Zalujniy ko‘rinish berdi. Rossiya nashrlari u og‘ir jarohatlangani haqida yozgandi

Jahon 21:03 / 25.05.2023 19508

Ukrainalik polkovnik va «Shtirlits» taxallusi bilan tanilgan harbiy bloger Anatoliy Shtefan Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy bilan birga o‘tirgani aks etgan videoni namoyish etdi. Videoda Shtefan bugun 25 may ekanini aytadi.

«May oyi mobaynida biz rashn-propagandaning ertaknamo, fantastik hikoyalarini, shuningdek o‘zini ekspert deb atovchilarning turli fitna nazariyalariga oid versiyalarini kuzatib keldik. Ammo bugun men Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni to‘g‘risidagi qo‘rqinchli sirni fosh qilmoqchiman», — degan Shtefan, shundan keyin kamera kulib turgan va qo‘l silkiyotgan Zalujniyga qaratilgan.

  • May oyi boshida Rossiyadagi turli manbalar Zalujniy Rossiya armiyasining «Kinjal» bilan Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonlik punktiga yo‘llagan raketa zarbasi oqibatida yaralangani va og‘ir ahvolda ekani haqida xabar tarqatgandi. OAVda u boshidan jarohat olgani va halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi yozildi.
  • 24 may kuni RIA Novosti o‘z manbasiga tayangan holda, Zalujniy rossiyaliklarning raketa zarbasi oqibatida boshidan va oskolkali jarohatlar olgani haqida yozdi. Agentlik xabarida go‘yoki Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondonining bosh suyagini parmalab teshib, jarrohlik amaliyoti o‘tkazishgani va u endi o‘z vazifasini bajara olmasligi aytilgandi.
  • Keyinroq Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin uning idorasiga Zalujniy «jarohat olgani to‘g‘risida ma’lumot kelib tushgani»ni aytgan, ammo «bu ma’lumot 100 foiz to‘g‘riligiga kafolat bera olmasligi»ni bildirgandi.
  • Ukraina tomoni Zalujniy jarohatlangani yoki halok bo‘lgani to‘g‘risida Rossiya nashrlari va telegram-kanallarida tarqalgan xabarlarni rad etib kelayotgandi. Xususan, Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Oleksiy Danilov shu kuni Zalujniy Oliy qo‘mondonlik shtabi yig‘ilishida ishtirok etganini ma’lum qilgandi.

 

Ko‘proq yangiliklar: