Toshkentda yo‘lning qatnov qismida prank uyushtirgan yigitlar 3 sutkaga qamaldi

Jamiyat 18:03 / 02.06.2023 20038

Toshkent shahri Chilonzor metro bekati oldidagi piyodalar o‘tish joyida yigit qizga turmushga chiqishni taklif qilgani aks etgan video muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Videoda yigit piyodalar o‘tish joyidan o‘tib ketayotgan qizga dastlab gul beradi, keyin yonidan uzuk chiqarib turmushga chiqishni taklif qiladi. Bu orada avtomobillar harakatlanishni boshlaydi va tirbandlik kelib chiqadi.

Toshkent shahar suddari matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yigit va uni tasvirga olgan tanishi javobgarlikka tortilgan.

2 iyun kuni bo‘lib o‘tgan sudda M.T. (2000 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan) va D.P. (2004 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan) ga oid ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish ko‘rib chiqilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining 2023 yil 2 iyundagi qaroriga ko‘ra M.T. va D.P. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) da nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, ushbu kodeksning 32-moddasi (ma’muriy javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlar) 4-qismi tartibida ularning har biriga 3 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ushbu qarordan norozi taraflar 20 kun ichida Toshkent shahar sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest bildirishga haqliligi ma’lum qilingan.

  • Bundan oldinroq Toshkent shahrida metro ichida ikki yigit notanish qizga shilqimlik qilib, holatni videoga olgani muhokamalarga sabab bo‘lgan, ko‘p o‘tmay ularning har biriga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangandi.
Ko‘proq yangiliklar: