Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Diversiyalar: ularning qaynoq urushdagi roli shu qadar muhimmi?
Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Belgorod oblastiga qo‘poruvchilar bostirib kirgani xabar qilindi. Xo‘sh, qo‘poruvchilar (diversantlar) o‘zi kim? Ularni kim tashkil qilgan, ular urushning borishiga qanday ta’sir o‘tkazishi mumkin?

Razvedka-qo‘poruvchilik guruhi
«Birorta notanish belgi ko‘rsang, o‘chirib tashla», deyishgandi Ukraina hokimiyati va jurnalistlari Rossiyaning keng miqyosdagi bosqini boshlangan chog‘da o‘z fuqarolariga. O‘shanda Ukraina yo‘llari, uylarning devori, simyog‘ochlarda xoch va boshqa shakldagi turli ranglardagi belgilar paydo bo‘lib qolgan edi.
Ukraina xavfsizlik xizmati o‘shanda bunday belgilarni Rossiya harbiylarining potensial nishoniga aylanuvchi obektlarni belgilash uchun qo‘poruvchilar chizgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

2023 yilga kelib diversantlar haqida Rossiyada ham ko‘p gapirila boshladi. Propagandachilar Belgorod oblastiga kirib kelgan «ukrainalik qo‘poruvchilar»ning hujumini xavotir bilan muhokama qilib, hattoki Kremlni harakatsizlikda ayblay boshlashdi. RF tergov qo‘mitasi JKning birvarakayiga oltita moddasi bilan ish qo‘zg‘adi. Ularning orasida «Qo‘poruvchilik» (RF JK 281-) moddasi yo‘q, lekin OAVda hujum qilganlar ko‘proq qo‘poruvchilar deb atalmoqda.
So‘nggi oylarda Rossiya hokimiyati va propagandasi Bryansk oblasti, Qrim ko‘prigi va «Shimoliy oqim»dagi portlatishlar, temiryo‘llardagi yong‘inlar, Vladlen Tatarskiy va Darya Duginaning o‘ldirilishi, urushga qarshi pozitsiyadagi artistlarning konsertlarini ham diversiya deb atamoqda.

30 may kuni bir nechta dronlar Moskvadagi uchta ko‘p qavatli turar joy binolariga kelib urildi, yana bir nechtasi Moskva ostonasida urib tushirildi. Boshqa dronlar hujumi kabi, Rossiya hududida pilotsiz uchar qurilmalarning paydo bo‘lishi ham qo‘poruvchilarning ishi deb ataldi.
Ushbu aksiyalardan ayrimlari uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan «Rus ko‘ngillilari koprusi» o‘zini qo‘poruvchilik-razvedka faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilot deb tanishtiradi. Rossiya hududiga o‘tgan qurollangan otryadlarni esa, odatga ko‘ra, «razvedka qo‘poruvchilik guruhlari» (RQG) deb atashadi.
Diversant deb kimlarni atash mumkin?
Juda ko‘pchilikni.
Diversantlar va diversiyaning yagona va umum qabul qilingan ta’rifi yo‘q. Xuddi terrorizm yoki «qonuniy harbiy nishonlar» singari. Bu ham qat’iy yuridik emas, siyosiyroq masala.
Rossiya kontekstida «diversantlar» juda keng ma’nodagi tushuncha bo‘lib, bir-biriga yaqin va hatto harbiylarga aloqasi yo‘q hodisalarni anglatadi. Boshqa tillarda diversiyalar ko‘proq «sabotaj» deb ataladi.
Boz ustiga, rus tilida bugungi kunda sovet propagandasi tamg‘asi bo‘lmish «mafkuraviy diversiya» iborasi ham ishlatiladi. SSSR chog‘ida kommunistlarga xos bo‘lmagan har qanday qadriyatlar va g‘oyalar shunday atalgan, bugun Rossiyada «informatsion-psixologik operatsiyalar» ham shunaqa deyilmoqda.
Zamonaviy harbiy nazariya va xalqaro humanitar huquq bir nechta asosiy qoidalarda bir-biriga mos keladi: qo‘poruvchilar deb rasmiy harbiy kuchlar va fuqarolik shaxslari ham atalishi mumkin. Ular fuqarolik libosini kiyib olishlari, dushmanning kiyimini kiyishi, o‘zlarining shaxsiy bildiruvchi belgilariga ega bo‘lishi mumkin. Diversantlar har doim dushmanning ortida – uning qonuniy hududida yoki okkupatsiya qilingan yerlarida harakat qiladi. Ularning operatsiyalari oylab tayyorlanishi mumkin, shuningdek, hech qanday tayyorgarliksiz amalga oshirilishi ham mumkin. Qoida tariqasida davlatlarda razvedka-diversiya qismlari degan maxsus bo‘linmalar ham bo‘ladi. Ularning ayrimlari aynan qurolli to‘qnashuvlar chog‘ida qo‘poruvchilik harakatlari bilan shug‘ullanadi.
Shu bilan juz’iy farqlar ko‘zga tashlanadi. XX asr o‘rtalarida asosiy jangovar harakatlar teatridan chetdagi harbiy operatsiyalar diversiya deb atalgan. Bu chindan ham Belgorod oblastida sodir bo‘lgan hodisaga o‘xshash: «Rus ko‘ngillilari korpusi» vakillari jurnalistlarga asosiy maqsadlari dushmanni mo‘ljaldan adashtirish va uning kuchlarini asosiy yo‘nalishdan bu yerga jalb qilish bo‘lganini aytib berishgan.

Dushmanning harbiy boshliqlari yoki harbiy-siyosiy rahbariyatidan kimnidir yo‘q qilishni ham shu toifaga qo‘shsa bo‘ladi.
Xalqaro humanitar huquq to‘g‘ridan to‘g‘ri jang olib borish bilan bog‘liq bo‘lmagan harakatlarni diversiya deb ataydi. Bu nuqtayi nazardan diversantlar – dushmanning muhim harbiy infratuzilmasi obektlarini ishdan chiqaruvchi odamlardir. Masalan, ular temiryo‘l ta’minotini izdan chiqaradi, ko‘priklarni portlatishadi, harbiy zavodlar ishini to‘xtatadi va harbiy omborlarni yo‘q qiladi. Bunday mantiqda o‘ldirish va suiqasdlar diversatlarning vazifasi emasdek tuyuladi, lekin onda-sonda bunaqa holatlar ham uchraydi.
Diversantlar xalqaro huquq bo‘yicha oddiy askarlarga nisbatan ojizroq ahvolda. Ular uchun imtiyozdan mahrum jangchilar alohida toifasi bor. Jyeneva konvensiyalari diversantlarni tashqi olam bilan aloqa qilish huquqidan mahrum etishga izn beradi.
Xalqaro Qizil xoch jamiyati diversantlar albatta harbiy jinoyatchi bo‘lishi shart emas deydi. Ularning harakatlari urush olib borishning qonuniy usuli ham bo‘lishi mumkin. Yuristlar faqat qurolli kuchlarning maxsus tayyorlangan va qurol-aslaha bilan ta’minlangan bo‘linmalari qonuniy diversiyani amalga oshirishi mumkin, deb hisoblashadi. Ular urush olib borish taomillari va qoidalariga amal qilishlari, faqat qonuniy nishon tanlashlari shart.
Diversantlar uzoqdan oson tanib olinadigan bo‘lishi, qurolini yashirib, o‘zini tinch aholi vakilidek ko‘rsatishga urinmasligi kerak. Lekin diversantlarning «imtiyozdan mahrumligi» to‘qnashuv tomonlariga ular harbiy jinoyatchimi-yo‘qmi – farqi yo‘qligi bilan ham tushuntiriladi. Qo‘poruvchilar urush qoidalariga ming rioya qilmasin, davlatlar ular va terrorchilar o‘rtasida farq ko‘rmaydi.
Diversiyalar urushning borishiga ta’sir o‘tkaza oladimi?
Aftidan, juda kamdan kam holatlarda.
Jangovar harakatlar teatriga diversiyalarning ta’siri haqida keng miqyosdagi tadqiqotlar juda kam.
Xitoylik harbiy strateg Sun-ji harbiy yoki fuqarolik yetakchisining namoyishkorona o‘ldirilishi dushmanning ma’naviy ruhini sindiradi, deb hisoblagan. Bunda u jangovar harakatlar teatri va urushning ortini farqlamagan. Sun-jining fikricha, urushda olijanoblik bilan emas, aldamchi taktikalar: qopqonlar, dushmanning ojiz joyiga zarba berish, urush chizig‘i ortida harakat qilish va hokazolar bilan g‘alaba qozoniladi.

Diversiyalar ba’zan mutlaqo teskari natijalarga ham olib kelgan. Birinchi jahon urushi davrida Germaniya AQShdan Yevropaga qurol-yarog‘lar va otlar yetkazib berilishiga xalaqit berish uchun bir nechta yirik diversiyalarni amalga oshiradi. Nemis harbiy rahbariyatining o‘ylaganiga ko‘ra, harbiy omborlardagi portlashlar va yong‘inlar AQShni urushda ishtirok etishdan bosh tortishiga olib kelishi kerak edi. Lekin, tarixchilarga ko‘ra, aynan ular Amerika qo‘shinlarining Yevropa bo‘ylab yoyilishiga olib kelgan.
Ikkinchi jahon urushida o‘rmonlarga biqinib harakat qilgan sovet partizanlarining harakati samarali bo‘lgani haqida ham bir-biriga zid ma’lumotlar ko‘p. SSSR maktab darsliklarida nemislar tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarda 40 mingdan ziyod partizanlar harakat qilgani haqida ma’lumot keltirilardi. Tadqiqotchilarning bir qismi dushmant ortidagi qarama-qarshilik nemis ma’muriyati logistikasini samarali vayron qilib turganini qayd etadi. Eng asosiysi, ular vermaxtning 10 foiz qo‘shinini frontdan chalg‘itib turgan.

Ammo boshqa versiya ham bor: yomon tashkilotchilik, qurol-yarog‘ yetishmasligi, shuningdek, SSSR harbiy rahbariyatining asir tushganlar va okkupatsiya ostidagi hududlar aholisiga e’tiborsizligi tufayli partizanlik diversiyalari nemislarning na strategiyasi, na ta’minotiga sezilarli ta’sir o‘tkaza olgan.
Harbiy kemalar va suv osti kemalarida yuz bergan diversiyalarni o‘rganish ham hattoki professional harbiylar tomonidan o‘tkaziladigan eng murakkab operatsiyalar ham doim samara beravermaslishini ko‘rsatgan. Ularning aksar qismi taktik maqsadga erishishga olib kelmagan va dushmanning strategik rejalariga deyarli ta’sir o‘tkaza olmagan.
Lekin, baribir, diversiyalar mutlaqo befoyda bo‘lgan, deyish noto‘g‘ri. Masalan, Ikkinchi jahon urushidagi eng muvaffaqiyatli diversiyalardan biri «Gannersayd» operatsiyasi hisoblanadi. 1941 yilda Britaniya razvedkasi Germaniyaga og‘ir suv – yadroviy tadqiqotlar uchun zarur kimyoviy birikma olib kirish ko‘payganini aniqlagan. Natsional-sotsialistlarning potensial yadroviy rejalariga xalaqit berish uchun professional harbiylardan iborat ko‘ngillilar Norvegiyada og‘ir suv ishlab chiqaruvchi zvodni portlatib yuborishgan.

Amerika harbiy qo‘mondonligi agar diversiya frontdan qo‘shinlarning ma’lum bir qismi olib chiqilishiga majbur qila olsagina uni muvaffaqiyatli deb baholaydi. Ikkinchi jahon urushi davrida MRBdan avvalgi tashkilot – AQSh strategik xizmatlar boshqarmasi dushman hududida oddiy diversiyalarni amalga oshirishga bag‘ishlangan maxsus pamflet ham chop etgan edi. Idoradagilar puxta rejalashtirilgan nuqtali operatsiyalardan ko‘ra, fuqarolardan iborat aholining qo‘poruvchilik borasidagi faolligini oshirib, dushmanning jangovar ruhini sindirishdan umid qilishgan.
Yana bir misol. XX asr oxirlarida Salvadorda hukumat va kommunist partizanlar o‘rtasida fuqarolar urushi boshlangan. Uning birinchi bosqichi strategik obektlardagi nuqtali diversiyalar bo‘lgan: masalan, qo‘zg‘olonchilar armiyaga texnika va qurol-yarog‘ tashish uchun foydalanilgan Kuskatlan ko‘prigini portlatishga muvaffaq bo‘lgan. Tadqiqotchilarning fikricha, uzoq davom etgan (14 yil) fuqarolar urushiga qaramasdan, partizanlarning diversiyalari markaziy hokimiyatning kuchlarini sezilarli darajada susaytirgan.
So‘nggi o‘n yilliklarda davlatlar diversiyalarning yangi turlariga to‘qnash kelishmoqda – kiberpartizanlar tomonidan kritik infratuzilmalarga hakerlik hujumi uyushtirish. Harbiy mojarolar chog‘idagi sabotaj kiberusullari haqida ilmiy ishlar ham yozilgan. Ukrainada keng miqyosli harbiy agressiya ro‘y berganining bir yili ichida kiberhujumlar soni 80 foizga o‘sgan. Hakerlarning katta qismi davlat infratuzilmasiga zarar yetkazgan, biroq «geosiyosiy vaziyat o‘zgargani tufayli» xususiy kompaniyalar ko‘rgan zarar ham qariyb 4 mlrd dollarga baholanmoqda.
Urushlar tarixida hech kim mayda-chuyda diversiyalar hisobiga g‘alaba qozona olmagan. Qadimgi Xitoyda ham, Ukrainadagi zamonaviy urushda ham ziddiyatning u yoki bu tomoni avvalo yirik operatsiyalar – keng miqyosdagi hujumlar, shaharlarni egallash va shu kabi harakatlar bilan strategik ustunlikka ega bo‘ladi.
Diversiyalar birinchi navbatda dushmanning asabiga o‘ynash uchun kerak. Shu ma’noda Rossiya hududidagi diversiyalar Ukraina uchun juda samarali. Bu yerda uni Ukraina qo‘mondonligi amalga oshiradimi yoki boshqa bir mustaqil tuzilmalar – farqi yo‘q, muhimi ular Rossiyada katta asabiylik keltirib chiqaradi, va bu, albatta, Ukraina foydasiga ishlaydi.
Tavsiya etamiz
Germaniyaga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati aniqlandi
Jamiyat | 15:33 / 23.07.2025
O‘zbekistonda iPhone narxlari qimmatlashdi. Nega?
Iqtisodiyot | 21:38 / 22.07.2025
Toshkentda bemorga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamaldi
Jamiyat | 15:28 / 22.07.2025
Tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan ozdiruvchi qahvalar savdosiga chek qo‘yildi
Jamiyat | 09:27 / 22.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
AQSh Isroil - HAMAS muzokaralaridan chiqdi
Jahon | 00:46
-
Sun’iy intellekt olimlarga Qadimgi Rim tarixidagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga yordam beradi
Fan-texnika | 23:45 / 24.07.2025
-
Zalujniy Rossiyaga qarshi urush 2034 yilgacha davom etishini bashorat qildi
Jahon | 22:53 / 24.07.2025
-
Toshkentda voleybol bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi
Sport | 22:49 / 24.07.2025
Mavzuga oid

22:53 / 24.07.2025
Zalujniy Rossiyaga qarshi urush 2034 yilgacha davom etishini bashorat qildi

18:52 / 24.07.2025
Rossiya armiyasi Xarkiv markaziga zarba berdi

18:37 / 24.07.2025
Odessa ramziga aylangan bozor zarba ostida qoldi – fotosuratlar

18:28 / 24.07.2025