Rossiya prezidenti Vladimir Putin raisligida o‘tgan bu galgi uchrashuvda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich qatnashdi.
Taklif etilgan davlat rahbarlari sifatida Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon ham ishtirok etdi. Sammitda savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekiston YeOII huzuridagi kuzatuvchi davlat sifatida birlashmaning tadbirlarida faol ishtirok etayotganini qayd etdi.
2022 yilda O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 23 foizga ko‘paygan. Barqaror o‘sish sur’ati joriy yilda ham kuzatilmoqda. O‘zbekiston savdo tartibotlarini soddalashtirish bo‘yicha hamda transport, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va turizm sohalaridagi alohida dasturlar va tarmoq loyihalarida ishtirok etmoqda.
“Global xavf-xatarlar, transport-logistika zanjirlarida jiddiy uzilishlar, oziq-ovqat taqchilligi va energetik xavfsizlik tahdidlari va boshqa muammolar kuchayib borayotgani mamlakatlarimiz barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining birinchi galdagi vazifalarini hal etish uchun yaqin hamkorlikni yanada muvofiqlashtirishni taqozo qilmoqda”, – dedi Mirziyoyev.
Prezident mintaqaviy savdo aylanmasini tubdan oshirish uchun savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligini aytdi. Texnik to‘siqlarni bartaraf etish va sertifikatlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risidagi bitimning qabul qilinishi bunga xizmat qiladi.
O‘zbekiston prezidenti bojxona ma’muriyatchiligi, sanitar, fitosanitar va veterinar nazorat hamda tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashning elektron platformalari va onlayn tizimlarini integratsiya qilish muhimligini ko‘rsatdi. Bu tashabbusni amalga oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish uchun ekspertlar darajasida batafsil maslahatlashuvlar o‘tkazish taklif qilindi.
Shavkat Mirziyoyev Shimol – Janub xalqaro yo‘laklarini va mintaqani Xitoy, Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘lovchi boshqa magistrallarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.
Davlat rahbari tarif siyosati masalalarida yaqindan muvofiqlashuv zarurligini qayd etib, “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temiryo‘li qurilishini amalga oshirish bo‘yicha Loyiha ofisi ishiga qo‘shilishga taklif etdi.