Belarusda yadro quroli joylashtirilishi nimani anglatadi?

Jahon 20:00 / 28.05.2023 20566

Belarus prezidenti Lukashenko, keyingi 2-3 yil davomida, Putindan Belarusda yadro qurolini joylashtirishni so‘rab kelar edi. Ya’ni bu rasman Lukashenkoning so‘rovi edi. 2020 yilgi Belarusdagi ommaviy namoyishlar va Ukraina urushi fonida, Rossiya-Belarus munosabatlari jiddiy o‘zgardi. Unga qadar Lukashenko Rossiya bilan yaqin edi, lekin tashqi siyosatda ma’lum muvozanat saqlab kelardi. Ukraina urushi boshlangach, bu muvozanat yo‘qoldi.

Xo‘sh, Rossiyaning taktik yadro quroli Belarus hududida joylashtirilishi, bu ikki davlatga nima beradi? Ularning manfaatlari nima?

Lukashenko uchun, bu – global maydonda “daxlsizlik” maqomini beradi. Agar e’tibor berilsa, qaysi davlatda yadro quroli bo‘lar ekan, ushbu davlat bilan ancha ehtiyotkorona muloqotda bo‘lishadi. Chunki yadro qurolining ishlatilishi juda halokatli baholanadi.

Misol uchun, Shimoliy Koreyada yadro quroli borligi, bu davlatga nisbatan o‘ta ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni taqozo qiladi. Shimoliy Koreya yadro qurolining homiysi – sobiq SSSR va bugungi Xitoy Xalq Respublikasi ekani ma’lum. Agar KXDRda yadro quroli bo‘lmaganida edi, bu davlatdagi o‘ta repressiv va ta’bir qilib bo‘lmaydigan siyosiy tizim, kuch ishlatish orqali yiqitilgan bo‘lish ehtimoli yuqori edi.

Boshqa misol – Muammar Qazzofiy Liviyasi. Agar Qazzofiyda yadro quroli bo‘lganida edi, tashqi davlatlar uni yiqitish uchun harbiy operatsiyani amalga oshirishdan tiyilgan bo‘lar edi.

Demak, Rossiyaning taktik yadro raketalarini o‘z hududiga joylashtirib, Lukashenko o‘zi uchun xavfsizlik va daxlsizlik soyabonini yaratishga erishmoqda.

Putin-chi, bu unga nima beradi? Bu orqali Putin kollektiv g‘arbga o‘zining shart va talablarini yetkazdi. Putin, g‘arbda bamisoli “agar men bilan tezroq kelishuvga erishmasangiz, dunyodagi marginal davlatlarga yadro qurolini berishda davom etishim mumkin, nima qila olasiz?!” demoqda.

Bu holatga, Xitoy Xalq Respublikasining munosabati qanday? Rasman, hozircha munosabat yo‘q. Lekin bu masalada Pekinning ikkita manfaati to‘qnashmoqda.

Birinchisi – kollektiv g‘arbga bosim sifatida, bu ish Pekinga yoqishi mumkin. Lekin ikkinchi masala – AQShning Xitoyga yaqin bo‘lgan ittifoqchilari, Janubiy Koreya, Yaponiya va boshqa davlatlarda taktik yoki strategik yadro quroli joylashtirilishini, Xitoy mutlaq istamaydi. Shuning uchun, Belarusga Rossiya yadro quroli joylashtirilishini rasman qabul qilishi oson bo‘lmaydi.

Belarusda yadro qurolining joylashtirilishi, Yevropada va possovet hududidagi harbiy, xavfsizlik va geosiyosiy vaziyatni juda taranglashtiradi. Bu ish Yevrosiyodagi strategik barqarorlikka yangi chaqiriq bo‘ldi. Yevropa va ayniqsa Ukraina, qo‘shimcha asabiylashib boshladi. AQSh ham. Possovet hududiga bu holat albatta ta’sir qiladi.

Misol uchun, o‘tgan haftada Moskvadagi YeOII sammitida chiqish qilgan Qozog‘iston prezidenti To‘qayev Yevrosiyo ittifoqi ichida yana bitta ittifoq – Rossiya-Belarus birligi borligini “muammo” deb atadi. To‘qayev bamisoli “Yevrosiyo Ittifoqi ikki komandaga bo‘linib qolmoqda: Rossiya va Belarus bir tomon, qolganlar bir tomon. Qaror qabul qilishda ham, Moskva va Minsk kelishib olib, o‘z manfaatlarini qolganlarga o‘tkazishmoqda” degan bir pozitsiyani nazarda tutgandek bo‘ldi.

O‘zbekistonning 2018 yilda qabul qilingan Mudofaa doktrinasida, yadro quroli alohida muammo va tahdid sifatida tilga olinadi. O‘zbekiston, Markaziy Osiyo hududi yadrodan xoli bo‘lgan hudud bo‘lishi kerakligini urg‘ulaydi. Rossiya yadro quroli Belarus hududiga joylashtirilishi, possovet hududi, jumladan, Qozog‘istonda ham ma’lum bezovtalikka asos beradi. Demak, Rossiyaning yadro qurolini Belarusda joylashtirishi O‘zbekistonning va Markaziy Osiyo mintaqasining ham manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: