Bloomberg: Vengriya Qatar bilan gaz sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda

Jahon 12:45 / 25.05.2023 7113

Yevroittifoqning Rossiyaga qarshi sanksiyalari qabul qilinishi va Ukrainaga yordam berilishi ma’qullanishini sekinlashtirayotgan Vengriya, energetika sohasida Rossiyaga qaramlikni kamaytirish maqsadida Qatar bilan gaz sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Vengriya bosh vaziri Viktor Orban muzokaralar haqida Bloomberg'ga 23 may, seshanba kuni Qatar iqtisodiy forumi doirasida bergan intervyusida ma’lum qildi.

"Vengriyaning energiyaga bo‘lgan ehtiyojining yarmi uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha Rossiyadan qoplanadi", dedi Orban. "Qolgan yarmi uchun biz boshqa hamkorlarni topishimiz kerak. Butun dunyo bo‘ylab hamkorlarni qidirmoqdamiz va Qatar biz uchun potensial hamkor", - deya qo‘shimcha qildi u.

Fors ko‘rfazidagi bu davlat bilan muzokaralar hali ham davom etmoqda. Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, yetkazib berish 2026 yildan boshlanadi, dedi Vengriya vazirlar mahkamasi rahbari.

YeI davlatlari Moskvaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan so‘ng Rossiya gazi va neftiga qaramlikni kamaytirishga kirishgan bir paytda, Orban Rossiya bilan qo‘shimcha bitimlar tuzdi, deb yozadi nashr. Bloomberg aprel oyida Vengriya tashqi ishlar vaziri Peter Siyyartoning Moskvadagi uchrashuvlaridan so‘ng, kelgusi qish oldidan Vengriya, agar kerak bo‘lsa, mavjud uzoq muddatli shartnomaga qo‘shimcha ravishda ko‘proq Rossiya tabiiy gazidan foydalanishi mumkin bo‘lishi haqida yozgan. Unga ko‘ra, Budapeshtga qo‘shimcha yetkazib berish asosan “Turk oqimi” gaz quvuri orqali amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: