot vositalariga sizdirilgan ma’lumotga ko‘ra, Rossiya tomoni gaz ittifoqi doirasida O‘zbekiston va Qozog‘istonning gaz uzatish tarmoqlari egaligini qo‘lga olmoqchi bo‘lgan, lekin har ikki mamlakat buni rad etgan.
Vazir AES haqida: “Hozir birinchi navbatda qayta tiklanadigan energiya manbalariga e’tibor qaratyapmiz”
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi birinchi AESni qurish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. U AES qurilishi mamlakat uchun jiddiy mas’uliyat ekani, buning uchun O‘zbekiston har qanday risklarni bartaraf etishi kerakligini ta’kidladi.
Mirzamahmudov jarayon kutilganidan sekin ketayotganiga izoh berib, bunga har bir detal tekshirilayotgani va xavfsizlik choralari ko‘rilayotganini sabab qilib ko‘rsatdi.
“Atom elektr stansiyasini qurish davlatga ham moliyaviy, ham boshqa jihatlarga ko‘ra juda jiddiy majburiyatlar yuklaydi. Shu sababli hozir biz mavjud energiya tanqisligini bartaraf etish uchun birinchi navbatda qayta tiklanadigan energiya manbalarini jadal rivojlantirishga e’tibor qaratyapmiz”, dedi Energetika vazirligi rahbari.
“Ochiq budjet”ga ajratiladigan pullar oshiriladi
Kelgusi yilda “Ochiq budjet”ga beriladigan mablag‘ 3 karra oshirilib, 24 trillion so‘mga yetkaziladi. Bu haqda prezidentlikka nomzod, amaldagi davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev saylovdi kampaniyasida ma’lum qildi.
Fuqarolar tashabbuslari asosida moliyalashtiriladigan loyihalarga ajratiladigan pullar miqdori har yili oshirib borilyapti. Bunday loyihalarga “Tashabbusli budjet”, “Mening yo‘lim”. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari kiradi.
2023 yildan boshlab bu loyihalarga mablag‘ miqdori 3,5 barobarga oshirilib, 8 trln so‘mga yetkazilgandi. Hozircha “Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumi va “Mening yo‘lim” loyihalari yakunlandi, noyabr oyida “Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumi boshlanadi.
Joriy yildan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga nimalarni kiritishni ham fuqarolar hal qiladigan bo‘ldi. Aprel oyida tasdiqlangan nizomga ko‘ra, dasturlar doirasida jamoatchilik fikri asosida tadbirlarni shakllantirish va ular uchun ovoz berish jarayoni – har yili noyabr–dekabr oylarida (2023 yil uchun, istisno tariqasida, 2023 yil may oyida) o‘tkaziladi.
UNG Petro shoxobchalari sotiladi
O‘zbekistondagi eng yirik yoqilg‘i shoxobchalari tarmog‘i bo‘lmish UNG Petro'dagi 100 foiz davlat ulushini sotishga tayyorgarlik boshlandi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xususiylashtirish bo‘yicha konsalting kompaniyasi izlayotgani haqida e’lon berdi.
Talabgorlardan tijorat takliflarini 2023 yil 11 iyungacha taqdim etishi so‘ralmoqda.
UNG Petro'ni xususiylashtirish prezidentning 2023 yil 24 martdagi qarorida ko‘zda tutilgan. Qarorda korxona O‘zbekiston bo‘ylab 78 ta AYoQShga egalik qilishi ko‘rsatilgan.
Benzin ishlab chiqarish va import sezilarli oshdi
O‘zbekiston 2023 yilning dastlabki 4 oyida o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirganda 2 barobar ko‘p benzin import qilgan. To‘rt oyda import qilingan 335 mln litr benzinning 98 foizi Rossiyadan olib kelingan.
Nafaqat import, balki benzin ishlab chiqarish ham sezilarli ko‘paygan. Yanvar–aprel oylarida 500 ming tonnadan ortiq avtomobil benzini ishlab chiqarilgan. Bu – bir yil oldingi ko‘rsatkichdan 32 foizga ko‘p.
Benzin iste’molining ortishi o‘tgan yili oxirida metan-shoxobchalar faoliyatiga cheklov qo‘yilishi ortidan boshlangan edi. 10 dekabrdan AI-80 markazi avtobenzin uchun aksiz solig‘i vaqtincha bekor qilinib, narx arzonlashtirildi. Benzin importining sezilarli oshishiga shu omil sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Eslatib o‘tamiz, AI-80 benziniga soliq imtiyozi 2023 yil 31 dekabrgacha amal qiladi.
Urush effekti: 60 ming norezident o‘zbek banklarida hisobvaraq ochgan
O‘tgan yili Rossiyada harbiy safarbarlik e’lon qilinishi ortidan o‘n minglab rossiyaliklar xorijga, xususan O‘zbekistonga kelib joylashgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilda 60 mingdan ortiq norezidentlar o‘zbek banklarida hisobvaraqlar ochgan. Bu haqda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov Senat yalpi majlisida ma’lum qildi.
“Haqiqatan o‘tgan yili geosiyosiy vaziyat tufayli hisobraqam ochgan norezidentlar soni 60 mingtadan oshdi, ya’ni qariyb 892 mln dollarga yaqin ekvivalentdagi mablag‘lar banklarga qo‘yildi”, – dedi Nurmurodov.
Iqtisodchi Otabek Bakirovga ko‘ra, norezidentlar tomonidan o‘zbek banklariga qo‘yilgan qariyb 900 mln dollar mablag‘ banklardagi jami chakana depozitlarning qariyb 15 foiziga teng.
“Norezidentlarning bank tizimidagi mablag‘larining keskin oshishi aksar possovet davlatlari banklari uchun yangi chaqiriqlarni yaratmoqda. Masalan, Gruziya Markaziy banki norezidentlarning pul mablag‘lari juda qisqa muddatlarda va tez chiqib ketishi ehtimolini hisobga olib, gruzin banklariga norezidentlar depozitlarining kamida 80 foizini likvid aktivlarda ushlash talabini kiritmoqda”, – deydi iqtisodchi.
Banklarning ustav kapitali oshirilmoqda
Banklarga oid yana bir xabar bilan taymlaynga yakun yasaymiz. Tijorat banklarining kapitallashuv darajasini oshirish va resurs bazasini ko‘paytirish maqsadida, aprel oyida ularning ustav kapitali miqdoriga qo‘yiladigan talablar oshirilgandi. Unga ko‘ra, banklarning ustav kapitali 2023 yil 1 sentabrdan boshlab 200 mlrd so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak. Shuningdek, eng quyi chegara 2024 yil 1 apreldan boshlab 350 mlrd so‘mga, 2025 yil 1 yanvardan esa 500 mlrd so‘mga ko‘tariladi.
200 mlrd so‘mlik dastlabki talab kuchga kirishiga 3 oydan kamroq vaqt qoldi. Lekin, 1 may holatiga, kamida 8 ta bankning ustav kapitali 200 mlrd so‘mga yetmaydi. Ular orasida Poytaxtbank, Ravnaqbank va yaqinda xususiylashtirilgan O‘zagroeksportbank ham bor.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, ustav kapitalini belgilangan miqdorga yetkazish bo‘yicha banklarga o‘z vaqtida ko‘rsatmalar berilgan. Regulyator ustav kapitalining miqdori minimal talabga javob bermaydigan banklarga boshqa banklarga qo‘shilishni tavsiya qildi. Aks holda, ulardan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olinadi, deyiladi Markaziy bank axborotida.
Madina Ochilova tayyorladi.
Operator – Mirvohid Mirrahimov
Montajchi – Muhiddin Qurbonov.