Bundan bir necha kun oldin Toshkent shahrining Chilonzor tumani Novza ko‘chasidan o‘tgan anhor bo‘yi tezkor tarzda obodonlashtirilib, ikki kun ichida hududdagi piyodalar yo‘lagi beton qilindi. O‘rindiq hamda chiqindilar qutilari o‘rnatildi.
Bugun, 29 iyun kuni negadir o‘rindiqlar va chiqindi qutilari traktorga ortilib, bitta ham qoldirmay olib ketildi. Chiqindi qutilariga to‘plangan chiqindilar esa anhorga ag‘darildi.
Kun.uz holat bo‘yicha maqola va video e’lon qilganidan so‘ng olib ketilgan o‘rindiq va urnalar o‘rniga yangilari olib kelindi.
Kun.uz muxbiri bu ishlarga o‘nga yaqin ishchilar jalb etilgani guvohi bo‘ldi. Tumanga yaqinda tayinlagan prokuror Ulug‘bek Xobiljonov ham shu yerda edi.
Bundan tashqari, avval o‘rnatilgan urnalardagi chiqindilarni anhorga to‘kkan shaxsga Ma’muriy kodeksning 72-moddasiga ko‘ra, 1,7 mln so‘m jarima solingani ma’lum qilindi.
Avvalroq Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ishchilar o‘rindiq va urnalarni olib ketish bo‘yicha topshiriqni Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasi rahbariyati berganini ma’lum qilgandi. Shuningdek, jihozlar vaqtincha olib kelingani, ular aslida G‘ofur G‘ulom bog‘ining mulki bo‘lgani aytilgandi.