Amerika kompaniyasi GTL zavodiga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi

Iqtisodiyot 21:40 / 25.05.2023 41452

25 may kuni O‘zbekiston hukumati, AQShning Air Producs kompaniyasi va “O‘zbekneftgaz” AJ o‘rtasida investitsiya shartnomasi imzolandi.

Shartnomaga hukumat nomidan imzo qo‘ygan Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabariga ko‘ra, kelishuvga asosan Air Producs kompaniyasi Qashqadaryo viloyatidagi tabiiy gazni qayta ishlash qurilmasini rivojlantirishga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi.

G‘uzor tumanida joylashgan, sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaruvchi “Uzbekistan GTL” zavodi 2021 yil 25 dekabr kuni ishga tushirilgan edi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, tabiiy gazni qayta ishlash sanoat majmuasi bu zavodning ajralmas qismi bo‘lib, yiliga 1,5 mln tonna yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sintetik suyuq yoqilg‘i ishlab chiqaradi va kelajakda ichki iste’mol va eksportga yo‘naltiradi.

“O‘sish sur’ati yuqori bo‘lgan mamlakat – O‘zbekistonda ushbu strategik hamkorlik orqali biz eng ilg‘or texnologiyalar va bilimlarimizni qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bu kelishuv yuqori sifatli arzon yoqilg‘i ishlab chiqarish va o‘sib borayotgan ijtimoiy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi”, – degan Air Producs direktorlar kengashi raisi, prezidenti va bosh direktori Seyfi Gasem.

Bitim imzolash marosimida aytilishicha, Air Producs tajribasidan GTL zavodida foydalanish orqali “samaradorlik oshiriladi, mahsulot tannarxi pasaytiriladi va zararli chiqindilarni kamaytirishga erishiladi”.

Air Producs rahbari Seyfi Gasem / Foto: ISSV matbuot xizmati

ISSVning rasmiy axborotida kelishuv tafsilotlariga yetarlicha aniqlik kiritilmagan. Air Producs'ning rasmiy relizidan ma’lum bo‘lishicha, gap zavodning bir qismini – tabiiy gazni sintetik gazga aylantirish kompleksini sotish haqida ketyapti.

“Xarid qilish to‘g‘risidagi bitimga binoan, kompaniya Uzbekistan GTL kompleksidagi tabiiy gazni sintetik gazga qayta ishlaydigan uchta yirik obektga egalik qiladi va ularning ekspluatatsiyasini amalga oshiradi. Kompaniya “O‘zbekneftgaz” AJga kislorod, azot, vodorod va sintez-gaz kabi mahsulotlarni yetkazib beradi. O‘z navbatida, “O‘zbekneftgaz” AJ tabiiy gaz yetkazib beradi va kommunal xizmatlarni ko‘rsatadi hamda barcha ishlab chiqarilgan mahsulotni sotish bilan shug‘ullanadi”, – deya kelishuvning ayrim tafsilotlarini ochiqlagan xaridor kompaniya.

Foto: ISSV matbuot xizmati

Shartlari yetarlicha ochiqlanmagan bitim yuzasidan jamoatchilik faollarida ayrim savollar yuzaga kelgach, “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi.

“Birinchidan, “Uzbekistan GTL” loyihasining umumiy qiymati 3,42 mlrd dollarni tashkil etib, Air Producs kompaniyasi bilan tuzilgan bitim doirasida GTL zavodining faqat uchta (Havoni ajratish uskunasi, Vodorod va Sintetik gaz ishlab chiqarish) uskunalarini sotib olish va foydalanish huquqi berilmoqda.

Ikkinchidan, “Air Producs" kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma qiymati loyiha doirasida uskunalarning qurilishi uchun sarflangan mablag‘lar summasidan va baholovchi tashkilot tomonidan aniqlangan uskunalarning bozor qiymatidan yuqori ekanini ma’lum qilamiz.

Uchinchidan, bitimning amalga oshirilishi amaldagi qonunchilik talablari va yevrobond prospektining shartlaridan kelib chiqqan holda, shuningdek, GTL loyihasining kreditorlari (xalqaro moliya tashkilotlari va xorijiy banklar) bilan kelishilganidan so‘ng rasmiylashtirildi”, – deyiladi GTL zavodiga egalik qiluvchi “O‘zbekneftgaz” bayonotida.

Air Producs haqida

O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Air Producs direktorlar kengashi raisi Seyfi Gasem 
Foto: ISSV matbuot xizmati

Kompaniya axborotida keltirilishicha, Air Producs – sanoat gazlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniya bo‘lib, o‘z faoliyatini 80 yildan ko‘proq vaqt mobaynida amalga oshirib kelmoqda. Kompaniya asosiy sanoat gazlari, tegishli asbob-uskunalar hamda neftni qayta ishlash, kimyo, metallurgiya, elektronika, qayta ishlash va oziq-ovqat sanoati kabi tarmoqlarda faoliyat yuritadigan o‘nlab mijozlar uchun yechimlarni yetkazib beradi.

Shuningdek, kompaniya dunyoda sanoat gazi va uglerodni ushlab qolish sohalarida amalga oshirilayotgan ayrim eng yirik loyihalarni ishlab chiqaradi, quradi, egalik qiladi va boshqaradi. Ular doirasida kompaniya global transport va sanoat bozorlari hamda toza energiyaga o‘tish bilan bog‘liq bo‘lgan keng ko‘lamli loyihalar uchun dunyo miqyosida toza vodorod yetkazib beradi.

Bundan tashqari, Air Producs suyultirilgan gaz ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan texnologiya va asbob-uskunalar ta’minoti bo‘yicha dunyodagi yetakchi kompaniya hisoblanib, dunyo bo‘ylab turbomashinalar, membranali tizimlar hamda kriogen konteynerlarni yetkazib beradi.

“O‘zbekneftgaz” relizida esa Air Producs ommaviy kompaniya ekani, dunyoning 50 dan ziyod davlatida 750 dan ortiq ishlab chiqarish maydonlarida faoliyatini yo‘lga qo‘ygani ta’kidlangan.

Ko‘proq yangiliklar: