Ukrainaning bahorgi qarshi hujumi yuz bermadi. Nega?

Jahon 18:42 / 02.06.2023 21682

Ukraina armiyasi kuzgi qarshi hujum operatsiyasi davomida Xarkiv va Xerson oblastlarida muvaffaqiyat qozonganidan so‘ng, butun dunyo voqealarning keyingi rivojini kutgan holda dong qotdi.

Rossiya va Ukraina qishki pauzadan turli maqsadlarda foydalandi.

Kreml Ukrainaning energetika infratuzilmasini yo‘q qilish uchun raketa terrorini uyushtirdi.

Kiyev esa, o‘z navbatida, mudofaa chizig‘ini kuchaytirish, yangi harbiy qismlarni tayyorlash, G‘arb qurollarini olish va zaxirani ko‘paytirishga e’tibor qaratdi.

Ukraina mudofaa vazirligining razvedka boshqarmasi boshlig‘i, general Kirill Budanov aytganidek, har ikki tomon bahorga qadar «hal qiluvchi qarama-qarshilik»ka tayyorlanishi kerak edi.

Qarshi hujumning e’lon qilinishi

Ukrainaning bosh razvedkachisi Kirill Budanov yil boshidan buyon amalda har intervyusida Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumi va bahordagi «hal qiluvchi janglar» haqida gapirib keladi. Foto: Reuters

Razvedka bosh boshqarmasi anons qilingan qarshi hujum mavzusida hukumatning deyarli asosiy jarchisiga aylandi.

Yanvar va fevral oylaridayoq general Budanov bahor fasliga rejalashtirilgan «muhim voqealar» va bu davrdagi Ukraina qurolli kuchlarining faol harakatlari haqida bayonot berdi.

2023 yil mart oyi boshida USA Today telekanaliga bergan intervyusida Budanov «bu bahorda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush natijasini belgilab beruvchi hal qiluvchi jang yuz beradi», degandi.

Uning prognozlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlari yozgacha okkupatsiya qilingan Qrimga ham kirishi kerak edi.

2023 yil aprel oyi o‘rtalarida harbiy razvedka rahbari «Novoye vremya» jurnalistlariga bergan intervyusida qarshi hujumga tayyorgarlik «reja bo‘yicha ketayotgani»ni ta’kidladi.

Xuddi shu vaqtda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal The Hill nashriga Ukraina qo‘shinlarining qarshi hujumi bahorda emas, yozda boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.

Harbiy ekspertlar fikriga ko‘ra, bahor fasli boshi haqiqatan ham keng ko‘lamli harbiy manyovrlar uchun qulay davr emasdi. Mart va aprel oylarida Ukraina sharqi va janubida kuchli yomg‘ir yog‘di va yo‘llar loylandi, bu esa og‘ir zirhli texnikalar harakatiga to‘siq bo‘ldi.

Ayrim tahlilchilar Ukraina qurolli kuchlariga g‘arb tanklari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va artilleriya qurollarini yetkazib berishdagi kechikishlarni ham hujumning qoldirilishiga sabab sifatida keltirdi.

Bundan tashqari, aprel oyi o‘rtalarida AQShda Pentagonning maxfiy ma’lumotlari sizdirilishi bilan bog‘liq mojaro avj oldi. Sizdirilgan fayllarning katta qismida Rossiya-Ukraina urushining borishi haqida ma’lumotlar mavjud edi.

Ukraina qarshi hujumining yo‘nalishi va boshlanish vaqti haqida aniq ma’lumotlar oshkor bo‘lmagan bo‘lsa-da, bu hujjatlarda Ukraina qurolli kuchlari brigadalari tayyorgarligi va g‘arb qurollari haqida juda nozik ma’lumotlarni uchratish mumkin edi.

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov qarshi hujum uchun deyarli barchasi tayyor bo‘lgani va hujum yozda boshlanishini aytgan.
​​​​​Foto: EPA

Shunga qaramay, aprel oyi oxirida, «RBK-Ukraina»ga bergan intervyusida, Kirill Budanov Ukraina «hal qiluvchi jangga yaqinlashayotgani»ni yana bir bor takrorladi.

«Istaymizmi yoki yo‘qmi, biz Ukrainaning zamonaviy tarixidagi muhim jangga yaqinlashmoqdamiz. Bu fakt, barcha buni tushunadi. Bu qachon boshlanishi esa sir. Lekin hamma biz bunga yaqinlashayotganimizni tushunib turibdi», dedi harbiy razvedka rahbari.

Ukraina mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov aprel oyi oxiri va may oyi boshida qarshi hujumga tayyorgarlik oxirgi marraga yetganini aytdi. Shu bilan birga, vazir hujum natijalariga katta umid bog‘lamaslikka chaqirdi.

Prezident Volodimir Zelenskiy qarshi hujum Ukraina ittifoqchilar bilan kelishilgan barcha qurollarni olgandan keyin boshlanishini ta’kidladi. Ammo oradan bir necha hafta o‘tgach, yana o‘sha general Budanov Ukrainada allaqachon «kerakli qurollarning minimal miqdori» borligini e’lon qildi.

«Biz ortiq vaqtni behuda sarf qila olmaymiz. Bizda allaqachon minimal qurol va boshqa texnikalar bor. Men aytishim mumkin bo‘lgan narsa — bu (qarshi hujum) yaqin vaqtda boshlanadi», degandi harbiy razvedka rahbari yapon nashrlariga bergan intervyusida.

Ukrainaning ehtimoliy qarshi hujumi masalasi mamlakat chegarasidan tashqariga chiqdi va jahon matbuotining asosiy mavzularidan biriga aylandi. Nashrlar hujum boshlanishi mumkin bo‘lgan sana va yo‘nalishlarni tahlil qildi, ruslarning bosib olingan hududlarda qurgan ulkan mudofaa istehkomlarining sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini nashr etdi.

Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga tayyorligi borasida ham fikrlar ikkiga bo‘lingan. Aprel oyi oxirida NATO birlashgan kuchlarining Yevropadagi oliy qo‘mondoni general Kristofer Kavoli Ukraina hujum uchun «yaxshi holatda» ekanini aytgan edi.

Ammo NATO harbiy qo‘mitasining sobiq rahbari, hozirda Chexiya prezidenti bo‘lgan general Petr Pavel Kiyevni shoshilmaslikka chaqirdi.

Chexiya prezidenti, general Petr Pavel Ukrainani yurish boshlashga shoshilmaslikka va unga juda sinchkovlik bilan tayyorlanishga chaqirdi. Foto: Reuters

«Agar ushbu qarshi hujum muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, bu Ukraina uchun juda zararli bo‘ladi, chunki ularda hech bo‘lmaganda bu yil hisobida boshqa imkoniyat bo‘lmaydi», degan Pavel 7 may kuni Guardian nashriga bergan intervyusida.

Hatto Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko ham bu mavzuga qo‘shildi. U Ukrainaning qarshi hujumi haqidagi barcha mish-mishlarni «dezinformatsiya» deb atadi.

«Menimcha, hech qanday ‘qarshi hujumʼ yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas. Birga besh nisbatda texnika va tirik kuch bilan kurashish — bu shunchaki ahmoqlik», degan Lukashenko.

Rossiya rasmiylari Ukraina qurolli kuchlarining qarshi hujumi mavzusiga ochiqchasiga to‘xtalmaslikka harakat qilmoqda. Ammo «Vagner» rahbari Yevgeniy Prigojin bundan mustasno, u hujum taxminan 9-15 may kunlari boshlanishini aytgandi.

Ukraina razvedka bosh boshqarmasi matbuot kotibi Ondriy Yusov BBC Ukraina nashriga Ukraina qurolli kuchlari nega bahorda hujum uyushtirmagani haqida izoh berishdan bosh tortgan. Uning aytishicha, bu mavzuda faqat Bosh shtab va mudofaa vazirligi gapira oladi.

O‘z navbatida, mudofaa vaziri Reznikov hujum katta ehtimol bilan yozda yuz berishini va muvaffaqiyatga erishish ehtimoli yuqori bo‘lishini aytgan.

«Mening shaxsiy ishonchim, instinktim shuni ko‘rsatadiki, bizda bu yil, ayniqsa, yozda muvaffaqiyatga erishish uchun jiddiy imkoniyat bor. Ishonchim komilki, bu qarshi hujum davomida biz janubda, sharqda va jang maydonidagi ikki-uch joyda yutuqlarga erishamiz. Bu rossiyaliklarning bizning hududimizdan navbatdagi chekinishiga olib keladi», degan vazir 29 may kuni Fransiyaning Ouest-France gazetasiga bergan intervyusida.

2023 yil 1 iyun holatiga ko‘ra, Ukraina ham, Rossiya ham, g‘arbdagi manbalar ham frontning biror sektorida Ukrainaning qarshi hujum uchun maxsus tuzilgan 20 ta yangi brigadalarining keng ko‘lamli harakati boshlangani haqida xabar bermadi.

Rejalar nega o‘zgardi?

G‘arbdagi tahlilchilar fikricha, Moskvaga 30 may kuni amalga oshirilgan dronlar hujumi Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumining bir qismi hisoblanadi. Foto: Reuters

«Bahorda Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi dastlabki hujum rejasini vaziyat ta’sirida o‘zgartirishga majbur bo‘lgan», deydi harbiy tahlilchi va tarixchi Mixail Jiroxov BBC Ukraina nashriga. U o‘z ma’lumotlari manbasini oshkor qilmagan.

Jiroxovning ta’kidlashicha, Ukraina qarshi hujumi mavzusiga boshidanoq muhim informatsion-psixologik komponent kiritilgan. Ammo bu Ukraina hukumati kutgan natijani bermagan.

«Menimcha, bizning hujumimiz bo‘yicha APO (axboriy-psixologik operatsiya) juda erta boshlandi. Natijada jamiyatimiz va ittifoqchilarimizning umidlari juda katta bo‘ldi», deydi ekspert.

Jiroxovning so‘zlariga ko‘ra, dastlabki hujum rejasi ancha oddiy maqsadlarni ko‘zlagandi, ammo jamoatchilik umidlari bosimi ostida Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi hujumga kengroq miqyos berishga majbur bo‘ldi. Frontning katta qismida zarbalar sxemasini ishlab chiqishga to‘g‘ri keldi.

«Kattaroq natijalar va kengroq miqyosga erishish uchun operatsion rejani qayta ishlab chiqish juda murakkab jarayon», deya qayd etadi mutaxassis.

Xususan, gap qo‘shimcha o‘q-dorilar yetkazib berish va qo‘shimcha tirik kuch va vositalarni tayyorlash haqida bormoqda.

Hujumni ortga surgan yana bir omil, may oyi davomida deyarli har kuni davom etgan Rossiyaning raketa zarbalaridir.

Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu bu vaqt ichida rus qo‘shinlari Ukraina qurolli kuchlarining Xmelnitskiy, Ternopil va Mikolayivdagi yirik o‘q-dori omborlarini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lganini aytgan.

Xmelnitskiyda 13 may tongidagi kuchli portlash ko‘p sonli guvohlar tomonidan yozib olingan. Rossiya nashrlari bu voqeadan keyin hududda radiatsiya foni oshgani haqida yozishdi.

Ukraina rasmiylari bu da’voni rad etdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning raketa zarbalaridan infratuzilma obektlari va mahalliy biznes jabr ko‘rgan.

Biroq, 13 may kuni Xmelnitskiyda sodir bo‘lgan kuchli portlashning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ko‘plab videolari u yerda tank snaryadlari, havo bombalari yoki zenit-raketalari saqlangan juda katta ombor portlaganini taxmin qilishga imkon beradi.

Mixail Jiroxovning fikricha, omborlarga qilingan hujumlar ancha samarali bo‘lgan va Ukraina armiyasi katta miqdordagi o‘q-dorilarni yo‘qotgan.

Shunday ekan, zaxiralarni to‘ldirish uchun yana vaqt kerak.

Harbiy ekspert, Ukraina qurolli kuchlarining zaxiradagi polkovnigi Petro Chernik Ukraina shaharlarini raketalar yomg‘iri ostida qoldirish mamlakatning raketaga qarshi mudofaa tizimini zaiflashtirish va havo hujumidan mudofaa tizimlarini front chizig‘iga ko‘chirishni sekinlashtirishga qaratilganini ta’kidlaydi.

«Bu jihatdan Rossiyaning harakatlari qisman muvaffaqiyatli bo‘ldi», deya hisoblaydi u.

Chernikning fikricha, kechikish asosan, Ukraina qo‘mondonligi hujum harakatlarining barcha mumkin bo‘lgan ssenariylarini eng puxta modellashtirish yo‘lidan ketgani bilan bog‘liq.

«Qarshi hujum — bu juda xilma-xil bo‘lishi mumkin bo‘lgan operatsiyalar majmuasidir», deydi Chernik.

Hujum — jangchilarni yo‘qotish borasida mudofaadan ko‘ra kattaroq taktika ekanini hisobga olib, Bosh shtab ushbu operatsiyalar uchun eng optimal rejani belgilashi kerak. Ayniqsa, safarbarlik resurslarida Rossiya Federatsiyasining potensial ustunligi fonida.

«Bizning ‘jukovshina’ga haqqimiz yo‘q. Bizning hududlarni ozod qiluvchi hujumkor harakatlarimiz jarrohlik darajasida aniq bo‘lishi kerak. Bu miyadan saraton o‘simtasini kesib tashlashga o‘xshaydi. Biz xato qilishimiz mumkin emas», deydi zaxiradagi polkovnik.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qo‘mondonligi operatsiya rejasini ancha oldin belgilagan va hozirda uni «oxirgi bor sozlash» ketmoqda.

Britaniyaning Financial Times nashri yozishicha, hozirda Ukraina hujum uchun qulay zamin yaratish bo‘yicha operatsiyalarni amalga oshirmoqda. Bunday operatsiyalarga dronlar yordamida Moskvaga zarbalar berish, front ortidagi bazalarga raketa zarbalari yollash va Rossiyaning Belgorod oblastidagi diversion guruhlar harakatlari kiradi.

«Ular (ukrainaliklar) vaziyatni sinovdan o‘tkazmoqda va tuproqni o‘rganmoqda, nima ishlashini, nima ish bermasligini aniqlamoqda», degan g‘arblik kuzatuvchilardan biri FT’ga sharhida.

Biroq, ukrainalik harbiy tahlilchi Mixail Jiroxovning Ukraina qurolli kuchlari hujumi boshlanishiga juda oz vaqt qolganiga ishonchi komil. Aks holda, rus qo‘shinlari tashabbusni o‘z qo‘liga oladi va hujumga o‘tadi.

«Imkoniyatlar oynasi juda tez yopiladi. Agar Ukraina hujumi keyingi hafta — iyun oyi boshida boshlanmasa, vaziyat yanada yomonlashishi mumkin», deb hisoblaydi harbiy ekspert.

Ko‘proq yangiliklar: