JCh U-20. O‘zbekiston Gvatemalani mag‘lub etib, guruhdan chiqdi

Sport 04:07 / 27.05.2023 61697

Argentinada o‘tayotgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida 3-tur o‘yinlari boshlandi. 

A guruhida O‘zbekiston Shahzod Ne’matjonovning dubli evaziga Gvatemaladan ustun keldi.

Turnirdagi oldingi o‘yinlarda ishtirok etmagan ushbu hujumchi 9-daqiqada raqib himoyachisining xatosidan keyin to‘pni egallab, darvozani ishg‘ol etdi.

Ko‘p o‘tmay, Abbosbek Fayzullayev uni darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi va hisobdagi ustunlik oshirildi.

2:0 hisobi o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmay qoldi va Ravshan Haydarov shogirdlari to‘plar nisbatiga ko‘ra 2-o‘rin bilan 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Argentina uchinchi o‘yinda ham g‘alaba qozonib, 1-o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi — mezbonlar Yangi Zelandiyani tor-mor etishdi.

Endi Osiyo chempionlari nimchorakfinalda 30 may kuni S guruhida 2-o‘rinni egallagan jamoa bilan to‘qnash kelishadi. U guruhda 27 may kuni so‘nggi tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Hozircha Kolumbiya (6) birinchi, Yaponiya (3) ikkinchi, Isroil (1) uchinchi va Senegal (0) to‘rtinchi pog‘onada. 

1/8 finalni O‘zbekiston yoshlar jamoasi sardori Umarali Rahmonaliyev sariq kartochkalar soni sabab o‘tkazib yuboradi. 

V guruhida AQSh Slovakiyani ham yengib, peshqadam sifatida keyingi bosqichga chiqdi. Ekvador Fijiga 9ta gol urib, 2-o‘rin bilan pley-offga yo‘llanma oldi.

JCh U-20. 3-tur. 26 may
A guruhi
O‘zbekiston — Gvatemala 2:0
Gollar: Ne’matjonov (9, 20). 

O‘zbekiston — Asror Kenjayev, Abubakr Ashurov, Abduqodir Husanov, Jahongir O‘rozov, Mahmud Mahamadjonov (Saidafzal Ahrorov, 65), Zafarmurod Abdurahmatov (Izzatillo Po‘latov, 81), Behruz Asqarov (Diyor Ortiqboyev, 65), Sherzod Esanov, Umarali Rahmonaliyev, Abbos Fayzullayev (Po‘latxo‘ja Xoldorxonov, 46), Shahzod Ne’matjonov (Nodir Abdurazzoqov, 71). 
Gvatemala — Moreno (Aldana, 87), Korado (Dominges, 82), Urizar, Franko, Resinos, Montano, Ordonez (Villagran, 46), Kabrera, Palensia (Munos, 66), Kardosa (Xuares, 82), Bantes. 
Ogohlantirishlar: Asqarov (5), Rahmonaliyev (39), Esanov (58), Urizar (75), Xoldorxonov (90+2). 

Yangi Zelandiya — Argentina 0:5
Gollar:
Maestro (14), Infantino (17), Romero (35), Agirre (50, penalti), Veliz (87). 

B guruhi
Slovakiya — AQSh 0:2
Gollar:
Kouell (38), Sakiris (90+6). 

Ekvador — Fiji 9:0
Gollar:
Payez (7), Sosa (34), Kuyero (36, 45+6), Minda (66, 85), Chamba (89), Sambrano (90+6 penalti, 90+10).

Ko‘proq yangiliklar: