Prigojin: «Vagner» Baxmutdan bo‘linmalarni olib chiqishni boshladi

Jahon 12:33 / 25.05.2023 18058

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi o‘z bo‘linmalarini Baxmutdan olib chiqishni boshladi. Bu haqda kompaniya asoschisi va egasi Yevgeniy Prigojin ma’lum qildi.

«1 iyunga qadar asosiy qismi orqa hududdagi lagerlarga ko‘chiriladi. Harbiylarga pozitsiyalarni topshiryapmiz. Lekin harbiylarga qiyin bo‘lsa, albatta, Baxmutni qo‘lga olishda asosiy rol o‘ynaganlarni qoldiramiz», - dedi Prigojin o‘z matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan videoda. 

Uning videodagi so‘zlariga ko‘ra, Baxmutdan olib chiqilganidan «Vagner» XHK bo‘linmalariga dam beriladi, texnikalar ta’mirlanadi, yangi jangchilarni yollash ishlari olib boriladi, keyin esa «yangi vazifalarni bajarish»ga kirishiladi.

Prigojin Baxmutning qo‘lga olinganini 20 may kuni e’lon qildi. Shu bilan birga, u 25 maydan 1 iyungacha uning xususiy harbiy kompaniyasi shaharni butunlay tark etishi va Rossiya Mudofaa vazirligining bo‘linmalari pozitsiyalarni egallashi kerakligi haqida ogohlantirdi. 

Ukraina rasmiylari Baxmutning taslim bo‘lganini rasman tasdiqlamadi, ammo Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi o‘z hisobotlarida Ukraina qo‘shinlarining ushbu yo‘nalishdagi pozitsiyalari haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilishni to‘xtatdi. 

Xususan, Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining 23 maydagi kechki hisobotida 2022 yil dekabridan beri birinchi marta Baxmutdagi janglar haqida ma’lumot berilmadi. Bu haqda Amerika urushni o‘rganish instituti - ISW tahlilchilari xabar qildi. 

Ularning ta’kidlashicha, bu «Vagner guruhi» kuchlarining shaharga chuqur kirib borishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

Institut shuningdek, Ukraina rasmiylari 23 may kuni Ukraina Qurolli kuchlarining shahar chekkasida davom etayotgan cheklangan qarshi hujumlari fonida Baxmut yo‘nalishidagi janglar sur’ati pasayganini e’lon qilganini eslatib o‘tadi.

Ko‘proq yangiliklar: