O‘zbekistonda haj mavsumi 4 iyundan boshlanadi

O‘zbekiston 10:02 / 28.05.2023 17280

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita O‘zbekistonda haj mavsumi qachon boshlanishi bo‘yicha ma’lumot e’lon qildi

Ma’lum qilinishicha, 4 iyundan 19 iyunga qadar O‘zbekiston bo‘ylab 10 ta aeroportdan har kuni 4 tadan reys Saudiya Arabistoniga uchadi. O‘tgan yillarda ziyoratchilar respublikaning 7 ta hududiy aeroportlaridan kuzatilgan bo‘lsa, bu yil yanada qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekistonning 10 ta hududiy aeroportlaridan — Toshkent-Madina, Buxoro-Madina, Namangan-Madina, Farg‘ona-Madina, Samarqand-Madina, Qarshi-Madina, Termiz-Madina Urganch-Madina, Nukus-Madina va Navoiy-Madina yo‘nalishlari bo‘yicha ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.

«Haj va umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Respublika Jamoatchilik kengashi Haj – 2023 mavsumiga tayyorgarlik ishlarini turli yo‘nalishlarda amalga oshirmoqda. Jumladan, ziyoratchilarni guruhlarga ajratish, ellikboshilar biriktirish, ularning malakasini oshirish, shifokorlar ajratish, oshpazlarni jalb etish ishlari yakuniga yetkazildi.

Haj-2023 mavsumiga tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgan va ayni paytda ular tomonidan barcha tashkiliy va amaliy sa’y-harakatlar olib borilmoqda», deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Musulmonlar idorasi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita haligacha Haj uchun kvotalar sonini ma’lum qilmadi. Bo‘lajak hojilar haj uchun 68 mln 760 ming so‘mdan to‘lashayotgani ma’lum.

Ko‘proq yangiliklar: