Xitoy gazni Rossiyadan emas, Turkmanistondan olishni afzal ko‘rmoqda – Reuters

Jahon 00:01 / 26.05.2023 14838

Xitoy gazni Turkmanistondan olishni afzal ko‘rib, Rossiyadan gaz yetkazib berishga mo‘ljallangan «Sila Sibiri – 2» gaz quvuri qurilishini atayin cho‘zishi mumkin. Bu haqda Reuters yozdi. Xitoyning «Sila Sibiri – 2» gaz quvuri qurilishini kechiktirishga tayyorligini Financial Times ham o‘z manbalariga tayanib tasdiqlagan.

Rossiya 7 yildan beri ilgari surayotgan 50 mlrd kubometr quvvatli «Sila Sibiri - 2» loyihasi o‘rniga Xitoy Turkmaniston gazini eksport qilishga mo‘ljallangan yangi quvurga ustunlik bermoqda.

Garchi, turkman gazi rossiyanikidan 30 foizga qimmatroq bo‘lsa-da, Pekin yiliga 30 mlrd kub metr import qilinadigan «Turkmaniston-O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy» gaz quvurining D (to‘rtinchi) liniyasi qurilishi loyihasiga yashil chiroq yoqdi.

«Markaziy Osiyo quvurlari Xitoyning energetika va geosiyosiy makoniga asosiy sarmoya sifatida qaraladi. Bu strategik ahamiyatga ega ta’minot zanjiri bo‘lib, tijorat jihatlaridan ustun turadi», dedi ismini oshkor etmagan xitoylik rasmiy Reuters agentligiga.

Britaniyaning Financial Times gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy Mo‘g‘uliston orqali Rossiya gazini yetkazib berishni ta’minlaydigan «Sila Sibiri - 2» quvuri qurilishi bo‘yicha muzokaralarni cho‘zadi. Yaqinda bosh vazir Mixail Mishustinning Xitoyga tashrifi davomida ushbu gaz quvuri bo‘yicha aniq majburiyatlar haqidagi hujjat imzolanmay qolgan. Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti cho‘zilib ketgani bois, loyihani amalga oshirishga shoshilmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: