Ukrainaga maqtov, urushning ikki ssenariysi va amalga oshmagan «denatsifikatsiya». Prigojin shov-shuvli intervyu berdi

Jahon 19:56 / 24.05.2023 38130

«Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin kremlparast polittexnolog Konstantin Dolgovga intervyu berdi. Uning bu intervyusi ham doimgidek shov-shuvli chiqdi. Dolgovning so‘zlariga ko‘ra, Prigojin suhbat davomida barcha «noqulay savollarga javob bergan». Quyida «Vagner» rahbarining asosiy gaplari keltiriladi.

«Maxsus harbiy amaliyot» borishi va maqsadi

Biz ochiqchasiga Ukrainaga kirib, butun mamlakat bo‘ylab millatchilarni qidirdik. Keyin Kiyevga bordik, ruschasiga aytganda, *** qo‘ydik. Keyin Xersonga borib ham «o‘tirib qo‘ydik». Bunday qarasak, bizning harakatlarimiz o‘xshamayapti.

«Maxsus harbiy amaliyot»ning maqsadlaridan biri – Ukrainani «denatsifikatsiya» qilish edi, lekin biz ukrainlarni dunyodagi eng mashhur millatga aylantirdik. Xuddi taraqqiyot davridagi yunonlar va rimliklar kabi.

Keyingi maqsad Ukrainani «demilitarizatsiya», ya’ni qurolsizlantirish edi. Endi qarang: aytaylik, ularda urushdan avval 500 ta tank bor edi, hozir 5 mingta bo‘ldi. Urushgacha ularda 20 ming odam urusha olgan bo‘lsa, hozir 400 ming odam jang qilishni biladi. Bu Ukrainani «demilitarizatsiya» qildik deganimi? Aksincha, biz ularni «militarizatsiya» qildik.

Ukraina armiyasiga maqtov

Bugun «Vagner» dunyodagi eng zo‘r armiya. Albatta, madaniy jihatdan Rossiya armiyasi ikkinchi ekanini aytishim kerak. Ammo Ukraina armiyasi ham endilikda dunyodagi eng kuchli armiyalardan biriga aylandi. Ularda tashkilotchilik, razvedka, tayyorgarlik yuqori darajada, qurol bilan hammasi joyida. Ular sovet vaqtidagi qurollarda ham, NATO bergan qurollar bilan ham muvaffaqiyatli harakat qila olmoqda. Ular xuddi ulug‘ vatan urushida bo‘lgani kabi bitta maqsad sari intilishmoqda.

Rossiya elitasi vakillarining farzandlari haqida

Shoyguning kuyovi yallo qilib yuribdi, qizi Kronshtad qal’asini ochmoqda. Sen bu qal’alar ortidan pul topganmisan? Pulingni shu qal’aga sarflaysanmi? O‘q-doriga sarfla o‘sha pulni, jin ursin. Mudofaa vazirining qizi shunaqa qilib yuribdi. [Kuyovi] bloger «maxsus harbiy amaliyot» unga yoqmasligini ham aytib yuribdi.

«Maxsus harbiy amaliyot»ni biz o‘ylab topganimiz yo‘q, lekin mas’uliyatni bo‘ynimizga oldik. Qo‘shnimiz bilan urushishga to‘g‘ri kelyaptimi, oxirigacha urushish kerak. Bu yerda erkaklar jang qilib yotibdi, kimlardir esa yallo qilishni afzal ko‘rmoqda. Elitaning ba’zi bolalari umuman qanday yashayotganini ko‘rsatmayapti, ba’zilar esa hayotidagi hashamat bilan maqtanishdan uyalmayapti. Ular internetda kremlarini ko‘rsatayotgan bir vaqtda boshqa oddiy onalar [urushda o‘lgan] o‘g‘lining ustida yig‘lab o‘tiribdi.

Bu ishlar 1917 yildagi kabi revolyutsiya bilan tugashi mumkin. Ya’ni, avval askar qo‘zg‘aladi, keyin uning yaqinlari. Hozir o‘n minglab odamlar bolasidan ayrilgan. Balki ularning soni yuz minglab ketar. Biz bundan hech qayerga qocha olmaymiz. Hammasi bir kuni Varfolomey kechasidagi kabi tugaydi.

Elita farzandlarining bunday pishqirib yashayotgani bir kuni xalq ularni «sanchqida sug‘urib olishi» bilan tugaydi. Rossiya elitasiga maslahatim shu: o‘zingizni yig‘ib oling, ***lar. Erkatoylaringizni urushga yuboring. Ularni dafn qilayotganingizda odamlar endi hammasi adolatdan bo‘ldi, deb aytadi.

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi haqida

«Vagner»da hozir rotani boshqara oladigan 6 ming kishi bor. Ya’ni, ular 600 ming askarni boshqara oladi. Bizga men so‘raganim kabi 200 ming odam berishganida, frontni 50-150 km siljitib, butun Donbassni olgan bo‘lardik. Biz butun boshli armiyamiz. Nega bizga ruxsat berishmadi? Intriga sabab. Qandaydir tuzilma kuchayib ketib, o‘z shartlarini qo‘ya boshlaydi va keyin Moskvaga tank bilan boradi deb o‘ylashdi.

Rossiya mudofaa vazirligi haqida

Agar tizim kimningdir orqasini o‘pishga asoslangan bo‘lsa, «Vagner» bunday qilmaydi. Asosiy muammo Shoygu va Gerasimovda deb o‘ylayman. Bu ikki odam prezidentning snaryad borligi haqidagi bayonotidan keyin ham bizning barcha yo‘llarimizni to‘sishdi. Hozir Mizinsev mudofaa vaziri, Surovikin shtab boshlig‘i bo‘lsa, binoyi tizim bo‘lgan bo‘lardi. Mening siyosiy qarashim shunaqa: vatanni sevaman, Putinga quloq solaman, Shoygu iste’foga chiqsin, biz esa urushishda davom etamiz.

Urushdagi voqealar rivoji haqida

Urushning davomi haqida optimistik va pessimistik qarash bor. Menda birinchisiga ishonch pastroq va u taxminan shunday bo‘ladi: Yevropa va Amerika qachondir Ukrainadagi mojarodan charchaydi, Xitoy hammani muzokara stoliga o‘tqizadi, egallagan joylarimiz bizniki, egallamaganimiz bizniki emas, deymiz. Ammo bu ssenariy amalga oshishi qiyin.

Pessimistik ssenariy shunday bo‘ladi: Ukrainaga raketalar berishadi. Ular jangchilarni tayyorlashda davom etmoqda, hujumni davom ettirishadi va qarshi hujumga o‘tishga harakat qilishadi. Balki qarshi hujum muvaffaqiyatli amalga oshib, 2014 yilgi chegaragacha qaytishadi. Bu amalga oshishi mumkin bo‘lgan ssenariy. Keyin Qrimga hujum qilishga, ko‘prikni portlatishga harakat qilishadi. Shunday ekan, og‘ir urushga tayyorlanish kerak.

Rossiyani yo‘qotmaslik uchun

Biz hozir shunday ahvoldamizki, butun Rossiyani yo‘qotishimiz mumkin. Shu sababli, mamlakatda harbiy holat e’lon qilish, yangi safarbarlik e’lon qilish, bor imkoniyatimizni o‘q-dori ishlab chiqarishga qaratishimiz kerak. Pishqirib semirishni bas qilishimiz, yo‘l yoki boshqa har qanday infratuzilma obektlari qurishni bas qilishimiz, hamma narsani urushga qaratishimiz darkor.

Rossiya bir necha yil xuddi Shimoliy Koreya kabi yashashi kerak: chegaralarni yopish, oliftaliklni bas qilib, chetda yurgan yoshlarni qaytarib, mehnat qildirishimiz kerak. Shunda qandaydir natijaga erishish mumkin.

«Vagner»ning Ukrainadagi yo‘qotishlari haqida

Afg‘onistonda biz Artyomovskda (Baxmut) yo‘qotganimizdan kamroq odam o‘lgan. Menda 30-35 ming odam bor edi. Qamoqxonalardan yana 50 ming odam tanlab oldim. Ularning 20 foizi o‘ldi. [Mahbuslar orasida] o‘lganlar soni bizga shartnoma asosida qabul qilinganlar bilan teng edi. Taxminan yana 20 foiz odam yaralandi.

Aleksey Navalniy haqida

Ura-urachilik odamlar o‘zini jinnilikka solishiga sabab bo‘ladi. Ochig‘ini aytaman, Navalniy ishlatilgan *** edi, ammo foydali odam edi. Masalan, qaysidir korxona rahbari katta pulni o‘mardi, Navalniy bu haqda gapirsa, o‘sha odam hayiqishni boshlardi. Endi esa Navalniy yo‘q – pullarni o‘mar va qoch. Qandaydir tiyib turadigan faktorlar bo‘lishi kerak.

Qrim haqida

Rossiya fuqarosi sifatida Qrimdagi voqealarni diqqat bilan kuzatganman. Qrimni kim ozod qildi? Aksenov (hozirgi Qrim rahbari), xalq otryadlari, FSB va maxsus amaliyot kuchlari, ha, o‘sha yashil odamlar. Ammo asosiy ishni Aksenov, xalq otryadlari va FSB qildi. Maxsus operatsiya kuchlarini Aleksey Gennadevich Dyumin boshqardi. O‘sha vaqtda Sergey Kujugetovich (Shoygu) nima bilan mashg‘ul bo‘lganini bilmayman.

Qrimda bo‘lganlar bilan doimiy aloqada edim. Men u vaqtda hech qanday harbiy topshiriqni bajarmayotgandim. Mendan media masalasida yordam so‘rashdi. Menda polittexnologlar va boshqa mutaxassislar bor edi. Yana takrorlayman: asosiy ishni Aksenov, FSB, maxsus operatsiya kuchlari va Dyumin qildi. Tabiiyki, Putinning buyrug‘i bilan. Shoygu esa faqat orden topshirilayotganda ko‘rinish bergandi.

Yadro to‘qnashuvi haqida

Biz bu janjalni boshladik. Ikki qo‘shni bor edi va ular urushib ketishdi. Sen qo‘shning oldiga borib, uning yuziga musht tushirishing, idishini sindirishing mumkin. Ammo qo‘shning seni «uchta harfga yuborsa», sen esa boltani olib uning basharasiga ursang, bu endi noodatiy holat. Yadro quroli bu ana shu bolta. Qo‘shnini bolta bilan quvish yaramaydi. Hammasi haqqoniy bo‘lsin, yoki yutish yoki ular seni yutganini tan olish kerak. Kuchli ekaningni jang maydonida isbotlashing kerak.

Ko‘proq yangiliklar: