Navoiyda bir tumandan ikki hokim yordamchisi qo‘lga olindi

O‘zbekiston 10:58 / 27.05.2023 13436

Birinchi holat yuzasidan Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Xatirchi tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqaro Sh.T., “X.” MFY bo‘yicha hokim yordamchisi A.D. fuqaro N.J. hamda boshqalarning nomiga ularning xabardorligisiz baliqchilik va asalarichilik faoliyatini rivojlantirish uchun 354,9 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishgan. Keyin ushbu mablag‘larni boshqa MChJlarga o‘tkazish orqali talon-toroj qilishgan.  

Ikkinchi holat haqida Navoiy viloyati IIB TQX JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi Kun.uz’ga xabar berdi. Ta’kidlanishicha, tumandagi “S” MFYda hokim yordamchisi bo‘lib ishlovchi Sh.I. oldiga imtiyozli kredit olish uchun tavsiyanoma so‘rab kelgan fuqarodan 100 dolar hamda 900 ming so‘m pul talab qilgan. Shuningdek, u ushbu mablag‘ evaziga tanishlari orqali 25 mln so‘m miqdorida kredit mablag‘larini chiqartirib berishini aytgan.

Fuqaroning arizasi asosida 26 may kuni Navoiy viloyati IIB TQX JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi, departament va DXXning Navoiy viloyat boshqarmalari xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda hokim yordamchisi talab qilgan pulini olgan vaqtida ushlangan. 

Shuningdek, tadbir davom ettirib, hokim yordamchisiga kredit oluvchi fuqarolarni topib berib kelgan Sh.B. ham tergovga qadar tekshiruv ishlariga jalb qilingan.

Hozirda har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Oldinroq Qashqadaryoda ikki hokim yordamchisi DXX tomonidan qo‘lga olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: