Ta’lim bepul, lekin sinf “remonti”-chi? – Ota-onalar ta’nalarini eng birinchi qabul qilib oladigan o‘qituvchilar dardi haqida

O‘zbekiston 13:42 / 29.05.2023 18216

Ota-onalar orasida o‘qituvchini tushunib, so‘ralgan pulni indamay berib yuboradiganlari ham, tushunmay qonun va qarorlarni pesh qilib, bermasligini oshkor aytadigan, kamiga boshqalarni ham pul yig‘maslikka undaydiganlar bor. Vazirlik yig‘imlar noqonuniy ekanligini biladi va o‘rni kelganda buni eslatib ham turadi. Ammo sinf xonalari qayerdan pul olib ta’mirlanishi masalasi baribir ochiq qolaveradi.

Ko‘pchilik maktabning kapital ta’mirlanishi, ya’ni tom, fasad, maydon, koridor, hojatxona, laboratoriya kabi qismlar ta’miri uchun imkoniyatga qarab har 10-15 yilda davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘ni sinf xonalarining har yilgi ta’miri uchun ham yetarli deb o‘ylashadi. Ya’ni sinf xonalar ta’miri ham davlat yoki budjet hisobidan degan fikrdalar. Aslida unday emas, yillik joriy ta’mir masalasi baribir ochiq qolgan va yuqori tashkilotlarning o‘qituvchilarga bosim qilishi bilan “amallab” kelinmoqda.

Quyida shu masalada ikki o‘t orasida qolgan ustozlar, faollar va ayrim ota-onalarning fikrlarini e’tiboringizga havola qilamiz. Afsuski o‘qituvchilarning ayrimlari shaxsini sir tutishni afzal bilishdi.

“Yil yakunida o‘qituvchi remontni o‘z hisobidan qilishi kerakmi?! Har safar shu mavzu ko‘tarilganda bizni go‘yo “pul yig‘manglar” deya ogohlantirib qo‘yishadi. O‘sha “ogohlantiradigan” tepadagilar keyin maktab direktori, sinf rahbarlarini “Nima qilsang qil, remont o‘z vaqtida, talab darajasida bo‘lishi kerak!”, deb kekirdagidan olishadi! Bolasi ta’lim oladigan maktab uchun 50-60 mingni ayaydigan ota-onaning farzandi kelgusi o‘quv yilida yana borib o‘sha sinfda o‘qishini davom ettiradi-ku?! Direktor ham uyini emas, maktabning remonti uchun jon kuydiradi. Millatning, xalqning bolasi, fuqaroning kelajagi talim oladi shu maskanda!

Ko‘pchilik davlat o‘rtacha har 20 yilda bir marta kapital ta’mir uchun ajratadigan pulni “remontga pul” deb dastak qiladi. Maktabning hududini to‘liq ta’mirlashga yordam berish uchun hokimiyat tomonidan hududdagi tadbirkorlarga “yuklama” beriladi… ta’mirlashga homiy bo‘lasan, deb buyruq qilinadi, direktorga shu homiyni topasan, degan buyruq beriladi.

Ana shundan keyin boshlanadi hammasi… Million martalik muzokaradan keyin o‘sha homiy – tadbirkor bir qism mablag‘ni tovar sifatida maktabga yetkazadi. Qolganini maktab kayerdan topsayam, remont tugatilishi kerak.

Lekin nimagadir davlat remont qiladi maktabni, degan bong urish davom etib kelaveradi haligacha. Baloga qolgan o‘qituvchi. “Ta’lim bepul-ku”, deydiganlar remont ta’lim jarayoniga kirmasligini bilmaydigandek gapirishdan charchamaydi. Ishqilib, o‘qituvchiga, direktorga sabr!

Hozirgi bozor narx navosi bilan 30-35 nafar, ayrim sinflarda 40 nafardan ortiq bola o‘qiydigan xonalarni yengil ta’mirlash uchun ketadigan mablag‘ni usta puli bilan birga hisoblab chiqing-chi, qancha summa bo‘ladi?

Ota-onalar tomonidan maktab va o‘qituvchi sha’niga aytilayotgan salbiy fikrlarni o‘qib turib, “dod” deb yig‘lagisi keladi odamning! Bu fikrlar o‘qituvchini ochiqdan ochiq, sen o‘g‘risan, deb haqorat qilishdan boshqa narsa emas!

Mamlakatimiz budjeti jonkuyarlari bor – MOLIYaChILAR! Savolni hech kim shularga bermaydi-da, faqat o‘qituvchilarga tosh otadi hamma. Chunki o‘qituvchilarga tosh otsa bo‘laveradi. Nimagaki, ularning himoya qiladigani yo‘q!

Agar hozir o‘qituvchilar o‘zining haqligini isbotlamoqchi bo‘lsa, avval ta’limni BOShQARADIGANLARdan naqd baloga qoladi. Keyin hokimiyat, prokuraturadan bosim boshlanadi. Keyin esa tekshir-tekshirlar, asabbuzarliklar, davomli ezishlar… Ehheyeye, oxiri yo‘q! Eng yomoni – boshqaruvda o‘tirganlar xalqqa ta’lim bepul, ta’mirga pul terilmaydi, deb qonunni eslatadi, ta’limga esa, qayerdan topsang ham, topshiriqni bajar, deydi. Buyoqda ota-onaning ikki qo‘li bolasiga ta’lim berayotgan ustozlarning yoqasida! Qanaqa bo‘ldi bu? Millatning bolasini o‘qitaman deb quruq oylikka qanoat qilib ishlaydigan o‘qituvchilarning aybi nima?!”

* * *

“Men o‘qituvchiman. O‘zbekistonning faol fuqarosi sifatida o‘z majburiyatlarimni va majburiyatimga kirmaydigan vazifalarni ham to‘laligicha, vijdonan bajarib kelyapman. Sababi, darsimni kesishlarini, bolalarim rizqini qiyishlarini xohlamayman. Prezident saylovi, Referendum, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi depututlari sayloviga, xokimiyat organlarining ommaviy yig‘ilishlariga joy to‘ldirish maqsadida va turli jamoat ishlariga hech ikkilanmay jalb qilinaman.

Rahbarim maktab direktori desam adashgan bo‘laman. Chunki IIB boshliqlari, prokurorlar, hokim va o‘rinbosarlari ham menga xo‘jayin. Ba’zan ketimga tepib ishlatadi, ba’zida yakshanba kunlari xam ishlashimga to‘g‘ri keladi. Bunday holatlarning hech biridan xafa ham bo‘lib o‘tirmayman. Chunki ular mening o‘quvchilarim, ota-onasi ta’biri bilan aytganda, o‘zim noto‘g‘ri tarbiya berganman. Men ayol kishi bo‘lib, ba’zida yetishmovchilikdan ta’til vaqtlari dalaga “chastnyy” ishlarga chiqib turishdan uyalmayman. Erkak kishi bo‘lib esa, otpuskadan unumli foydalanib, g‘isht quyib sotaman, ustalarga “podsobnik” bo‘lib olaman, imkon topib, “vykupka”ga mashina olib, bo‘sh vaqtimda kirakashlik qilaman. Boshqalarga o‘xshab, oylikni qachon oshirisharkin, deb davlatdan umidvor bo‘lib o‘tirmayman. Oylik oshishini aytishganidek uch-to‘rt yil, oshmasa ham besh-o‘n yil kutishga sabrim yetadi. Chunki noshukurlik barakani uchirishini juda yaxshi bilaman. Bu borada o‘rnak bo‘la olaman. Bu xislatim ustozlarimdan meros, faxrlanaman!

Uzr, sizlar bilan ko‘p valaqlashib o‘tirishga vaqtim yo‘q, maktab tugadi, maktabda qiladigan ishim ancha kamligi uchun ko‘chalarga chiqib, ota-onalar bilan dildan suhbat qilib kelishim kerak. Albatta suhbatimiz mavzusi sizga qiziqdir?

Farzandlarining yoz fasli davomida cho‘milishlarga bormasligini o‘z nazoratimga olishim, kechasi soat 22:00 dan keyin ko‘chada “sang‘ib” yurmasliklari uchun o‘qituvchilar jamoasi tomonidan tungi navbatchilik tashkil qilinganligi xaqida tushuntirish ishlari olib boraman. Agar ota-onalar farzandidan bezor bo‘lib ketishsa, maktabda yoz davomida kun bo‘yi to‘garaklar, lagerlar faoliyat olib borishi, o‘qituvchilar o‘quvchilarni intiqlik bilan kutishini “hayajon bilan” so‘zlab beraman. Ota-onalarni har xil gap so‘zlarga uchmasdan, allaqanday maktab remontiga homiylik qilishlari xaqida biror bir shaxs iltimos qilib kelib qolsa, zudlik bilan ishonch telefon raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlarini qattiq tayinlayman. Davlatimiz barcha maktablarni to‘layotgan soliqlarimiz hisobidan 100 foiz ta’mirlab berishini aytib, ularning ko‘nglini xotirjam qilib, o‘zim ham chog‘ kayfiyatda qaytaman. Qayta turib, “xozmag”chi ukadan ta’tilga chiqmasdan oldin, oylik tushsa beraman deb olgan 8 banka polovoy va oq bo‘yoq, katta paqirda emulsiya, valik, cho‘tka, rastvoritel degandek mayda-chuydalarni pulini to‘lash uchun kiraman. Bu narsalarni men har yili yozgi ta’tilda o‘z xonadonim ta’miri uchun olib ishlataman. Tag‘in bilib-bilmay boshqa xayolga borib yurmang. Serfarzandman, farzandlarim sho‘x, har yili yozda ta’mirlab olmasam, keladigan “komissiya” yo‘g‘-yey, mehmonlarim oldida xijolat bo‘lib qolmasligim kerak-ku. Narigi do‘kondan 8 metr parda olgandim, plastikdagi pul “xozmag”ga bazo‘r yetdi. Endi avgust oyligigacha narigi ko‘cha bilan aylanib o‘tib turaman...

Xullas, meni tushungan tushundi. Boya aytganimdek vaqtim ziqroq, biror narsa yodimdan ko‘tarilgan bo‘lsa, yana bir ko‘rishganimizda aytarman, omon bo‘ling! ..

* * *

“Maktablarni ta’mirlash mahalliy hokimlik va ularning moliya organi tuman moliya bo‘limlariga topshirilgan, bu to‘g‘ri.

Oxirgi 4-5 yilda ta’mirlash uchun qandaydir mablag‘lar ajratiladi. Masalan 2-100 mln so‘mgacha. Buning ichida kuz-qishga tayyorgarlik ham kiradi. Joriy, shunchaki bo‘yab qo‘yish uchun 500 nafar o‘quvchi o‘qiydigan maktabga 30 mln atrofida mablag‘ zarur bo‘ladi (hisoblab ko‘rilgan). Odatda ta’mir deganda shunchaki u yer-bu yerni kosmetik suvab, ustidan bo‘yab qo‘yish tushuniladi. Lekin oxirgi yillarda maktablar zamonaviylashtirib qurilayotgani, ularga turli dizayn, zamonaviy bo‘yoq va qurilish ashyolari ishlatilgani sabab bunaqa “bo‘yab qo‘yishlar” o‘tmay qoldi. Ta’mirlashmi-jiddiy ta’mirlash zarur bo‘lib qoldi. Mayli, bu ham bir masala, asosiysi o‘sha bo‘yab qo‘yishga ajratilgan 2-10 mln so‘mga ashyolar va materiallarni birjada o‘ynab sotvolasiz. Unga birja to‘lovlariyam kamgina bo‘lsa-da ta’siri bor. Asosiysi, bu ta’mirni qiladigan usta uchun hech qanday imkon yo‘q. Chunki faqat ashyo va material sotib olinadi. Qolganini o‘qituvchiga qildirish kerak. Chunki maktabda bunaqa ish bilan shug‘ullanuvchi bo‘yoqchi, usta, “raznorabochyy” shtatlari qolmagan. Muammo ana shunda.

Boshiga qaytaman, summa ajratiladi, lekin o‘ta kam. Bu summaga sifatli hech nima sotib olib bo‘lmaydi. Ta’mir faqat bo‘yoqdan iborat emas. Ishchilar, ularga ish haqi, ovqatlanish, ashyolar zarur. Bunga mablag‘ yetmaydi. Xullas, ta’mirlash uchun davlatning ajratgani har qanaqasiga yetmaydi”.

* * *

Sobiq o‘qituvchi Dildora Rahimova:

“Moliya vazirligi shaffof ma’lumotlarni ko‘rsatishini talab qilish kerak. Chunki aynan o‘rta ta’lim tizimiga ajratilgan budjet pullari qani, qanday sarflanyapti? Chunki ko‘p eshitganman, ajratilgan pullar maktabga yetib kelguncha ancha qismi talon-toroj bo‘lib ketadi, lekin direktorga 100 foiz oldim deb imzo qo‘ydirishadi va yana remontga direktor javobgar. Asosiy masala yo‘ldagilarda!”

* * *

Muhammad Usmonov:

“Men o‘z o‘quvchilarimga pul yig‘ish ixtiyoriy, olib kelmasangiz urishmayman, dedim. Sinf xonasini ota-onalarga ko‘rsatdim, farzandlari tepgan devorni rasmga oldim. Vanihoyat vaqf degan narsalar azaldan bo‘lganini aytdim. Xohlovchilar olib kelishdi.

* * *

Feruza Tojiyeva:

Menda qo‘shimcha fikrlar bor. Aynan remont masalasida har yili may oyida turli xil bahslar boshlanadi. Bir yoqda ota-onalar remont pulidan norozi bo‘lib chiqadi, bir yoqda o‘qituvchilar qiynaladi. Yuqori tashkilotlarimiz esa pul yig‘ilmasin, deb chetda jim turaveradi.

Tuman hokimlariga ham oson deb bo‘lmaydi, chunki hokimlarning ham hali yo‘l ta’miri, hali ko‘p qavatli uylar ta’miri yelkasida turadi. Maktablar esa har bir tumanda 1 ta yoki 2 ta emas 30 talab bor.

Ana endi remont masalasida esa aniq bir yechimlar yo‘q. Biroq ayrim maktablarda aqlli va haqiqiy menejyer rahbarlar hech kimga, hech qanday tashkilotga kuni qolmay, o‘zlarining maktab hisobraqamiga yil bo‘yi tushirgan pullariga remont qildirmoqda. Mana endi savol tug‘iladi. Nega hamma maktab rahbarlari mana shunday imkoniyatni yil davomida harakat qilib, remont degan masalaga yechim izlamaydi? Yil oxirida esa ota-onalar bilan bahslarga sabab bo‘ladi.

Aslida mening ham fikrim va taklifim maktab rahbarlari qo‘shimcha pul topib hisobraqamini boyitishga harakatni yozdayoq reja qilib qo‘yishi kerak. Har qanday maktabda qo‘shimcha yer maydonlari, xonalari mavjud. Oddiygina pastki sinflarda muddati uzaytirilgan darslar o‘tish orqali ham hisob raqamni boyitish mumkin. Bundan tashqari aqlli rahbar zamonaviy o‘quvchilar uchun yangi-yangi takliflarni amalda sinab ko‘rishi mumkin.

Mening fikrimcha, bu remont masalasida hamma jim turib ota-onalar va oddiy sinf rahbar bahs qiladigan jarayon emas. Yuqori tashkilotimiz hamda maktab rahbarlarimiz yilni boshidanoq harakat qilib yechim topiladigan jarayon hisoblanadi”.

* * *

Sitora Alixonzoda, Turkiyada yashovchi vatandosh:

“Turkiya maktablarining menga eng yoqqan tomoni ham mana shu bo‘ldi: remontga, bayramga, o‘qituvchiga va hokazo o‘quvchining shaxsiy manfaatlaridan tashqarida bo‘lgan narsalar uchun pul yig‘ilmaydi. Yig‘ilganda ham faqat kitob va shunga o‘xshash foydali narsalarga yig‘iladi”.

* * *

Nafisa Ortiqova:

“Sinf rahbaridan direktor remontga, so‘nggi qo‘ng‘iroqqa va boshqa narsalarga ota-onalardan pul yig‘mayman, degan mazmunda kafolat xati yozdirib oldi. Amalda sinf rahbari o‘rtacha 25-35 mingdan remont uchun pul yig‘ib oldi. Shuncha ishlagan bo‘lsam hali maktab remonti uchun biror tashkilot mablag‘ yoki tovar olib kelib berganini bilmayman. Tepadagilar “pul yig‘ma” degani bilan kaltak yana oddiy o‘qituvchining boshida sinadi”.

* * *

“Remont masalasi bamisoli koptok, hamma aybni bir-biriga otadi. Uzil-kesil yechim yo‘q hanuz. Eng qizig‘i, maktab remontiga o‘quvchilardan yig‘iladigan summaning har joyda har xilligi. 30 mingdan 130 minggacha eshitdim. Nega yagona summa yo‘qligi ham qiziq...”.

Maqsud Xolmatov:

“O‘qituvchilarga amaldorlar tomonidan “remontga pul yig‘mang” deyilgani bu “remontni ota-onalar bilan o‘zing qilasan” deganidir. Shu oddiy haqiqatni yillar davomida tushuna olmagan ayrim ziqna ota-onalar maktab uchun bir yilda yarim kilo go‘shtning pulini ko‘p ko‘radilar. Butunlay nochor bo‘lgan ota-ona bo‘lsa, bundaylar uchun homiylar yordami bor. Faqat maktab uchun ziqnaligingiz tutmasin. Sinf xonalarning ta’miri har yili doimo ota-onalar hisobidan bo‘lib kelgan. Xususiy maktab bo‘lsa, bu boshqa masala”.

* * *

Isoqjon Pozilov:

“O‘qituvchi — afsuski odamlarning 2-sorti. Ma’lumot uchun: onam ham o‘qituvchi bo‘lgan, o‘zim ham sohada ishlaganman. Lekin o‘zini xo‘rlagan ham, bu darajaga tushirmaslik uchun birlashib kurashishi kerak bo‘lgan ham uning o‘zi. Hecham ularga birov haq-huquq taqdim qilmaydi. Ammo birov osmondan tushib o‘zgartirib berishini kutadigan sustkash, shashti past qatlam. Ko‘pchilik qatori...”.

* * *

Qizimning o‘qituvchisi qo‘ng‘iroq qilib qoldi. U yoq bu yoqdan gaplashib turib, nimanidir ayta olmayotganini sezdim va so‘radim. Ming istihola bilan “bir banka kraska olib berolasizmi, sinf remontiga” dedi. To‘g‘risi, bo‘g‘zimga nimadir tiqilgandek bo‘ldi, chunki ko‘p yillar maktabda ishlaganman va bu holat mening ham boshimdan o‘tgan. Bir banka emas ikki banka qilib olib berdim.

Sababi, o‘sha o‘qituvchining holatini juda yaxshi his qildim. Endi tasavvur qiling, nechta ota-onaga sarg‘ayadi va eng og‘riqlisi o‘sha ota-onalarning nechtasidan dakki eshitadi bechora o‘qituvchi? Shu o‘rinda ota-onalarimizdan ham ularni ozgina tushunishlarini so‘ragan bo‘lar edim, bo‘lsa imkon qadar, bo‘lmasa bir sho‘rlikning dilini siyoh qilish kerak emas. O‘sha maktabda bizning farzandlarimiz ta’lim olishadi!”.

Mavzu bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Laylo Rustamovadan quyidagicha izoh oldik:

“MAKTAB TA’MIRI UChUN OTA-ONALARDAN MAJBURIY PUL YIG‘IMLARIGA YO‘L QO‘YILMAYDI!

“Har yili o‘quv yili yakunlanishi bilan ijtimoiy tarmoqlarda ota-onalardan maktab ta’miri uchun pul yig‘ilayotgani yuzasidan ko‘plab savollar va murojaatlar kelib tushadi.

Aytish joizki, O‘zbekiston Prezidentning tegishli Farmon va Qarorlarida umumta’lim maktablarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash, ta’mirlash va infratuzilmasini yaxshilashga mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari shaxsan mas’ul ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Shularni inobatga olib, maktablardagi har qanday majburiy yig‘imlar noqonuniy ekanligini ma’lum qilamiz.

Maktablarga yordam berish ixtiyoriy bo‘lib, unga beg‘araz homiylik qilish istagida bo‘lgan fuqarolar va ota-onalar esa buni qonuniy yo‘l bilan, ya’ni homiylik mablag‘larini maktabning hisobraqamiga o‘tkazgan holda rasmiylashtirishlari mumkin. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi maktab rahbarlaridan har qanday majburiy yig‘imlarga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘raydi”.

Ko‘rinadiki, bu boradagi bahslar hali-beri yakuniga yetadigan emas. Bu masala bo‘yicha davlat tomonidan qat’iy qarorga kelish vaqti kelgan. Agar baribir sinf xonalar ta’miri o‘qituvchilar va buning ortidan ota-onalar zimmasida qoladigan bo‘lsa, buni tan olish va qonuniylashtirish lozim. 

Bu yerda shuningdek Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligining “sinf xonalarni ta’mirlash uchun ham o‘quvchilar (ota-onalari)dan pul yig‘ilmaydi. Maktablarni 2023-2024 o‘quv yiliga tayyorlash uchun respublikadagi shuncha miqdorda ta’mirtalab sinf xonalarini ta’mirlash uchun falon mlrd so‘m ajratilgan” degan axboroti bo‘lishi mumkin edi. Hozircha biz bunday axborotga ega emasmiz. Zora mazkur maqola e’lon qilinganidan keyin bu masalada tayinli biror gap e’lon qilinib qolsa...

Abror Zohidov

Ko‘proq yangiliklar: