2013 yilda berlinliklar va shahar mehmonlarining 27 foizi umumiy shahar transportlari orqali harakatlangan bo‘lsa, bugunga kelib, jamoat transportlaridan foydalanuvchilar, velosipedchilar va piyodalar yo‘l harakati ishtirokchilarining 70 foizini tashkil qilmoqda. Hozirda shaharda avtobus, tramvay, yerosti metrosi, yerusti elektr poyezdi va shahar tashqarisiga olib chiquvchi elektropoyezdlar yo‘lovchilar uchun xizmat qiladi.
Agar shahar transport infratuzilmasi to‘satdan ishlamay qolsa, yo‘lovchilarni tashish uchun kamida qo‘shimcha 1 mln shaxsiy avtomobil talab qilinadi. Shu sababli Berlinda tobora ortib borayotgan shaxsiy transportlar sonini kamaytirish va jamoat transportlariga ustunlik berish maqsad qilingan.
Poytaxt transport infratuzilmasiga muntazam sarmoya kiritilib, shahar jamoat transportidan foydalanish uchun arzon narxlarni saqlash, uning foydasiz yo‘nalishlari ishlashini ta’minlash va harakat tarkibini o‘z vaqtida yangilash uchun har yili shahar va federal budjetdan deyarli 600 million yevro sarflanadi.
2018 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, Berlin shahridagi jamoat transportlari yo‘llarining umumiy uzunligi 5400 kmni tashkil qilgan. Tasavvur qilish uchun Toshkentdan Berlingacha bo‘lgan avtomobil yo‘llari uzunligi 5132 km.
Chiptalar yagona to‘lov tizimi orqali integratsiya qilinib, barcha jamoat transportlari uchun amal qiladi va har bir chipta turli toifalariga ko‘ra sotiladi. Berlinda 3 ta belbog‘li aylanma yo‘llar bo‘lib (A – kichik halqa yo‘li, B – o‘rta halqa yo‘li, C – tashqi halqa yo‘li), yo‘l haqi narxlari ham shu halqa yo‘llariga nisbatan tariflanadi.
Chipta narxlari
Bir martalik chiptalar:
• AB halqalar ichida – 3,20 yevro;
• BC halqalar ichida – 3,80 yevro;
• ABC halqalar ichida – 4,00 yevro.
Qisqa vaqtli chiptalar uchun 2,20 yevro narx belgilangan bo‘lib, ular:
• avtobuslar uchun 6 ta bekatga;
• tramvaylar uchun 6 ta bekatga;
• yerosti va yerusti poyezdlar uchun 3 ta bekat uchun amal qiladi.
24 soatlik chiptalar:
• AB halqalar ichida – 9,50 yevro;
• BC halqalar ichida – 9,90 yevro;
• ABC halqalar ichida – 10,70 yevro.
Shuningdek, oylik va yillik chiptalar:
• AB halqalar ichida – 91 yevro (yillik 774 yevro);
• BC halqalar ichida – 93 yevro (yillik 858 yevro);
• ABC halqalar ichida – 114 yevro (yillik 1038 yevro).
Bundan tashqari kunlik ish vaqtlariga mos bo‘lgan alohida oylik va yillik tariflar ham ishlab chiqilgan.
Metropoliten
Bugun 9 ta liniyada kunlik millionlab yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatuvchi Berlin metrosi 1902 yildan ishlay boshlagan. U o‘z faoliyati boshlanganidan to hozirgi kungacha eng ko‘p yo‘lovchi tashiydigan tezkor va ishonchli shahar transporti turlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Shahar avtobusi
Ikki asrlik tarixga ega bo‘lgan Berlin avtobuslari esa hozirda shahardagi umumiy yo‘lovchilarning to‘rtdan biridan ko‘prog‘ini tashiydi. Dunyoda birinchilardan bo‘lib 1825 yil 20 mayda Brandenburg darvozasi va Sharlottenburg saroyi o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan omnibuslar bugungi zamonaviy avtobuslarning ilk avlodlaridan sanaladi.
Berlindagi yo‘lovchilar shahar avtobuslariga istalgan eshikdan chiqishlari mumkin. Faqatgina chiptasi bo‘lmaganlar avtobus haydovchisidan chipta xarid qilish uchun old eshikdan chiqishadi va xaridni amalga oshirishadi. Oraliq vaqtlari juda qisqa, uzog‘i 4-5 daqiqani tashkil etgani bois avtobuslar ichida tiqilinchlar kamdan kam holatlardagina kuzatilishi mumkin.
Tramvay
Berlin tramvayi ham dunyodagi eng qadimgilardan sanaladi. Tarixga nazarga tashlasak, ilk elektr tramvay 1881 yil 16 may kuni Berlinda harakatlana boshlagan. Bugungi kunda ham tramvaylarga ekologik toza jamoat transporti sifatida shahar transport infratuzilmasining ajralmas qismi deb qaraladi.
Yerusti elektr poyezdi
Shahardagi barcha temiryo‘l transportlarining eng uzun tarmog‘iga ega bo‘lgan Berlin poyezdlari odatda istalgan hududga tiqilinchsiz, kam transfer va vaqt bilan yetib olishning eng yaxshi vositasi hisoblanadi. Germaniyaning bugungi poytaxtida elektropoyezdlar 1924 yilning 24 avgustidan, ya’ni qariyb 100 yildan beri harakatlanadi. Shuningdek, zararli moddalar chiqindilarini kamaytirish dasturi doirasida yo‘lovchi tashishning umumiy tarkibida shahar poyezdlarining ulushini yanada oshirish maqsad qilingan.
Berlin transport infratuzilmasida ijtimoiy qatlam uchun ham qulayliklar hisobga olingan. Deyarli har o‘ninchi berlinlikning yuqori darajada nogironligi bor. Shuningdek, shahar aholisining uchdan biridan ko‘prog‘i u yoki bu tarzda jismoniy imkoniyati cheklanganlardir (bunga, masalan, keksalar, homilador ayollar, yosh bolali ayollar kiradi). Transportlar va yo‘llar keksalar, nogironlar, homilador ayollar, yosh bolali yo‘lovchilar va velosipeddagilar uchun ham qulay qilib moslashtirilgan. Bu toifadagi yo‘lovchilar shaharning istalgan nuqtasiga birovlarning yordamisiz yetib borishlari mumkin. Bunda ularga qulay yo‘llar va hatto jamoat transportlarida belgilar bilan ajratilgan maxsus joylar ko‘makchi bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, o‘zining ikki asrlik tarixi mobaynida Berlin jamoat transporti aholi uchun eng qulay, arzon, xavfsiz va tezkor transport sifatida ishonch qozona olgan. Bir-biriga o‘tib olish uchun ham transportlar integratsiyasi shu qadar oson yo‘lgan qo‘yilganki, til bilmasdan ham shaharning istalgan manzilini bemalol topib borish mumkin.
Sardorbek Usmoniy
Germaniya, Berlin