«Bir kunlik tayyorgarlik va siz jangovar brigadadasiz». Ukrainaliklar chindan ham tayyorgarliksiz frontga jo‘natilmoqdami?

Jahon 11:27 / 02.06.2023 20017

«Agar poligondagi bir oylik tayyorgarlik o‘rniga sizga atigi 3 kunlik mashg‘ulot o‘tilsa va kuniga 15 tadan patron berilsa, bu kimningdir hayoti uchun qimmatga tushadi. Hatto kafega kelgan stajyorga ham ish o‘rganish uchun bundan ko‘proq vaqt beriladi», deydi safarbar qilinganlar bilan bir jangovar brigadada xizmat qiluvchi harbiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi chaqirilgan askarlarning hammasi ham haqiqiy tayyorgarlikdan o‘tmagan.

Ukraina qurolli kuchlarida yangi chaqirilganlar frontda yaralanib, safdan chiqqan professional harbiylar tomonidan tayyorlanadi. Foto: BBC/GETTY IMAGES

Hech qanday harbiy tajribaga ega bo‘lmagan IT mutaxassisi Viktor (ismi o‘zgartirilgan) aynan shunday vaziyatga tushib qolgan. U chaqiruv qog‘ozini olishi bilan harbiy xizmatga otlangan.

Viktor 2023 yilning mart oyi oxirida safarbar qilingan hamda asosiy va professional harbiy tayyorgarlikdan o‘tish uchun Harbiy havo kuchlarining 38-qo‘shma o‘quv markaziga yuborilgan.

«Markaz shifokori vaznim yengilligi uchun meni harbiy mashg‘ulotlarga yaroqsiz deb topdi. Vaholanki, harbiy tibbiyot komissiyasi meni xizmatga to‘la yaroqli deb hisoblagandi», deydi Viktor.

Viktorga Kiyevdagi Desnyansk safarbarlikka yollash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazining (ilgari harbiy xizmatga qabul qilish va ro‘yxatga olish bo‘limi deb atalgan) qo‘riqlash rotasida xizmat qilish taklif qilingan.

U binolarni qo‘riqlashi, chaqiruv qog‘ozlarini tarqatishi va halok bo‘lgan askarlar bilan vidolashuv marosimlarida faxriy qorovul safida turishi kerak edi.

Viktor o‘q otish poligonida rotaning boshqa jangchilari bilan birga bor-yo‘g‘i bir kun tayyorgarlikdan o‘tgan.

«Oradan uch hafta o‘tgach, bizni sharqdagi 93-brigada safiga jo‘natishlari haqida xabar berishdi. U yerda biz yana bir bor o‘quv-tayyorgarlikdan o‘tishimizni aytishdi. Hujjatlarda meni o‘qchi-sanitar deb yozishdi. Manzilga yetib keldik. Bu yerda kun bo‘yi to‘liq ekipirovkada yurdik. Bir necha kunlik jismoniy zo‘riqishlardan so‘ng hushimni yo‘qota boshladim», deydi Viktor.

Uning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlikka yollash markazi qo‘riqchilar rotasining yana kamida sakkiz nafar a’zosi shunga o‘xshash vaziyatga tushib qolgan.

BBC nashri ulardan besh nafari bilan suhbatlashgan. Ulardan faqat bittasi bir yillik harbiy xizmatni o‘tagan va oldindan harbiy tajribaga ega bo‘lgan. Yana biri Baxmutdagi front chizig‘ida bo‘lgan.

Ularning barchasi o‘zboshimchalik bilan bo‘linmani tark etgan hamda qo‘mondonlikka to‘liq o‘quv-tayyorgarlikdan o‘tish va xizmatni davom ettirish imkoniyatini berishni so‘rab murojaat qilgan.

Ushbu materialni tayyorlash paytida BBC bilan gaplashgan deyarli barcha — safarbar qilinganlar ham, muntazam harbiylar ham ismi sir qolishini so‘ragan.

2023 yil mart oyida havo-desant kuchlari bataloni komandiri podpolkovnik Anatoliy Kozel Washington Post gazetasiga bergan intervyusidan so‘ng lavozimidan chetlashtirilgan. Kozel intervyuda, xususan, safarbar qilinganlarni tayyorlash borasidagi mavjud muammolar haqida gapirgandi.

AK-47 avtomatidan o‘q uzishga tayyorgarlik dasturi 14 kun davom etishi kerak. Boshqa mutaxassisliklarga o‘qitish 40 kungacha vaqt talab etadi. Foto: BBC/GETTY IMAGES

Shunday qilib, Kiyevdan kelgan qo‘riqlash rotasi harbiy xizmatchilarining bir qismi 58-alohida motoo‘qchilar brigadasiga yuborilgan. U yerda ular uchun (bir necha hafta) to‘liq o‘quv-mashg‘ulotlari o‘tkazilgan.

93-brigadadagilar safarbar qilinganlar brigadaga o‘quv markazlaridan yuborilishi kerakligini aytishgan. Aynan markazlar o‘quv-tayyorgarligi uchun javob beradi, brigada esa janglarda qatnashadi va uning saflarini to‘ldirish kerak. Harbiy o‘quv-mashg‘ulotlari bo‘yicha barcha so‘rovlar Quruqlikdagi kuchlar qo‘mondonligiga yo‘naltirilishi lozim.

BBC nashri 93-brigadadagi vaziyat bo‘yicha so‘rov yuborgan va Ukraina qurolli kuchlarining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limidan javob olgan.

2023 yil mart oyida «Xolodniy Yar» 93-alohida mexanizatsiyalashgan brigadasi bo‘linmalari Baxmut yo‘nalishida ruslar bilan og‘ir janglar olib borgan.

«Vaziyat shaxsiy tarkibni zudlik bilan to‘ldirishni talab qildi. Tegishli tayyorgarlikdan o‘tmagan harbiylar darhol jangovar to‘qnashuv chizig‘iga yuborilmaydi, balki ikkinchi eshelon bo‘linmalarida moslashuv va qo‘shimcha amaliy mashg‘ulotlardan o‘tadi», deyiladi boshqarma javobida.

Zarbalar va vaqt yetishmovchiligi

Urushning hozirgi bosqichida piyoda jangchilar o‘quv markazlarida tayyorlanadi, ular poligonlar deb ham ataladi.

«Ukraina bunday markazlarda tayyorgarlikni tashkil etish va uning sifatini nazorat qilish uchun vertikal tizim qurdi», deyiladi Bosh shtab javobida.

Urushning boshida Rossiya Ukraina poligonlarini yo‘q qilishga harakat qildi.

2022 yil 13 mart kuni Lviv oblastining Yavorov rayoniga raketa hujumi amalga oshirildi. Mahalliy politsiya bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida 35 kishi halok bo‘lgan, 134 kishi jarohatlangan.

2022 yil 17 mayda rus qo‘shinlari Chernihiv oblastining Desna shahridagi 169-o‘quv markazining kazarmasini o‘qqa tutdi. Prezident Zelenskiyning bayonotiga ko‘ra, u yerda 87 kishi halok bo‘lgan.

Ukraina bir necha oy ichidayoq qurolli kuchlar o‘quv markazlarida sobiq tinch aholi vakillarini ommaviy tayyorlashni yo‘lga qo‘yishiga to‘g‘ri keldi.

Safarbar qilinganlarni tayyorlash chog‘ida har daqiqa oltinga teng hisoblanadi. Foto: BBC/GETTY IMAGES

Bu hatto tinchlik davrida ham qiyin vazifa, urush paytida esa vaqt juda kam bo‘ladi.

Buyuk Britaniyada yangi piyoda askarlarni qabul qilish uchun asosiy tayyorgarlik mashqlari 12 hafta davom etadi. Quruqlikdagi qo‘shinlarda harbiy mutaxassislikni o‘zlashtirish uchun esa olti oy vaqt belgilanadi.

Ukraina harbiy harakatlar davomida o‘qituvchilarni tayyorlashga majbur bo‘ldi. Qo‘llanmalar rus tilidan ukrain tiliga tarjima qilindi.

Shu bilan birga, hukumat jangovar tajribaga ega instruktorlarni jalb qilgan holda, mashg‘ulotlarni tashkil etishda yordam so‘rab xalqaro hamkorlarga murojaat qildi.

Urush davrida birgina Buyuk Britaniyada 10 mingdan ortiq ukrainalik askar harbiy tayyorgarlikdan o‘tdi.

AQSh, Germaniya, Chexiya, Polsha va boshqa davlatlar ham ukrainaliklar uchun mashg‘ulotlar o‘tkazmoqda. Ukrainaliklar bu yerlarda ko‘pincha G‘arb qurollarini ishlatishni o‘zlashtiradi.

Minglab safarbar qilinganlar uchun bunday darajadagi tayyorgarlikni tashkil qilish ancha qiyin ish.

«Har bir kun oltinga teng»

«Urush boshlanganda nima bo‘layotganini yaxshi tushungan, g‘ayratli va tayyorgarlikdan o‘tgan ko‘ngillilar frontga jo‘nadi. 2022 yilning bahoridan to kuzigacha esa g‘ayratli, ammo tayyorgarlikdan o‘tmaganlar ketdi. Va keyin g‘ayratsiz va tayyorgarlikka ega bo‘lmaganlar vaqti keldi. Va aynan shu bosqichda o‘quv markazlari o‘z faoliyatini kuchaytira boshladi. Ular bilan o‘zaro aloqalar bor, tayyorgarlik sifati yaxshilanmoqda. Shuni tushunish muhimki, safarbarlik doirasidagi ehtiyojlar front tomonidan belgilanadi», — degan brigadalardan birining katta serjanti.

Serjant avvalgi ishlagan bo‘linmasida safarbar qilinganlarning qo‘shimcha amaliy mashg‘ulotlariga mas’ul bo‘lgan. Shuningdek, u Ukraina qurolli kuchlari poligonlaridagi o‘quv mashg‘ulotlarini nazorat qilishda ishtirok etgan.

Uning brigadasida yarador askarlar instruktorlik ishiga jalb qilingan: ular davolanishni o‘qitish bilan almashtirishlari mumkin edi.

Shuningdek, AQSh, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kanadadan xorijiy mutaxassislar taklif etilgan.

Aynan shunday ustozlarni, ya’ni barcha narsani o‘z tajribasi orqali biluvchi instruktorlarni safarbar qilinganlar hamma narsadan ko‘proq qadrlaydi.

«Bizning qismimizda har bir safarbar qilingan askar, dastlabki tayyorgarlikdan qat’i nazar, yana kamida 10 kunlik asosiy harbiy tayyorgarlikdan o‘tadi. Kechqurun darsdan keyin suhbatlar o‘tkazamiz, ularning harakatlarini tahlil qilamiz. Instruktorlar baho beradi. Bizga jangchilar kerak. Biz birinchi otishmadan keyin askar qochib qolishi yoki halok bo‘lishidan manfaatdor emasmiz», deydi harbiy.

U harbiy tayyorgarlik uchun ajratilgan vaqtni hududni tozalash yoki devorlarni bo‘yash uchun sarflamaslik kerak, deb hisoblaydi.

«Bunday ish qiladigan komandirlar javobgarlikka tortilishi kerak. 2014 yildan beri xizmat qilayotgan barcha ofitserlar bu qabul qilib bo‘lmas holat ekanligini bilishadi. Safarbar qilinganlarni tayyorlash uchun ajratilgan kunlar — oltinga teng kunlardir, ulardan maksimal unumli foydalanish kerak», deydi serjant.

Taktik tibbiyot asoslari, tajribali instruktorlar, sifatli qurollar va ulardan otishni o‘rganish uchun ajratilgan vaqt - safarbar qilinganlarni nisbatan yaxshi tayyorlash uchun talab etiladigan asosiy shartlardir. Foto: BBC/GETTY IMAGES

Safarbar qilinganlarning o‘zi quyidagilarni aytib beradi.

«Umumharbiy tayyorgarligimiz sifatli, eng yuqori darajada. Bizni darsdan chiqarishmadi. Lekin kasbiy tayyorgarlik paytida bizni hudud tozalash, blindaj va xandaq qazish, devorlarni bo‘yash uchun jo‘natishdi. Bizga kasbiy tayyorgarlikni 2000-yillar boshida armiyani tark etgan instruktor o‘rgatdi. U bizga tayyorgarlik aslida qanday bo‘lishi kerakligini eslay olmasligini tez-tez aytardi. U qo‘llanmalarni o‘qishni maslahat berdi», deydi 2022 yil yozida Ukraina harbiy-havo kuchlarining 38-o‘quv markazida tayyorgarlikdan o‘tgan Anton (ism o‘zgartirilgan).

Harbiy havo kuchlari nashr so‘roviga javoban, safarbar qilinganlar ularning kunduzgi naryadlari vaqtida tartibni saqlash ishlariga jalb qilinishi va bu Ukraina qurolli kuchlarining ichki nizomiga zid emasligini aytgan.

«Avtobat» quruqlik qo‘shinlarining 169-markazida tayyorgarlikdan o‘tgan yana bir safarbar qilingan askar BBC nashri bilan suhbatlashgan.

«Vaqtimizning katta qismini mashg‘ulotlar uchun emas, ishlash uchun sarflardik: o‘tin kesish, blindajlardan suvni chiqarish, rota komandiriga ovqat pishirish kabi. Ilgari olingan ko‘plab bilimlar haqiqiy jangovar sharoitlarda kerak bo‘lmaydi. Men chet elda taktik tibbiyot bo‘yicha o‘qidim, keyin ishonchli bo‘linmaga tushib qoldim, bu yordam berdi», deydi Vlad (ism o‘zgartirilgan).

Asosiy tayyorgarlik 30 kun davom etishi kerak. Harbiy mutaxassislikni o‘zlashtirish uchun esa yana 14-40 kun kerak bo‘ladi.

Urush paytida dengiz piyodalarida asosiy tayyorgarlikdan o‘tish va harbiy mutaxassislik bo‘yicha o‘qish uchun 14 kundan ajratiladi. Ya’ni, umuman olganda, harbiy kamida bir oy xizmatga tayyorlanishi kerak.

Bu vaqt ichida u o‘zi bilan frontga olib ketadigan qurolidan otishni o‘rganishi ham kerak.

«Qurolni bergan odam o‘q otish uchun ham javobgar. Agar kunduzi vaqt bo‘lmasa, biz poligonga tunda borardik va askarlar o‘q otishi uchun chiroqlarni yoqar edik», deydi o‘z bo‘linmasidagi safarbar qilinganlar tayyorgarligi uchun javobgar bo‘lgan katta serjant.

Shuningdek, barcha safarbar qilinganlar, qo‘shinlar turidan qat’i nazar, taktik tibbiyot ko‘nikmalariga ega bo‘lishi kerak.

«Yigitlar dam olayotgan paytda biz xandaqda taktik tibbiyot bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Ularga yanada sifatli bo‘lgan dori-darmonlar qutisini ko‘rsatdik. Agar vaziyat o‘zgarsa, biz darsni to‘xtatib, jang qildik», — deydi katta serjant.

Yaradorlarni front chizig‘idan evakuatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi yana bir jangchi ham o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashgan: «Ko‘ngillilar ko‘magi orqali birinchi tibbiy yordam qutilari bilan ta’minlangan askarlar, qutilar ichidagi narsalarni qanday ishlatishni bilmaydi. Va ularni ma’nosiz tumorlar kabi taqib yuradi».

NATO va Ukraina tajribasi

«Bugungi kunda NATO davlatlari mudofaa sohasida Ukrainaning jangovar tajribasini inobatga olgan holda o‘z qarorlarini qabul qilmoqda», deydi Ukraina hukumatidagi manba.

Ukraina bu tajribani xato va sinovlar orqali orttirdi. Ushbu tajriba — ukrainalik yangi safarbar qilinganlarni tayyorlash uchun asosdir.

Harbiylar Ukraina qurolli kuchlari tomonidan to‘plangan tajribani Shimoliy Atlantika alyansi tajribasi va standartlari bilan bir qatorda o‘quv dasturlariga kiritish vaqti kelganiga ishonch bildirmoqda.

Ko‘p narsa, shuningdek, ma’lum bo‘linmalardagi mashg‘ulotlar uchun mas’ul bo‘lgan front ortidagi komandirlarning harakatlariga bog‘liq bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: