O‘zbekistonda bolalarda bog‘cha yoshidan korrupsiyaga qarshi dunyoqarash shakllantiriladi

O‘zbekiston 17:26 / 26.05.2023 2567

26 may kuni Adliya vazirligida Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va KPMG Audit (O‘zbekiston) kompaniyasi ekspertlari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekistonda yoshlar va davlat xizmatchilarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi bilimlarini yanada oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilingan.

Tadbirda Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturining “O‘zbekistonda samarali, hisobdor va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish” loyihasi ko‘magida “KPMG Audit” (O‘zbekiston) kompaniyasi ekspertlari ishtirokida amalga oshirilgan “Davlat organlari va ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi ta’lim va halollik tizimini yaratish” loyihasi yakunlangani e’lon qilingan va loyiha natijasida tayyorlangan o‘quv materiallari va modullari tarqatilgan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Davlat xizmatchilari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari hamda ta’lim muassasalarining o‘quvchi va talabalarida halollikni mustahkamlash va korrupsiyaning barcha ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan loyiha doirasida ta’lim sohasidagi turli maqsadli guruhlar uchun korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha o‘quv dasturlari, korrupsiyaga qarshi kurashning zamonaviy mexanizmlari, mansabdor shaxslar va davlat muassasalari xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligi va huquqiy bilimini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar xodimlarini korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida o‘qitish bo‘yicha o‘quv kurslari ishlab chiqilgan.

Foto: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Xususan, maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni korrupsiyaga qarshi tarbiyalash bo‘yicha uslubiy qo‘llanma ishlab chiqilgan. Ushbu qo‘llanma 3 ta bob va 6 ta qismdan iborat bo‘lib, korrupsiyaga qarshi ta’lim va korrupsiyaga qarshi dunyoqarashni shakllantirishga qaratilgan.

“Qo‘llanma maktabgacha ta’lim muassasasida bolalar ongida korrupsiyaga qarshi ko‘nikmalarni shakllantirishda, ularni halol va nomusli, korrupsiya kabi salbiy ijtimoiy hodisaga nisbatan murosasizlik ruhida tarbiyalashda tarbiyachilar uchun ko‘makchi bo‘ladi”, deya ishonch bildiriladi Adliya vazirligi matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan rasmiy tezisda.

Ko‘proq yangiliklar: