Tanzila Norboyeva: “xotin-qizlar huquqlarini ta’minlashda hali ko‘p ishlar qilishimiz kerak”

O‘zbekiston 10:26 / 24.05.2023 5390

Konferensiya Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Unda xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlardan ham soha mutaxassislari, ekspertlar ishtirok etgan.

Tadbirda Senat raisi gender siyosati jamiyat va davlat taraqqiyotining tayanch omiliga aylanganini ta’kidlagan.

Qonun hujjatlarining majburiy gender-huquqiy ekspertizasini joriy etish va gender auditi institutini tashkil etish gender tenglikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Bundan tashqari, gender diskriminatsiyasining oldini olish, gender stereotiplariga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratish bu boradagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Biroq erishilgan muvaffaqiyatlar bilan bir qatorda xotin-qizlarning mehnat, ijtimoiy va boshqa huquqlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy faolligini kengaytirish va kasbiy mahoratini oshirish borasida hali ko‘p ishlar qilishimiz kerak”, – deya qayd etgan Senat raisi.

Bugungi kunda sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasida band bo‘lgan aholi o‘rtasida xotin-qizlar ulushi 77 foizni, iqtisodiyot va sanoat sohasida 46 foizni tashkil etmoqda, 2 ming nafarga yaqin xotin-qizlar davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

Xotin-qizlarning ta’lim olishlari uchun imkoniyatlarning kengaytirilishi natijasida oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan xotin-qizlar soni 6 barobarga ko‘paygan. Xususan, bakalavr yo‘nalishida o‘qiyotgan xotin-qizlar ulushi 38 foizdan 49 foizga, magistratura bosqichida o‘qiyotganlar esa 37 foizdan 50 foizga ortganligi qayd etilgan.

Xalqaro ekspertlar tomonidan mamlakatda mehnat munosabatlari tizimi tubdan isloh qilinganligi hamda majburiy mehnatga barham berilgani, munosib mehnat prinsiplari doirasida aholining bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganligi yuqori baholangan.

Tadbirda Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha byurosi direktori Olga Kulayeva, qator xalqaro tashkilotlarning mutaxassislari hamda xorijiy mamlakatlarning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari ma’ruza bilan ishtirok etishgan. Tadbir yakunlari bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilarining gender tenglikni ta’minlash, munosib mehnat prinsiplarini keng tatbiq etish bo‘yicha tavsiyalari ishlab chiqilgan.

Ko‘proq yangiliklar: