Lekin, Pashinyanning shartiga ko‘ra, Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarning haq-huquqlari kafolatlanishi kerak.
Bu bayonotni rasmiy Boku ancha vazmin qabul qilgan. Ozarboyjon hokimiyati “Qorabog‘dagi armanlar haq-huquqlari – bu Ozarboyjonning, ya’ni Qorabog‘ning ichki ishi, o‘zimiz kelishib olamiz” degan ohangda javob bergan.
Lekin, o‘tgan yillar davomida Boku “Tog‘li Qorabog‘ qaytarilgach, u yerda yashayotgan armanlarga hech qanday repressiya va bosimlar bo‘lmaydi” degan mazmundagi pozitsiyani ko‘p takrorlagan. Xalqaro tashkilotlar ham Qorabog‘dagi armanlar haq-huquqlariga juda e’tiborli bo‘lishini, rasmiy Boku yaxshi tasavvur qiladi.
Qolaversa, Pashinyan “biz KXShTdan chiqishimiz kerak” degan fikrni ham aytgan. Mantiqan o‘ylab qaraganda ham, Armaniston Ozarboyjon bilan kelishib, o‘zaro hududiy yaxlitlikni tan olsa, tashqi homiyga/himoyachiga hech qanday zarurat qolmaydi.
Pashinyan Tog‘li Qorabog‘ni Ozarboyjon hududi deb tan olishiga bir qancha sabab bor. Birinchidan, Ozarboyjon bilan yana urushishga harbiy, insoniy va boshqa resurslar qolmadi. Siyosiy iroda ham yo‘q.
Ikkinchidan, Armaniston Ozarboyjon va Turkiya bilan kelishib, mintaqadagi ziddiyatlarni yopmoqchi va KXShTdan chiqib, g‘arb tomon yurishni boshlash niyatida.
Bu degani, Armaniston tezda Rossiya orbitasidan de-yure chiqish rejasini qilmoqchi. Bu – Kavkaz mintaqasi to‘liq Rossiya ta’siridan chiqib bo‘lganini anglatadi. Rossiya nima bilan javob berar ekan?
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
- Kun.uz “Nuqtayi nazar” rukni ostida hajmi 500 ta so‘zdan oshmaydigan, muallif nuqtayi nazari ifodalangan ixcham mulohaza-maqolalarni berib boradi. Kelgusida rukn faoliyatini kengaytirish ko‘zda tutilgan.