Berbok: Rossiya «soyadagi floti»ning zanglagan tankerlari - YeI uchun tahdid

Jahon 08:11 2084

Boltiq dengizida boshqaruvni yo‘qotgan va deyarli 100 ming tonna neft bilan Germaniya qirg‘oqlari yaqinida suzib yurgan Eventin tankeri Rossiya «soyadagi floti»ning bir qismi bo‘lib, eski kemalardan foydalanish Yevropa xavfsizligiga tahdid soladi. Bu haqda 10 yanvar, juma kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok ma’lum qildi. Shu bilan birga, Berbok Rossiya prezidenti Vladimir Putinni nafaqat «zanglagan tankerlar parkidan foydalanish» orqali Moskvaga joriy qilingan sanksiyalarni chetlab o‘tishda, balki «Boltiqbo‘yi mintaqasida turizm tahdid ostida qolishini ataylab ta’minlashda» aybladi.

Avvalroq Germaniyaning Markaziy dengiz favqulodda qo‘mondonligi Rossiyaning Ust-Luga portidan chiqqan, 99 ming tonna neft olib ketayotgan Eventin tankeri Germaniyaning Ryugen oroli yaqinida boshqaruvni yo‘qotgani haqida xabar bergan edi. Kemaga uchta nemis buksiri yuborildi. Germaniya tomonining ma’lum qilishicha, kemada neft sizib chiqishi aniqlanmagan, atrof-muhitga hech qanday tahdid yo‘q, ekipajni evakuatsiya qilishning hojati yo‘q.

Eventin Panama bayrog‘i ostida harakatlanadi, lekin aslida, Greenpeace xalqaro ekologik tashkilotiga ko‘ra, u Rossiya Federatsiyasining «soyadagi floti» deb ataladigan kemalardan biridir. U so‘nggi yillarda turli kichik mamlakatlarda ro‘yxatga olingan, ammo amalda Rossiya nazorati ostida bo‘lgan bir necha yuz tankerlardan iborat. Moskva Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi munosabati bilan G‘arb davlatlari tomonidan kiritilgan embargoni chetlab o‘tish uchun ulardan neft sotish maqsadida foydalanadi.

YeI Rossiyaning «soyadagi floti»ga qarshi yangi sanksiyalar paketini taklif qiladi

Boltiq dengizida yana bir suvosti kabeli shikastlangani va Finlandiya hukumati bunda neft tankerini gumon qilganidan keyin Yevropa Ittifoqi Rossiyaning «soyadagi floti»ga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar joriy etish bilan tahdid qildi. «Shubhali kema Rossiyaning harbiy budjetini moliyalashda xavfsizlik va atrof-muhitga tahdid soladigan soyadagi flotning bir qismidir. Biz ushbu flotga qaratilgan keyingi chora-tadbirlar, jumladan, sanksiyalarni taklif qilamiz», deyiladi 26 dekabr kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda. YeI veb-saytida bayonot Yevropa komissiyasi va Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallas nomidan taqdim etildi.

Yevropa Ittifoqi vakillari Finlandiya rasmiylarining tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarini qayd etib, hodisalarga javob sifatida suvosti kabellari himoyasini kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib olishini, jumladan, «takomillashtirilgan axborot almashinuvi, yangi aniqlash texnologiyalari, shuningdek, suvosti ta’miri, imkoniyatlar va xalqaro hamkorlik» haqida ma’lum qildi. «Biz Finlandiya rasmiylari bilan davom etayotgan tergov bo‘yicha ishlayapmiz. Finlandiya, Estoniya va Germaniya bilan to‘liq birdammiz», dedi Yevropa Ittifoqi rasmiylari qo‘shma press-relizda.

Rossiyaning «soyadagi floti» deganda chet el bayroqlari ostida suzib yuruvchi tankerlar nazarda tutilgan bo‘lib, Rossiya ulardan ikki yil avval Ukrainadagi urush munosabati bilan kiritilgan neft embargosini chetlab o‘tish uchun foydalanadi. «Soyadagi flot» xalqaro sanksiyalarni chetlab o‘tib, xom neft va neft mahsulotlarini eksport qilish uchun eski va ko‘pincha sug‘urtalanmagan tankerlardan foydalanadi.

Ko‘proq yangiliklar: