Anqarada Turkiya prezidenti inauguratsiyasi marosimi bo‘lib o‘tdi

Jahon 18:28 / 03.06.2023 13030

3 iyun kuni Anqaradagi Turkiya parlamenti binosida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning qasamyod qilish va inauguratsiyasi tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi.

Inauguratsiya marosimi ishtirokchilari orasida dunyoning 78 davlati vakillari, jumladan, 20 dan ortiq davlat va hukumat rahbarlari bor edi. Tadbirda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.

Turkiya parlamenti muvaqqat raisi Devlet Baxcheli davlat rahbariga prezidentlik saylovidagi g‘alabadan dalolat beruvchi hujjatni topshirdi.

Keyin Erdo‘g‘an Turkiya xalqiga qasamyod matnini o‘qib berdi:

«Turkiya prezidenti sifatida tarix va buyuk turk xalqi oldida mamlakat davlatchiligi va mustaqilligi qo‘riqlash, Vatan va xalqning ajralmasligini ta’minlash, daxlsiz suverenitetni himoya qilishga, Konstitutsiya, qonun ustuvorligi, demokratiya, Otaturk ahdlari va merosi, dunyoviy respublika tamoyillariga amal qilishga sharaf va qadr-qimmat bilan qasamyod qilaman. Milliy hamjihatlik va adolat ruhidan kelib chiqqan holda, xalq farovonligi va gullab-yashnashini ko‘zlab, har bir fuqaro uchun umume’tirof etilgan inson huquq va erkinliklari g‘oyasidan chetga chiqmaslikka qasamyod qilaman. Turkiya Respublikasining sha’ni va obro‘sini himoya qilishga va yuksaltirishga qasamyod qilaman. Menga yuklangan vazifalarni xolis bajarish uchun bor kuchimni ishga solaman», dedi u.

Erdo‘g‘on inauguratsiya marosimidan so‘ng Turkiya Respublikasi asoschisi Mustafo Kamol Otaturk maqbarasiga gulchambar qo‘ydi.

Tantanali tadbirlar dasturi Erdo‘g‘an tabriklarni qabul qiladigan Prezidentlik majmuasida davom etadi.

Shundan so‘ng, Turkiya rahbari Chanqaya qarorgohiga yo‘l oladi va u yerda oliy martabali mehmonlar sharafiga rasmiy kechki ovqat beriladi.

Tadbirning oxirgi nuqtasi esa Turkiyaning qayta saylangan prezidenti mamlakatning yangi hukumati tarkibini e’lon qiladigan brifing bo‘ladi.

28 may kuni bo‘lib o‘tgan saylovda qaytadan davlat rahbari etib saylangan Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning vakolat muddati 2028 yilgacha davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: