Suriyaning Arab ligasiga qaytishi. Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat qanday o‘zgaryapti?

Jahon 13:46 / 27.05.2023 15015

2011 yil Yaqin Sharq mintaqasining bir nechta davlatlarida norozilik namoyishlari ortidan inqiloblar yuz berdi. Bu voqealar tarixga Arab bahori nomi bilan yozildi. Suriya esa global kuchlarning to‘qnashuv poligoniga aylandi va Arab davlatlari ligasidan chiqarib yuborildi.

Oradan 12 yil o‘tib, Bashar Asad tashkilot uchrashuviga yana taklif qilindi. Kun.uz muxbiri siyosatshunoslar Habibullo Azimov va Kamoliddin Rabbimov bilan Suriya inqirozi, Yaqin Sharq mintaqasidagi geosiyosiy vaziyat haqida suhbatlashdi.

— Arab davlatlari ligasi aslida nima maqsadda tuzilgan edi va tashkilot a’zolari nega Suriyani avval yakkalab, keyin yana tashkilotga qaytarishga qaror qilishdi?

Habibullo Azimov: Avvalambor, dunyo siyosiy xaritasiga e’tibor beradigan bo‘lsak, Shimoliy Afrika va Yaqin Sharqda 22 ta arab davlati mavjud. Ular 13 mln kv km yer maydoniga va 370 mln aholiga ega. Bu mamlakatlar strategik va resurs nuqtayi nazaridan eng unumli mintaqalarda joylashgan. Ularni birlashtirib turuvchi tashkilot esa – Arab davlatlar ligasi (Arab birligi)dir.

Tashkilotning tarixiga qaraydigan bo‘lsak, unda dastlab Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan 1934 yilda Iroq qirolligi bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatiladi. Keyinchalik, 1944 yilda Misrda Iskandariya protokoli tuziladi, shundan keyin Qohirada Misr, Saudiya Arabistoni va Suriya kabi mamlakatlar ishtirokida rasman Arab davlatlari ligasi tashkil qilinadi.

Tashkilot 22 ta Arab davlati o‘rtasida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy va ma’naviy aloqalarni rivojlantirish, ularning mavjud muammolarini birgalikda hal qilish, hududiy daxlsizlikni ta’minlash, ichki va tashqi xavflarning oldini olish masalalarida bir-birlariga ko‘maklashish maqsadida tuzilgan.

Kamoliddin Rabbimov: O‘zlik eng katta ittifoqlar yoki ziddiyatlarga asos bo‘lgan. Arab davlatlar ligasi zamirida bitta o‘zlik turadi, ya’ni bu davlatlarning barchasi arab tilida gaplashadi va aholisining asosiy qismi musulmonlar. Ikkita fundamental omil: til va o‘zlikning kelib chiqishi hamda din, bu albatta, eng katta integrator va ularni birlashtiruvchi asosiy omil. Bu ularda bir tomondan umumiy dunyoqarashni shakllantiradi, ikkinchi tomondan esa ularning birlashuvini taqozo etadi.

Globallashgan dunyoda arab davlatlari juda katta inqirozlarni boshdan kechirdi, xususan, 1947 yilda Yaqin Sharqda Isroilning qaytadan tashkil topishi. Bu davlatning qaytadan tashkil topishi, deyishimning sababi – tarixda o‘sha hududlarda chindan ham yahudiy qabilalari mavjud bo‘lgan. Islom dini paydo bo‘lgan vaqtda u yerda Isroil davlati bo‘lmagan, ya’ni tarixiy Isroilning yo‘q bo‘lib ketishida musulmonlarning qo‘li yo‘q, bu aslida xristian dinining sivilizatsiyasi bilan bog‘liq. 1947 yilda Isroil tashkil topganidan keyin, arab davlatlari katta-katta inqirozlarni boshdan kechirdi, bu davrda Arab ligasi asosiy koordinator rolini o‘ynadi.

1990 yillarga qadar, Sovuq urush davrida arab dunyosi ikkiga bo‘lingan edi, ularning bir qismi Amerika, bir qismi esa Sovet ittifoqi tarafdorlari bo‘lgan. Shuningdek, ular orasida hech kimga qo‘shilmaydigan vakillar ham bor edi. 1990 yillardan keyin, mintaqadagi geosiyosiy vaziyat o‘zgardi, bugungi kunda ham yangi bir geosiyosiy vaziyat yuzaga kelgan.

Arab birligining asosiy maqsadi – yagona sivilizatsiya sifatida hamjihat bo‘lish, muammolarni birgalikda hal qilish va tashqi tahdidlarga birgalikda javob berish. Lekin bugungi kunda bu birlikni “shartli birlik” deb atash mumkin, ya’ni vaziyat ancha murakkab.

Arab dunyosida yagona axborot hududi mavjud, ular shu mintaqada ko‘zga ko‘ringan sportchilar, siyosatchilar, olimlar yoki san’atkorlarni taniydi. Taqqoslash mumkinki, biz qo‘shni Qozog‘istonda qaysi san’at arboblari borligini bilmaymiz, ya’ni biz Markaziy Osiyoda yagona axborot va madaniy hududga ega emasmiz. Lekin Rossiyadagi deputatlardan tortib, san’atkorlargacha yaxshi taniymiz. Xuddi shunday, arab dunyosi ham yagona axborot hududida o‘tiradi va ularning axborot makoni birlashgan. Ammo o‘rtadagi geosiyosiy va siyosiy ziddiyatlar nihoyatda kuchli. Demak, Arab ligasi ular o‘rtasidagi birlikni ta’minlash maqsadida tashkil etilgan, biroq hozirda bu birlik yo‘q va bunga bir emas, bir nechta sabab mavjud.

Habibullo Azimov: Shuni ta’kidlash kerakki, arab davlatlari o‘rtasida birlik yo‘qligi masalasida juda ko‘p tortishuvlar bor. Nima uchun arablar birlasha olmaydi? Hatto arablarning o‘zlarida shunday bir maqol bor: “Arablar o‘zaro kelishmaslikka kelishib olishgan”. Ya’ni 22 ta arab mamlakati bo‘lsa, ularning turli mintaqalardagi vakillari, masalan, Fors ko‘rfazidagi davlatlar yoki Shimoliy Afrikadagi davlatlarning ichida ham o‘zaro bo‘linish holatlari juda ko‘p uchraydi. Ammo 1950 yillarda Misrdagi Jamol Abdul Nosir inqilobidan keyin ular orasida: “Arab davlatlari arabchilik ostida birlashishi kerak”, degan g‘oya paydo bo‘ldi. Ya’ni islom dini paydo bo‘lishidan avval ham arablar bor edi va din ularni yaxshi birlashtira olmagani sababli, Jamol Abdul Nosir arabizm ostida birlashish g‘oyasini o‘rtaga tashlagan.

Biroq bu g‘oya ham arab dunyosida to‘liq qo‘llab-quvvatlanmadi. Bu orada arablar hatto sotsializm ostida birlashish g‘oyasini ham o‘rtaga tashladi, 1943 yilda Suriyada arab sotsializmining g‘oyaviy otalari bo‘lgan Mishel Iflak, Ikram Xevrani va Zakiy Aruziylar “Baas” partiyasiga asos solgan va arablarni sotsializm g‘oyasi ostida birlashishga chaqirgan. Bu g‘oya bir muddat Suriya, Iroq yoki Misr davlatlarida muvaffaqiyatga erishgan bo‘lsa-da, butun boshli arab dunyosini qamrab olishi mumkin emasdi, chunki bu davlatlardagi siyosiy yoki boshqaruv tizimlari turlicha edi.

— Birlikdagi mamlakatlarning o‘zaro ziddiyatlari ularning birlashishga bo‘lgan harakatlari samara bermayotganini ko‘rsatmoqda. Bunga asosiy sabab nima va bunda tashqi ta’sirlarning roli qanchalik katta?

Habibullo Azimov: Albatta, arab dunyosida katta siyosiy qudratga ega davlatlar bor, lekin ularga nisbatan tashqi ta’sirlar ham doim mavjud bo‘lgan. Deylik, Jamol Abdul Nosir davridagi Misr SSSR bilan yaqin aloqalarga ega bo‘lgan, uning vafotidan keyin hokimiyatga kelgan Anvar Saadad G‘arbga qaratilgan siyosatni amalga oshirgan. Jumladan, 1973 yilda boshlangan Isroil va Arab koalitsiyasi o‘rtasidagi urushda arablarning g‘alabaga bo‘lgan ishonchi bor edi, lekin Misrning urushdan chiqib ketishi va Isroil tomonidan egallab olingan Sinay yarimorolining Misrga qaytarilishi sharti qabul qilinishi boshqa arab davlatlarining Misrga nisbatan e’tirozlariga sabab bo‘lganini ko‘rishimiz mumkin.

Bundan tashqari, 2010 yilda Tunisda Muhammad Aziz ismli sayyor meva sotuvchining hukumat binosi qarshisida o‘zini yoqib yuborishidan keyin, Tunisda 1987 yildan beri hokimiyat tepasida bo‘lgan Zaynal Bin Al-Obidin hokimiyatni tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Demokratik haq-huquqlarni talab qilish bahonasida boshlangan namoyishlar, keyinchalik Misr, Tunis va Suriya kabi mamlakatlarda inqiloblarga sabab bo‘ldi. Albatta, bunda tashqi kuchlar ta’siri sezilarli darajada mavjud.

Kamoliddin Rabbimov: Habibullo Azimov Arab bahorida tashqi omillarning ta’siri katta bo‘lgan, degan fikrni o‘rtaga tashladi, biroq men bu ko‘proq ichki omillar bilan bog‘liq deb o‘ylayman. Chunki arab dunyosida avtoritar siyosiy model o‘zining barcha resurslarini to‘liq sarflab bo‘lgan edi. Hokimiyatda uzoq muddat o‘tirish, islohotlarning ancha vaqt davomida orqaga surib kelingani bunda ko‘proq rol o‘ynagan. Qolaversa, kollektiv g‘arb Arab bahoridan o‘z maqsadlariga to‘liq erishgani yo‘q. Hatto Arab bahoridan keyin Misr hokimiyatiga Mursiy keldi va u siyosiy islom vakili edi. Demokratiya orqali hokimiyatga kelgan rahbar Amerika uchun ham, Isroil va Saudiya uchun ham juda noqulay shaxs edi.

Ma’lumki, Mursiyning “yiqilishidan” Isroil va Saudiya manfaatdor bo‘lgan. Ya’ni o‘sha vaziyat G‘arb uchun qulay holat emasdi. O‘sha vaqtda AQSh rahbari Obama edi va u yerda demokratiya g‘oyasi katta kuchga ega bo‘lgan. Agar hokimiyat tepasida uzoq vaqt o‘tirilsa, katta iqtisodiy-ijtimoiy inqiroz yuzaga kelib, xalq namoyishlarga chiqsa, ularni to‘xtatuvchi kuch bo‘lmaydi. Ehtimol, o‘sha mojarolarda tashqi ta’sirning o‘rni bordir, lekin asosiy sabab bu ichki inqiroz bo‘lgan.

Xalq Arab bahori davrida yuz bergan namoyishlar orqali demokratiyaga erisha olmadi, aksincha, demokratiya ko‘proq qadrsizlandi va mamlakatdagi ichki siyosiy tizimdagi muammolar yuzaga chiqishni boshladi. Ya’ni xalqning demokratik malakasi past bo‘lsa, u mamlakatda demokratiya tez ishga tushib ketmaydi. Masalan, Iroqda Saddam Husayn yiqitilganidan keyin mamlakatda fuqarolik urushi boshlandi. Diktator Saddam Husayn boshqaruvi davrida urush qurbonlari sezilarli darajada kam edi. Hatto avtoritar va diktatura tuzumlariga nisbatan qarashlar o‘zgardi. Iroqliklar orasida o‘tkazilgan, urush va Saddam Husayn rejimiga munosabat bo‘yicha so‘rovnomada aksariyat ishtirokchilar vaziyat yomonlashgani, xavfsizlik izdan chiqqani va fuqarolar urushida ko‘pchilik qurbon bo‘lganini aytishgan. Aslida demokratiyaga erishish jarayoni izchil va bosqichma-bosqich bo‘lishi kerak. Arab bahori to‘g‘risida gap ketganda, asosiy e’tiroz avtoritar siyosiy tuzumga bo‘lishi kerak.

— Qatar amiri nima sababdan sammitni nutq so‘zlamasdan tark etdi? Dastlab Suriyani ligadan chiqarib yuborishda tashabbus ko‘rsatgan Saudiya nima uchun uni yana tashkilotga qaytardi?

Habibullo Azimov: Mazkur sammit Saudiya Arabistonida o‘tkazilyapti. Qatar va Saudiya munosabatlari Arab bahoridan keyin yomonlashgan. Bunga ko‘plab sabablar mavjud. Masalan, Misr hokimiyatiga Abdul Fattoh As-Sisi kelganidan so‘ng, Saudiya va Misr o‘rtasidagi munosabatlar iliqlashgan; Misr Saudiya orqali Qatardan Misrdagi eski “Musulmon birodarlar” tashkilotini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilgan. Qatar bu talabga rad javobini beradi.

Qatar “Musulmon birodarlar”dan tashqari, G‘azo sektorida faoliyat yuritayotgan “Hamas” kabi tashkilotlarni ham moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi hech kimga sir emas, lekin Saudiya tomoni bugunga kelib Qatarni Yaqin Sharq mintaqasidagi “Al-Qoida” va boshqa shunga o‘xshash terrorchi guruhlarni ham qo‘llab-quvvatlashda ayblaydi. Qatar esa bu da’volarni muntazam rad etib keladi. Saudiya-Qatar mojarolariga asosiy sabab – “Musulmon birodarlar” tashkilotiga moddiy ko‘makni to‘xtatish talabi va Misrdagi Mursiy hokimiyatining noqonuniy yo‘l bilan ag‘darilgani to‘g‘risidagi da’volardir.

Kamoliddin Rabbimov: Qatar va Saudiya Arabistoni o‘rtasida doimiy ravishda siyosiy va geosiyosiy qarashlar nomutanosibligi mavjud bo‘lgan. Saudiya ko‘proq konservativ davlat va u o‘zining ichki siyosiy tizimini, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni muhofaza qilishda asosan yopiqlikka e’tibor qaratadi. Qatar – kichik mamlakat, lekin uning qo‘lidagi vositalar juda qudratli. Jumladan “Al-Jazira” telekanali. Arab bahorida “Al-Jazira”ning roli juda katta bo‘ldi va Qatarning tafakkuri shundan iborat bo‘ldiki, globallashgan dunyoda konservatizm va yopiqlik bilan emas, balki bir tomondan siyosiy faollik, siyosiy ishtirok, imkon qadar erkinlik, demokratik institutlar, ikkinchi tomondan arab o‘zligi va islomiy qarashlarni sintez qilish orqali harakat qilish kerak, degan xulosaga kelgan.

Ya’ni qatarliklarda “Ehvon Al-Muslimun”ga xos siyosiy konsepsiya mavjud. Ya’ni bugungi ehvonchilar ancha o‘zgardi, ular 1930-40 yillardagi ehvonchilarga qaraganda ancha transformatsiya bo‘lgan. Bugungi ehvonchilar islomiy qarashlar va demokratik qarashlarni bir-biriga qorishtirish tarafdori. Bu esa Saudiyani bezovta qiladi, chunki ular monarxiya sifatida demokratik tizim, siyosat va saylovlarga ancha ehtiyotkorlik bilan qaraydi.

Shuning uchun bu ikki mamlakat o‘rtasida qarashlar qarama-qarshiligi bo‘lgan, biroq hozirda Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat ohangi ancha o‘zgargan. Ya’ni AQSh hokimiyatiga Bayden kelishi, eng asosiysi, Saudiya va Eron yarashishi bilan mintaqadagi geosiyosiy vaziyat yangidan formatlashyapti. Bundan tashqari, 1945 yillardan to 2020 yillargacha Yaqin Sharqda AQSh katta kuchga ega bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bu jarayonlarga Xitoy aralashishni boshladi.

— Arab davlatlari Suriya, Iroq, Sudan va Yaman inqiroziga yechim qidirishsa ham, albatta, mintaqada Eron bilan to‘qnashishga majbur. Eron dastaklovchi deya ishoniladigan “Hizbulloh”ning mavjudligi mamlakatlar normallashuviga qanday salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin?

Habibullo Azimov: So‘nggi 30-40 yillardan beri Saudiya va Eron o‘rtasidagi munosabatlar kun tartibidagi masala sifatida e’tirof etib kelinadi. Bu – Eron va Saudiya o‘rtasidagi to‘qnashuv emas, aslida 12-13 asr oldin boshlangan shialar va sunniylar to‘qnashuvi sifatida e’tirof etilishi kerak. Saudiya butun musulmon dunyosida o‘z mavqeyini ushlab qolishga harakat qiladi. Eron esa 1979 yilda yuz bergan Islom inqilobidan keyin bunday inqilobni transfer qilish siyosatini amalga oshirib kelyapti. Chunki Eron buning uchun potensial imkoniyatlarga ega. Yaqin Sharq mamlakatlarining deyarli barchasida ma’lum miqdorda shialar istiqomat qiladi va Eron tomoni mana shu omillarni hisobga olgan holda, mintaqadagi ta’sirini kuchaytirish uchun shialikka asoslangan mintaqaviy siyosatni yurityapti.

Suriyaning tashkilotga qayta jalb etilishi haqida gapiradigan bo‘lsak (yuqorida bu savolingizga javob berilmadi), Saudiya Arabistoni 2016 yilda Suriyani ligaga qayta tortish siyosatini boshlagan edi. Saudiya bu orqali Suriyani Eron ta’siridan qutqarish va o‘zining Livandagi ma’lum bir manfaatlarini himoya qilishni o‘ylagan. Chunki Livanda Eron dastakli “Hizbulloh” va Suriya dastakli “Amal” harakatlari mavjud, shuningdek, “Amal” harakati Livanda katta kuchga ega.

Kamoliddin Rabbimov: Saudiya va Eron o‘rtasidagi ziddiyat 3 ta qavatdan iborat. Birinchisi, mazhabiy ko‘rinish, ikkinchisi, siyosiy rejimlar, ya’ni Eronda inqilob yuz berishidan oldin, 1979 yilda bu davlat monarxiya edi. Podsholikning yiqilishi qolgan monarxiyalar, jumladan, Saudiyani qo‘rqitib yuborgan. Chunki Erondagi inqilobdan so‘ng, 1980 yillarda Saudiya ichida, xususan shialar yashovchi hududlarda harakatlar yuzaga kelishi Saudiyani bezovta qilgan.

Uchinchi omil bu ularning geosiyosiy jihatdan ikkita guruhga mansubligi: Saudiya shu paytgacha Amerikaning mintaqadagi eng yaqin ittifoqchisi bo‘ldi, Eron esa 1979 yilgi inqilobdan keyin dunyo geosiyosatidan chiqib ketgan mamlakatga aylandi. Hatto uni Sovet ittifoqi bilan to‘liq yaqinlikka ega davlat deyish ham juda qiyin edi. Buning natijasida ular 3 ta omil bo‘yicha bir-birlariga qarama-qarshi davlatlarga aylandi.

Bir necha oy oldin Pekindagi uchrashuvda Saudiya va Eron yarashdi, o‘z navbatida Isroil va AQSh bundan qattiq xavotirga tushdi. Amerika bu holatdan xavotirda ekanini yashirishga harakat qilyapti, lekin Isroil buni yashirayotgani yo‘q. Netanyahuga nisbatan esa ikki raqib davlat yarashayotgani to‘g‘risida bilmagani va oldini olmagani bo‘yicha e’tirozlar bildirildi.

Habibullo Azimov: 1979 yildan keyingi Saudiya–Eron munosabatlariga qaraydigan bo‘lsak, inqilobdan keyin Saudiyadagi Ka’ba bosqini, keyinchalik, 1987 yilda “Qonli haj” voqealari sodir bo‘lgan. Unda 450 nafarga yaqin haj ziyoratchisi halok bo‘lgan. Bu holatda eronliklar siyosiy propaganda maydoni sifatida muqaddas Ka’badan foydalanganini ko‘rish mumkin. Bugun OAV Saudiya–Eron munosabatlari Xitoy vositachiligida yaxshi tomonga o‘zgarayotgani haqida yozyapti, lekin bu munosabatning davomiyligi borasidagi savollar juda asosli va unga javob berish qiyin. Menimcha, bu munosabatlar 10-20 yil davom etadigan munosabatlar emas, chunki ular o‘rtasidagi kichik muammo ham o‘zaro munosabatlar sovuqlashishiga olib kelishi mumkin. Garchi Xitoy vositasida ular yaqinlashayotgan, elchixonalar qaytadan ochilishi aytilayotgan bo‘lsa-da, men bu iliqlik uzoq davom etadi, deb o‘ylamayman.

1971 yilda Bahrayn mustaqil davlat sifatida tashkil etilganidan keyin, u yerda 70 foizga yaqin shia musulmonlari istiqomat qiladi, biroq hokimiyat “Al-Xalifa”, ya’ni sunniylar qo‘lida. Shu bilan birga, Eron Bahraynga o‘zining tarixiy hududlari sifatida qaraydi. Shuningdek, aytish mumkinki, Saudiyada ham bugungi kunda 5-6 mlnga yaqin shialar istiqomat qiladi. Ayniqsa, ularning sharqiy, xususan tabiiy resurslarga boy hududlarda yashashini inobatga olsak, shialar masalasi saudiyaliklar uchun ham jiddiy masala.

Ma’lumki, 2015 yilda Saudiya hukumati 50 ga yaqin shia ulamolarini qatl qilgan va ular orasida butun boshli shialar dunyosida e’zozlangan ulamolardan birining borligi Eron va boshqa shia musulmonlari tomonidan qattiq qoralangan.

Kamoliddin Rabbimov: Yaqin Sharqdagi bugungi geosiyosiy vaziyat shundayki, AQSh tepasiga demokratlar, ya’ni Bayden kelganidan keyin, AQSh prezidenti Saudiya hokimiyatini Muhammad bin Salmonni jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha jazolashga chaqirdi. Hatto AQSh Kongressi bu bo‘yicha rezolyutsiyalar qabul qildi, mazkur masala bo‘yicha ovozlar berildi. Bu holat Muhammad bin Salmonning g‘azabiga sabab bo‘ldi va Saudiya Arabistoni Erdo‘g‘an usulida o‘zi uchun boshqa geosiyosiy hamkor izlash, u bilan aloqalarni mustahkamlash yo‘lidan bordi hamda buni uddaladi. Saudiyaning Xitoy vositachiligida Eron bilan yarashuvi, Si Jinping va Muhammad bin Salmon ishtirokida uchrashuvlar tashkil qilinishi fonida Baydenning Yaqin Sharqqa tashrifi sovuq kayfiyat bilan qarshilandi.

Demak, Saudiyaning Eron bilan yarashishdan ko‘zlagan maqsadi – bu AQShga signal berish. Ya’ni bu vaziyat Saudiyaning AQSh bilan aloqalarni butunlay uzishimi yoki unga signal yo‘llab, agar ularga boshqacha muomala qilinmasa, munosabatlar uzilishi to‘g‘risida ma’lum qilishmi, siyosatchilar buni aniq tahlil qilib berolmaydi. Baribir Saudiya–AQSh o‘rtasidagi bog‘liqlik saqlanib qolaveradi, biroq ayni paytda Fors ko‘rfazi davlatlari Amerikaning Falastinga nisbatan siyosatidan qattiq norozi. Norozilikni yuqori darajada namoyish qiladigan davlat bu – Qatar. Chunki har safar Qatar rahbari BMTda nutq so‘zlaganda, bu holat tarixiy adolatsizlik ekaniga katta urg‘u beradi. Demak, Saudiya Arabistoni AQShga o‘zining milliy manfaatlaridan kelib chiqib signal yuboryapti va buning uchun u hatto Eron bilan yarashishga ham tayyor ekanini ko‘rsatyapti. Bu jarayon, albatta, Qo‘shma Shtatlar tomonidan salbiy qabul qilinyapti.

— Mintaqada Rossiya deyarli uchinchi darajali figuraga aylandi, AQShning pozitsiyalari esa so‘nggi yarim yilda zaiflashdi, Xitoy diplomatiyasi esa Yaqin Sharqda tomonlar uchun manfaatdor yechimlarni taklif eta oldi. Qo‘shma Shtatlar mintaqadagi asosiy rolini saqlab qola oladimi? Muvozanat o‘zgarish jarayonida Xitoy va Rossiya manfaatlari Yaqin Sharqda to‘qnashishi mumkinmi?

Habibullo Azimov: Yaqin Sharq – Qo‘shma Shtatlar uchun hayotiy mintaqa hisoblanadi. Ko‘plab siyosatchilar AQShning mintaqadagi manfaatlarini 3 turga bo‘ladi. Bular O‘rta yer dengizini nazorat qilish, hududdagi neft-gaz mahsulotlari bozori ustidan nazorat o‘rnatish va Isroil xavfsizligi. Men Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi siyosiy ta’sir quchini yo‘qotgani to‘g‘risidagi qarashlarga qo‘shilmayman.

Donald Tramp Saudiya haqida shunday fikr bildirgan edi: “Agar AQSh bo‘lmasa, Saudiyadagi siyosiy rejim 15 daqiqadan ortiq oyoqda tura olmaydi”. Shunday ekan, hozir AQShning bu mintaqadagi ta’siri susaygandek ko‘rinishi mumkin, lekin baribir asosiy richaglar amerikaliklar qo‘lida.

Bu mintaqa Xitoyga nima uchun kerak? Bugungi kunda Xitoyning neftga bo‘lgan kunlik ehtiyoji 10 mln barrelni tashkil etadi va uning teng yarmi aynan Yaqin Sharq davlatlaridan import qilinadi. Shunday ekan, Xitoyning mintaqada erishayotgan yutuqlari raqamlarda ham namoyon bo‘lyapti, xususan, 2000 yillarda Saudiya va Xitoy o‘rtasidagi tovar aylanmasi miqdori 4 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 70 mlrdga yetganini ko‘rish mumkin. Bu savdo aylanmasining asosiy qismi esa neft mahsulotlari bilan bog‘liq. Shuning uchun, bu mintaqada xavfsizlikni ta’minlash Xitoy manfaatlariga xizmat qiladi.

Albatta, bu yerda Rossiya manfaatlari ham yo‘qolmagan. Masalan, Suriyada 12 yildan beri davom etayotgan fuqarolar urushida va Bashar Asad rejimi saqlab qolinishida Rossiyaning roli juda katta. Suriyaning Tortus shahrida 1970 yillarda SSSR tomonidan qurilgan harbiy baza mavjud, agar Asad hukumati ag‘darilsa, Rossiya bu hududda o‘z mavqeyini yo‘qotishi tayin.

Kamoliddin Rabbimov: Xitoy va Rossiyaning geosiyosiy manfaatlari Markaziy Osiyo yoki boshqa mintaqalarda qarama-qarshilikka uchrayotgani yo‘q, chunki ularning maqsadi bitta: AQShni global hokimiyatdan ag‘darish yoki uni zaiflashtirish. Nima uchun ular aynan Yaqin Sharqda to‘qnashishi kerak? Aksincha, bu mamlakatlar birgalikda AQShning mintaqadagi geosiyosiy ta’sirini susaytirishga harakat qiladi, biroq hozircha buning iloji yo‘q. Chunki bu yerda Qo‘shma Shtatlarga oriyentir olgan mamlakatlar hali ko‘p. Masalan, Isroildan tashqari, boshqa arab mamlakatlari ham hamon Amerika bilan ishonchli hamkorlik aloqalariga ega.

Saudiya Arabistonining maqsadi nima, AQSh bilan aloqalarni butunlay uzmoqchimi? Agar shunday bo‘lsa, u Qo‘shma Shtatlar bilan aloqalarni butunlay yo‘q qilib, barcha harakatlarni Xitoy va Rossiya bilan birga amalga oshirishiga to‘g‘ri keladi. Lekin Saudiyaning motivi bunga o‘xshamaydi, chunki AQSh hokimiyatiga yana respublikachilar kelishi bilan ular aloqalarni zudlik bilan tiklab oladi.

Saudiya – AQShning ichki siyosiy jarayonlarida ishtirok eta oladigan mamlakat hisoblanadi. Chunki unda AQSh hokimiyatiga qaysi prezident kelishi borasida xohish va istaklar mavjud bo‘ladi. Masalan, musulmon olamida Donald Trampning reputatsiyasi qanchalik yomon bo‘lmasin, uning Saudiya bilan aloqalari tarixan nihoyatda yaxshi edi. Menimcha, Saudiya hozir AQShga ularning davlatiga emas, balki demokratlar, ayniqsa, arablarning manfaatlari bilan hisoblashmaydigan idealist demokratlarga qarshi ekani to‘g‘risida signal beryapti.

Habibullo Azimov: Saudiya Arabistoni – energetika mahsulotlari bozorida o‘zining nihoyatda katta o‘rniga ega mamlakat. Ma’lumki, o‘tgan yilning yoz oylarida boshlangan energetika inqirozi AQShda ham keng ko‘lamda sezildi. Bu vaqtda Saudiya Arabistoni kunlik neft ishlab chiqarish hajmini 7 mln barrelgacha tushirdi va bu AQSh tomonidan qattiq qoralandi. Shundan keyin, matbuotda Saudiya va Eron o‘rtasida muvaqqat urush holati yuzaga kelishi mumkinligi to‘g‘risida xabarlar chiqishni boshladi. Dekabr oyida esa Saudiya yetakchisi shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, neft ishlab chiqarish hajmini 10+2 mln barrelgacha oshirish to‘g‘risida farmon berdi. Demak, AQSh Saudiyadan nafaqat ittifoqchi, balki o‘z raqiblariga bosim o‘tkazish mexanizmi sifatida ham foydalanadi.

— Asad Arab ligasi sammitida “Usmonli g‘oyasi” haqida gapirib, Turkiyani tanqid qilib o‘tdi. Suriya inqirozini hal etishni mamlakatning shimolida harbiylari joylashtirilgan Turkiyasiz tasavvur qilish qiyin. Qudratli davlatlar Suriya shimolidagi kurdlar masalasida Turkiyaga yon berishadimi?

Habibullo Azimov: Hozirda g‘arb siyosatchilari va matbuoti Turkiya prezidenti atrofidagi siyosiy elita orasida “Usmonli g‘oyasi”, ya’ni Turkiyaning Usmonli turklar davridagi chegaralarini qayta tiklash g‘oyasi mavjudligi haqida ko‘p gapirishyapti. Bunda Turkiya va Suriya o‘rtasidagi hududiy muammolarga qaraydigan bo‘lsak, bu mojarolar avvaldan mavjud edi. Deylik, Turkiyaning ikkita viloyati sifatida qaraladigan Iskandarun va Xatay viloyatlari bir paytlar Suriyaga berilgan edi. 1937 yilda Xatay viloyati mustaqil davlat sifatida ajralib chiqadi va 1938 yilda Turkiya Respublikasi tarkibiga qo‘shiladi. Bu – Suriya–Turkiya munosabatlarining eng ziddiyatli nuqtalaridan biri.

Bugun Suriya va Iroq kabi mamlakatlarda shunday xavotir borki, go‘yoki Turkiya 1920 yilda Millatlar ligasiga taqdim qilgan “Milliy chegaralar masalasini kun tartibiga olib kelgan. Bunda Suriyadagi Xalab, Iroqdagi Musul, Sulaymoniya, shuningdek, hozirda Gruziya hududi hisoblangan Botumi, Kipr oroli, Egey dengizidagi 12 ta orol va boshqa hududlar “Milliy chegaralar”ga kiritilgan. Biroq bugungi kunda Turkiya bu hududlarni o‘z tarkibiga qo‘shib olishining iloji yo‘q, bu shunchaki Suriya va boshqa davlatlar tomonidan Erdo‘g‘an rejimini qoralashda foydalaniladi.

Masalan, Turkiyaning Suriya hududlarida olib borgan bir nechta harbiy amaliyotlari aslida bu mamlakat hududlarini bosib olish uchun emas, balki u yerda tashkil qilingan terrorchi va separatist turk guruhlari faoliyatini tugatishga qaratilgan operatsiyalar bo‘lgan. “Furat qalqoni”, “Tinchlik bulog‘i” va “Zaytun novdasi” kabi operatsiyalar shular jumlasidan.

Albatta, kurdlar masalasi Turkiya uchun juda og‘riqli masala, chunki bugungi kunda 100 ming kishilik qurollangan qo‘shinga ega kurdlar Turkiyaning hududiy va milliy xavfsizligi uchun jiddiy muammo. Turkiya esa mazkur muammolarni o‘z davlat chegaralariga yaqinlashtirmagan holda hal etish uchun o‘sha operatsiyalarni amalga oshirgan.

Suriya dunyo bo‘yicha eng ko‘p kurdlar istiqomat qiladigan uchinchi davlat hisoblanadi, undan oldinda esa Turkiya hamda Iroq bor. Suriyada 3-4 mln atrofida kurdlar yashashi to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Dastlab, Asad rejimiga qarshi boshlangan xalq namoyishlari davrida, Asad 1980 yillarda fuqaroligidan mahrum qilingan, Suriya fuqarolari ham sanalmaydigan 500 ming nafar kurd millatiga mansub odamga fuqarolik berib, ularni o‘z rejimiga og‘dirib oladi. Hozirda kurdlarga qaraydigan bo‘lsak, ular IShID yoki “Nusrati Jabha” kabi guruhlarga qarshi kurashayotganini ko‘rishimiz mumkin. Turkiya Suriyaning shimoli yoki Iroq hududlarida biror kurd davlatining vujudga kelishidan manfaatdor emas, albatta.

Kamoliddin Rabbimov: Aslida bu vaziyatda ekspertlar ham chalkashib ketadigan nuqtalar mavjud. Chunki yaqinda Turkiyada ikkinchi tur prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi kerak va menimcha, Erdo‘g‘an o‘z lavozimida qoladi. Shuningdek, kollektiv G‘arbning unga nisbatan bosim vositalari ham saqlanib qoladi, chunki Vashington Turkiyada davlat rahbari o‘zgarishiga va Qilichdoro‘g‘lining hokimiyat tepasiga kelishiga umid qilgan edi. Biroq Erdo‘g‘an o‘z joyida qoladigan bo‘lyapti, Turkiyaga bosim vositalardan biri sifatida esa har doim kurdlardan foydalanilgan.

Iroq ham, Turkiya ham, Suriya ham birorta kurd davlati paydo bo‘lishini istamaydi, chunki agar biror davlatda kurd mamlakati paydo bo‘lsa, bu ziddiyat qolgan mamlakatlarga ham ko‘chib o‘tishi mumkin. Rossiya va AQSh Turkiya va boshqa mamlakatlarga bosim vositasi sifatida diniy ekstremistik, terrorchilik yoki boshqa shakllarda kurdlardan foydalanib kelgan. Shuning uchun, Turkiya o‘z chegaralaridan o‘nlab kilometr uzoqlikda harbiy amaliyotlar o‘tkazishiga Moskva ham, Vashington ham qarshi chiqqan. Aslida Turkiya bu hududlarni o‘ziga qo‘shib olishni o‘ylamagan, shunchaki xavfsizlik nuqtayi nazaridan shu operatsiyalarni o‘tkazgan. Menimcha, bu ziddiyatlar yaqin orada to‘xtamaydi, globallashuvning keyingi bosqichlariga o‘tilganda, ya’ni hududlar va chegaralar ahamiyati pasayganda bu ziddiyatlar yo‘qolishi mumkin.

Kurdlar Yaqin Sharqdagi eng katta millat bo‘lsa-da, ular o‘z davlatchiligiga ega emas. Shu sababli ularning resurslari ham turlicha, masalan Kirkukda juda katta neft zaxiralari bor va ularning tepasida kurdlar o‘tiradi. O‘ylaymanki, bunday holatlar Turkiyaga bosim vositasi sifatida ishlatilishda davom etadi. Lekin asosiy masala, bu mintaqada geosiyosiy ohang o‘zgaryapti, ya’ni shu paytgacha hududda juda katta bo‘linish bor edi, AQShning siyosatiga xayrixoh bo‘lgan kayfiyat Isroildan boshqa mamlakatlarda biroz pasaydi.

— Ummonning Masqat shahrida AQSh va Suriya o‘rtasida maxfiy muzokaralar olib borilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Lekin Qo‘shma Shtatlarda Asad rejimi bilan aloqalarni normallashtirishga yo‘l qo‘ymaydigan qonun loyihasi Vakillar palatasi va Senatga yuborilgan. Agar bu qonun ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, munosabatlar qanday kechadi? Bunday vaziyatda Arab ligasi istiqboli nima bo‘ladi?

Habibullo Azimov: Ummondagi uchrashuv haqida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken shunday dedi: “Biz hech qachon Asad rejimi bilan normallashtirilgan siyosat olib bormaymiz, biz BMTning 2015 yilda Suriyada BMT nazoratida prezidentlik saylovlarini o‘tkazish to‘g‘risida rezolyutsiyasiga amal qilingan taqdirdagina Asad hokimiyati bilan muzokara olib boramiz”. Davlat kotibi hozirda Suriya bilan olib borilayotgan muzokaralarni 2012 yilda Suriya hududida yo‘qolgan amerikalik jurnalistni ortga qaytarish masalasi bilan bog‘ladi.

Kamoliddin Rabbimov: Arab bahori 2011 yilda boshlangan bo‘lsa, Bashar Asad hokimiyatni saqlab qolish uchun insoniyatga qarshi juda ko‘p jinoyatlarni sodir etdi. Bashar Asad – arabiy shaxs, shialarning sezilarli darajada o‘zgargan vakili. Suriyaning 90 foiz aholisi esa sunniylardir. U hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qolish uchun Rossiya va Eron yordamida katta repressiv mashinani ishlatdi, kimyoviy qurollardan foydalandi, shuningdek, boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurollari ham ishlatildi, norozilik namoyishlari esa juda qattiq rejimda bostirildi. Natijada, Asad rejimi bilan kollektiv G‘arb o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga to‘sqinlik qiluvchi juda ko‘p faktlar yig‘ilgan.

Unda nega qolgan arab davlatlari Suriya bilan munosabatlarni normallashtiryapti? Bunday holatlar tarixda juda ko‘p bo‘lgan, ya’ni bir tomondan uni yiqitish uchun resurslar yetarli emas, demak, tishni tishga qo‘yib, chidab, vaziyatni normallashtirishga harakat qilish kerak. Chunki geosiyosiy vaziyat shuni taqozo etyapti.

Shu paytgacha Yaqin Sharqda kvartet, ya’ni to‘rtlik mavjud edi. Saudiya va uning tarafdorlari (ularning aksariyati arab davlatlari), Eron va uning yaqin ittifoqchisi Saddam Husayn yiqitilgandan keyingi Iroq, yana bir tomonda Suriya, Yaman va “Hizbulloh” guruhi. Shuningdek, bu kvartetga qisman Livan ham kiradi, chunki u yerda ham shialar ko‘p va ma’lum bir davlat mulozimlarida shialar bo‘lishi shart degan qonun bor.

Habibullo Azimov: 1987 yilda tuzilgan Toif kelishuviga ko‘ra, Livanda etnokonfessional bo‘linish bor. U yerda prezident Marunit xristianlardan, bosh vazir sunniy musulmonlardan, parlament raisi esa shia musulmonlaridan bo‘lishi shartligi ko‘rsatilgan. Bundan tashqari, yana bir qancha diniy guruhlar mavjud va ularga ham Toif shartnomasiga ko‘ra, hokimiyat bo‘lib beriladi.

Kamoliddin Rabbimov: Eron va Suriyaning yarashuvi fonida qolgan mamlakatlarni begonalashtirish o‘z-o‘zidan mantiqsizlik bo‘ladi. Chunki Suriya va Turkiyada yuz bergan zilzilalar yarashish uchun qulay vaziyatni yuzaga chiqardi. Shuning uchun, Arab birligi fonida arab davlatlari o‘zaro yarashishga harakat qilyapti.

Qatar rahbarining nutq so‘zlamasdan zalni tark etgani uning veto qo‘yayotganini anglatmaydi, u shunchaki eski xafagarchiliklar hamon mavjud ekanini ko‘rsatgan xolos. U o‘z kuchi va resurslarini sarflagan holda Suriya bilan yarashmaslikni talab qilayotgani yo‘q. Shunchaki, ilgari sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan o‘z e’tirozini bildiryapti xolos.

— Arab birligida vaziyat barqaror emasligidan kelib chiqsak, uning kelajagi qanday bo‘lishi mumkin?

Habibullo Azimov: O‘ylaymanki, tashkilotning mavqeyi yaqin orada inqilobiy tarzda yaxshi tomonga o‘zgarmaydi, chunki arablar o‘z etnik xususiyatlaridan kelib chiqib, kelishmovchiliklarni davom ettiradi, bu biror mamlakat yaqqol yetakchi sifatida o‘zini ko‘rsatmaguncha va qolganlar unga ergashmaguncha davom etadi. Shuning uchun men yaqin 15-20 yil ichida Arab davlatlari ligasi jahonga o‘zini nufuzli tashkilot sifatida ko‘rsata oladi, deb o‘ylamayman.

Kamoliddin Rabbimov: Agar Arab davlatlari ligasining maqsadi geosiyosiy birlik va hamjihatlik deb talqin qiladigan bo‘lsak, buning ehtimoli kam. Lekin bu liga o‘zining ma’lum bir tarixiy missiyalarini bajaryapti, ya’ni bu – muloqot forumi. Arab davlatlari rahbarlari dumaloq stol atrofida yig‘iladi va mavjud muammolarni muhokama qiladi. Agar bu davlatlar o‘rtasida ziddiyat yuzaga kelsa, uning simptomlari aynan shu yig‘ilishda ko‘rinadi.

Arab dunyosida turkiy dunyoda mavjud bo‘lmagan ma’lum bir yutuqlar bor, masalan, san’at, adabiyot, madaniyat va boshqa sohalar bo‘yicha ular to‘liq integratsiyalashgan, ya’ni yagona axborot makoniga ega. Biroq siyosiy va geosiyosiy jihatdan turlicha qarashlarga ega. Turkiy xalqlar bu borada arab xalqlariga yetib olishi kerak, ya’ni biz Turkiyada Erdo‘g‘an, Ozarboyjonda Aliyev, Turkmanistonda Berdimuhammedovlardan boshqa siyosatchilarni tanimaymiz.

Menimcha, yangi globallashuv davrida Arab bahorining yangi to‘lqinlari paydo bo‘ladi, chunki bu siyosiy elitaga bog‘liq bo‘lmagan narsa. Bu bir tomondan ijtimoiy tarmoqlar, internet va global axborot oqimi bilan bog‘liq, ikkinchi tomondan ichki ziddiyatlar bilan bog‘liq holat. Masalan, 2011-2015 yillarda uning birinchi to‘lqini bo‘ldi, keyingi to‘lqinlar shakllangan vaziyatni o‘zgartirishga albatta o‘z hissasini qo‘shadi.

— Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar qanday shakllanib boradi?

Habibullo Azimov: Tarixiy Falastin davlati hududlarida Isroilning tashkil qilinishi arab davlatlari ildiziga bolta urishdir. Chunki Isroil masalasida arab davlatlarining qarashlari turlicha va bu ularning birlashishiga halal beruvchi omillardan biri hisoblanadi. Masalan, Isroil bilan aloqalar o‘rnatmaslik, uni davlat sifatida tan olmaslik, unga tinchlik shartnomasini taklif qilmaslik bo‘yicha Xartum rezolyutsiyasi bor. Lekin 1977 yilda Misrning Isroilga yaqinlashish siyosati, keyinchalik Iordaniyaning Isroil bilan tinchlik bitimlariga rozi bo‘lishi arab dunyosida katta g‘azab bilan qarshilandi. Hozir esa ko‘rfaz mamlakatlarining Isroilga yaqinlashuvini va Sudanning bu mamlakat bilan aloqalarni yaxshilashga qaror qilgani tufayli, AQSh uni terrorchi tashkilotlarni moliyalashtiruvchi davlatlar ro‘yxatidan o‘chirganini qo‘rish mumkin.

Kamoliddin Rabbimov: Bu yerda ikkita daraja bor, hokimiyat va hukumatlarning qarashlari hamda arab jamiyatlari munosabati. Arab jamiyatining Isroilga munosabati har yili o‘rganiladi va ularning 97-100 foizi isroilliklarni salbiy qabul qiladi. Lekin arab jamiyatlaridan farqli ravishda, arab hokimiyatlarining tafakkuri o‘zgardi. Masalan, 1970 yillarda arab davlatlarida birlashgan holda harbiy yo‘l bilan Isroilni yo‘q qilib tashlash orzusi bor edi. Shu paytgacha bir qancha Arab-Isroil urushlari bo‘ldi va ularda arablar qaqshatqich zarbalar yedi, har safar urushlarni boy berdi. Chunki Isroilning ortida texnologik ilg‘or qurollarga ega Amerika turadi, Isroilning otasi sifatida Angliya e’tirof etilsa-da, uning onasi va hozirgi himoyachisi sifatida AQSh qayd etiladi.

Lekin hozir arab siyosiy doirasida Isroilga bo‘lgan munosabat o‘zgargan deb o‘ylayman. Hozir ular: “Isroilni yo‘q qilish shart emas, globallashuv davrida u yerdagi xalqlar bir-birlariga qorishib ketadi va arab davlatlari hamda Isroil bog‘liqligi juda kuchayib ketadi”, degan fikrda. To‘g‘ri, arab davlatlarida Isroilga qarshilik ruhi yashirinib turibdi, lekin ularning hech biri urushga tayyor emas.

Habibullo Azimov: Isroilliklar mamlakatda assimilyatsiya jarayoniga yo‘l qo‘ymayapti, ya’ni u yerda xristianlar, falastinlik arablar va asosan yahudiylar bo‘lsa, yahudiylarning boshqa din va irq vakillari bilan oila qurishi taqiqlangan va bu hatto hukumat tomonidan nazorat qilinadi. Yahudiylar o‘zligini asrlar davomida saqlab kelgan va bundan keyin ham saqlab kelishadi.

Kamoliddin Rabbimov: Men nikoh yordamida yuz beradigan assimilyatsiya jarayonini nazarda tutmadim. Masalan, ilgari Isroilga kiritilmaganlarga vizalar berilishi boshlandi, u yerdan mulk sotib olish ham mumkin. Avvallari esa Isroil muhri bo‘lgan pasportga ega odamlar boshqa arab davlatlariga kiritilmagan. Lekin bugun bu siyosat o‘zgaryapti, ular o‘rtasidagi bog‘liqlik oshib boryapti.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: