Shavkat Mirziyoyev maktab bitiruvchilariga tabrik yo‘lladi

Jamiyat 19:41 / 24.05.2023 21690

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 25 may — So‘nggi qo‘ng‘iroq bayrami munosabati bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlariga tabrik yo‘lladi. Tabrik prezident matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

Qadrli farzandlarim!

Avvalo, mana shu quvonchli ayyomda yetuklik shahodatnomasini qo‘lga olib, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotganingiz bilan barchangizni chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlar orziqib kutgan 25 may sanasida mamlakatimizdagi 10 mingdan ziyod maktablarda «so‘nggi qo‘ng‘iroq»lar yangrab, qariyb 392 ming nafar yoshlarimiz qadrdon maktablari, mehribon ustozlari bilan xayrlashmoqda. Ayniqsa, 12 mingdan ortiq bitiruvchilarimiz o‘qishni oltin, 2 mingdan ziyodi kumush medal bilan yakunlayotgani bayram shukuhini yanada oshirmoqda.

Albatta, bularning barchasi nafaqat siz, aziz farzandlarimiz, balki biz – ota-onalar, ustoz-murabbiylar uchun ham g‘oyat quvonchli va hayajonli voqealardir.

Sizlarni zamonaviy ta’lim olib, kasb-hunar o‘rganib, jamiyatimizda munosib o‘rin egallashingiz uchun yangilangan Konstitutsiyamizda belgilangan beqiyos imkoniyatlar kutmoqda.

Hech shubhasiz, o‘z bilim va iste’dodini Vatanimizga munosib farzand bo‘lishdek maqsadlarga sarflashga bel bog‘lagan siz kabi yoshlar – yangi O‘zbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir.

Aziz o‘g‘il-qizlarim!

Bugungi kunda jonajon Vatanimiz taraqqiyotida milliy yuksalish davri boshlanmoqda. Ayniqsa, ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor berayotganimiz sizlarga yaxshi ma’lum. Xususan, Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili deb nom olgan 2023 yilda maxsus davlat dasturini qabul qilib, soha rivojini yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi o‘rni va obro‘-e’tiborini oshirish bo‘yicha ko‘plab chora-tadbirlarni amalga oshirmoqdamiz.

Hozirgi vaqtda yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumta’lim maktablari, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari bilan birga ko‘plab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar faoliyat yuritmoqda.

Birgina o‘tgan yili 3,2 trillion so‘m mablag‘ hisobidan 807 ta maktabda qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Bu yil esa o‘rta ta’lim maskanlariga 40 ming dona zamonaviy kompyuterlar, 442 ta komplekt robototexnika jihozlari va boshqa zarur ashyolar yetkazib berildi.

«Barkamol avlod» bolalar maktablari, bolalar va o‘smirlar sport maktablarida keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar amalga oshirilmoqda, yoshlarimiz o‘rtasida kitobxonlikni kuchaytirish, ularni adabiyot, san’at va sport to‘garaklariga faol jalb etish bo‘yicha izchil ish olib borilmoqda.

Ana shunday ishlarimizning samarasi sifatida yurtimiz o‘quvchilari joriy yilda mintaqaviy va xalqaro fan olimpiadalarda 2 ta oltin, 15 ta kumush, 27 ta bronza medallarini qo‘lga kiritgani, 6 nafar iste’dodli qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgani barchamizni xursand qiladi.

Shuningdek, o‘quvchilarni maktab davridayoq kasbga ega bo‘lishlari uchun 11-sinfni hayotga yo‘llanma beruvchi sinf deb belgilab, yoshlarga kamida ikkita chet tili hamda tadbirkorlarni jalb qilgan holda bitta zamonaviy kasb o‘rgatish tizimi joriy qilinmoqda.

Hurmatli bitiruvchilar!

Keyingi paytda O‘zbekiston unib-o‘sib kelayotgan sizdek azmu shijoatli yoshlarimiz uchun ulkan imkoniyatlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Yurtimizdagi 210 ta oliygoh, 330 ta kasb-hunar maktabi, qariyb 400 ga yaqin kollej va texnikumlar sizlarga o‘zingiz tanlagan sohalar bo‘yicha yetuk kadr va malakali mutaxassis bo‘lish uchun imkoniyat maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Talabalarning ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qib, oliy ma’lumot olishini ta’minlash maqsadida 154 ta oliygohda sirtqi, 15 ta oliygohda esa masofaviy ta’lim shakli faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, davr talabidan kelib chiqib, yoshlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatadigan monomarkazlar, Ay-Ti va texnoparklar bunyod etilishi ularning o‘z bizneslari bilan shug‘ullanishiga xizmat qilmoqda.

Sizlarning jamiyatda munosib o‘rningizni egallashingiz uchun joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, mahalla jamoatchiligi ham yaqin ko‘makchi va maslahatchi bo‘ladi. Bunday ezgu maqsad yo‘lida ularning eshiklari doimo sizlar uchun ochiqdir.

Ishonchim komilki, sizlar yaratilgan ushbu imkoniyatlardan foydalangan holda, kelgusida yurtimizdagi zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, katta-katta firma va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlarida mehnat qilib, o‘z bilim va malakangiz bilan mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shasiz.

Bugun maktabni tugatib chiqayotgan yigit-qizlarimizning har biri el-yurtimizning mehri va e’tiborida bo‘lishini yana bir bor ta’kidlab aytmoqchiman.

Siz, aziz farzandlarimizni kelajakda yanada ulkan va mas’uliyatli marralar kutmoqda. Har biringiz hayotda munosib o‘rningizni topishingiz uchun biz bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarni to‘liq ishga solamiz.

Men siz, aziz farzandlarimdan bir narsani so‘rayman: tinimsiz o‘qib, izlanib, zamonaviy bilimlarni egallashdan aslo to‘xtamang! Doimo vaqtning qadriga yetib, muntazam bilim va tajribangizni oshirib borsangiz, qat’iy belgilab olgan reja va maqsadlaringiz sari dadil harakat qilsangiz, albatta kelgusida katta muvaffaqiyatlarga erishasiz.   

Sizlarning doimo marrani baland olib, yagona kuch bo‘lib harakat qilishingizga ishonaman. Sizlar bunga albatta qodirsiz.

Ana shunday sharafli va mas’uliyatli yo‘lda barchangizga ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar, shaxsiy hayotingizda baxt va omad tilayman.

Sizlarni maktab ta’limini muvaffaqiyatli tamomlaganingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman.

Mustaqil hayotdagi qadamlaringiz qutlug‘ va barakali bo‘lsin, aziz o‘g‘il-qizlarim!

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ko‘proq yangiliklar: