Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
TAQA va Mubadala Talimarjon energetika majmuasidagi IESni sotib oldi
Talimarjon energokompleksidagi 874 megavattlik issiqlik elektr stansiyasining 80 foizi teng ulushlarda BAAning Mubadala va TAQA kompaniyalariga o‘tdi. Davlat xususiy operatordan elektr energiyasini 25 yil davomida kafolatli sotib olish majburiyatini oldi. Xarid narxi ma’lum emas. Rasmiylar bu kelishuv haqida xabar bermayapti.

Foto: Kun.uz
Abu-Dabining suveren investitsiya fondi Mubadala va Abu-Dabi milliy energetika kompaniyasi TAQA O‘zbekistondagi “Talimarjon” energetika majmuasida joylashgan 875 MW quvvatga ega birlashtirilgan siklli gaz elektr stansiyasini sotib olish jarayonini yakunladi. Bu haqda 30 may kuni Mubadala va TAQA birgalikda X tarmog‘idagi sahifasida e’lon qildi.
Stansiyani boshqarish uchun tuzilgan “Talimarjan Power Plant 1” MChJda BAAning ikki kompaniyasi 40 foizdan ulushga ega bo‘ldi. Qolgan 20 foiz O‘zbekiston tomonidan “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJga tegishli.
Davlat reyestriga ko‘ra, “Talimarjan Power Plant 1” MChJ 2023 yil 1 mart kuni ro‘yxatga olingan. Ustav kapitali – 109,7 mln so‘m. Rahbari – Sergey Tazin, u muqaddam Rossiyadagi elektr stansiyalarida ishlagan.
2023 yil 1 mart kuni “Talimarjan Operations and Maintenance” MChJ ham ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniya stansiyani eksplutatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Undagi ulushlar ham yuqoridagidek 40-40-20 nisbatda taqsimlangan.
Korporativ axborotlar portaliga ko‘ra, “Talimarjon issiqlik elektr stansiyasi” AJ aktivlarni topshirish jarayoni boshlangani haqida 30 aprel kuni xabar bergan.
Gulf Business'ning yozishicha, “Talimarjon Power Plant 1” – O‘zbekiston energetika infratuzilmasining muhim tarkibiy qismi bo‘lib, “O‘zenergosotish” AJ bilan 25 yillik elektr energiyasi xaridi bo‘yicha shartnomaga ega.
Bitim e’lon qilinganiga 5 kun bo‘lsa-da, hukumat bu borada biror rasmiy ma’lumot e’lon qilmadi. Kun.uz qo‘shimcha tafsilotlarni so‘rab Energetika vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga so‘rov yubordi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov Talimarjon IESning bir qismi investorlarga berilganiga oid ayrim savollarni o‘rtaga tashladi:
“Gap 1 700 MVt quvvatli butun Talimarjon stansiyasi sotilgani haqida ketyaptimi yoki uning ulkan qarz hisobiga bir necha yillardan beri tuya go‘shti yeb, ta’miri oxiriga yetmayotgan va hatto davlat rahbari tomonidan qattiq tanqid qilingan navbati haqida ketyaptimi, tushunish qiyin.
700 mln dollarlik qarz nima bo‘ladi? Maqsadli ishlatilgani yoki sovurilgani tekshirilishi lozim bo‘lgan mazkur qarz kimning bo‘ynida qoladi? Investorlar to‘laydimi? Ë 3 yil avvalgi shartlar bir dumalab o‘zgarib ketdimi?
Go‘yoki yangi stansiya deyilayotgan Talimarjan Power Plant 1 stansiyasidan 25 yil davomida elektr energiyasini qanchadan sotib olamiz va nima uchun kafolatlangan xarid sharti qo‘shildi o‘zi?”
BAAning Mubadala va TAQA kompaniyalari bilan “Talimarjon” IESga investitsiya kiritishni nazarda tutuvchi bitim 2022 yilda imzolangandi.
Bitimda “Talimarjon” IESni boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etilib, BAA kompaniyalari qo‘shma korxonaning 300 million dollarlik ustav kapitalidagi 80 foiz ulushi uchun to‘lov hamda ilgari “Talimarjon IES” AJ tomonidan jalb qilingan taxminan 700 mln dollarlik kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladigan mablag‘larni investitsiya sifatida kiritishi kerakligi belgilangan.
2022 yildagi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining rasmiy axborotida qo‘shma korxona tashkil etilishi haqida xabar berilgan bo‘lsa-da, taqdim qilingan suratlardagi orqa fonda “xususiylashtirish marosimi” deb yozilgandi. Faollar xususiylashtirish jarayoni boshlangani nega ochiq aytilmayotgani borasida e’tirozlar bildirgandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistondagi yana boshqa yirik IESlarni ham xususiylashtirish ko‘zda tutilgan. 2025 yil 21 aprel kuni imzolangan prezident farmoniga asosan, 2025 yil 4-chorakda “Sirdaryo”, “To‘raqo‘rg‘on”, “Angren”, “Yangi Angren”, “Toshkent”, “Navoiy” va “Taxiatosh” issiqlik elektr stansiyalari, “Muborak”, “Farg‘ona” va “Toshkent” issiqlik elektr markazlari ham sotuvga qo‘yilishi kerak.
Mavzuga oid

15:04 / 07.07.2025
Rossiya Markaziy Osiyo energetika tizimlarining parallel ishiga qo‘shilish niyatida

15:51 / 05.07.2025
Toshkentda elektr uzilishlari ko‘paydi. HET buni “qishga tayyorgarlik” bilan izohladi

11:59 / 28.06.2025
Oliy sud elektr ta’minotidagi muammolar sababli interaktiv xizmatlarini vaqtincha to‘xtatdi

21:51 / 25.06.2025