O‘zbekiston | 13:58 / 23.07.2025
1224
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Pokiston mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik qiladi

O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev Pokistonning xorijdagi pokistonliklar ishlari va inson resurslarini rivojlantirish vaziri Choudri Salik Husayn bilan uchrashdi.

Foto: "Dunyo" AA

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida mehnat migratsiyasi, kasb-hunarga o‘qitish va kadrlar tayyorlash sohalaridagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Suhbat chog‘ida tomonlar fuqarolarini chet elda ish joyi bilan ta’minlash va ijtimoiy himoya qilish borasida tajriba almashish va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida o‘zaro fikr almashdi.

Fuqarolarni xorijga ishga yuborishdan oldin ularni maxsus o‘quv kurslarida tayyorlash, til, kasb ko‘nikma va mehnat qonunchiligi bo‘yicha bilimlarini oshirish masalasi jiddiy ahamiyatga egaligi qayd etildi.

Tomonlar mehnat migratsiyasi, kadrlar tayyorlash va ijtimoiy himoya sohalarida tajriba almashishga qiziqish bildirib, 2023 yil fevral oyida imzolangan memorandum doirasida qo‘shma ishchi guruh tuzish va amaliy hamkorlikni jonlantirishga kelishib oldi.

Shuningdek, kasbiy malaka sertifikatlarini o‘zaro tan olish, ta’lim standartlarini muvofiqlashtirish va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash bo‘yicha ikki tomonlama maslahatlashuvlarni tashkil etish taklifi bildirildi. Tomonlar axborot texnologiyalari, tibbiyot, muhandislik va qishloq xo‘jaligi sohalarida birgalikda o‘quv dasturlarini amalga oshirishga tayyorliklarini tasdiqladi.

Xorijda o‘z biznesiga ega milliy diaspora vakillari ishtirokida qo‘shma investitsiya loyihalarni amalga oshirish ham o‘zaro iqtisodiy diplomatik munosabatlarning yangi yo‘nalishi sifatida e’tirof etildi.

Vazir Choudri Salik Husayn, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi munosabatlarni batafsil muhokama qilish uchun ikki tomon tegishli vazirlik va idoralarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish, maxsus ta’lim muassasalari faoliyati, mehnat migratsiyasini boshqarish tajribasi va kadrlar tayyorlash borasida hamkorlikning amaliy qismiga o‘tish muhimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid