Buxoroda "Uchinchi renessans-ma’rifatli jamiyat sari!" Respublika anjumani bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston 14:55 / 24.05.2023 7530

18-20 may kunlari Buxoroda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, viloyat hokimligi hamkorligida “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad ma’naviy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini oshirish, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan ziyolilar uchun ilmiy-ma’rifiy muloqot maydonini tashkil etish orqali ular o‘rtasida o‘zaro tajriba almashishga xizmat qiladigan ma’naviy ko‘prik yaratishdan iborat.

Ilm-ma’rifatning qadim o‘chog‘i bo‘lgan Buxoro shahridagi Mir Arab Oliy madrasasida “Uchinchi Renessans – ma’rifatli jamiyat sari!” mavzusida Respublika ilmiy-amaliy anjumani va konferensiya materiallari to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 100 nafardan ortiq olimlar, professor, dotsentlar hamda hududlardan turli soha mutaxassislari ZOOM orqali qariyb 200 nafar ziyolilar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Mazkur anjuman respublikamiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan ziyolilar uchun jonli muloqotni amalga oshirish, ular bilan tajriba almashinish uchun ma’naviy maydon vazifasini bajaradi. Konferensiya o‘z ishini shu’balarga bo‘lingan holda davom ettirdi.

Respublika anjumani doirasida Buxoro davlat universitetida “O‘zbekiston Qahramonlari” kitobi taqdimotida Buxoro zaminidan yetishib chiqqan, Vatanimiz taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shib, ushbu yuksak unvon hamda “Oltin Yulduz” medali bilan taqdirlangan 6 nafar O‘zbekiston Qahramonlarining ibratli hayoti va ko‘rsatgan fidoyilik hamda matonati e’tirof qilinib, ularga va oila a’zolariga sovg‘alar taqdim etildi.

Tadbirda yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash maqsadida, milliy estrada san’atimiz asoschilaridan biri, ijodiy va ijtimoiy faoliyati bilan xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk san’atkor Botir Zokirov tavalludining 87 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova ishtirokida sahnalashtirilgan “Sulola” nomli bir aktyor spektakli namoyish etildi.

Anjuman doirasida viloyatdagi korxona va tashkilotlar, oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida ziyolilar, shoir-yozuvchilar ishtirokida “Ma’rifat soatlari” o‘tkazildi. “Mehr-muruvvat va saxovat” hamda "Ma’rifat tur” loyihalarida viloyatdagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari, saxovat uylarida yashayotgan nuroniylar, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari”ga kiritilgan oilalar holidan xabar olinib, ularning farzandlarini ma’naviy qo‘llab-quvvatlash, qolaversa, boy madaniy tariximiz bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, qadimiy obidalar va muqaddas qadamjolarga sayohat tashkil etildi.

O‘zbek musiqa san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llari, qadimiy tarixi, noyob san’atini keng targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarning ushbu san’at yo‘nalishlari bo‘yicha qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida Buxoro shahridagi Shahriston maydonida “Milliy qo‘shiqlar va maqom” konsert dasturi o‘tkazildi.

 

Ochiq osmon ostida O‘zbekiston xalq hofizi Abdunabi Ibrohimov, O‘zbekiston xalq artisti Zamira Suyunova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Gulbahor Erqulova va Ahmadjon Dadayev, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori Salohiddin Azizboyev, ustazoda san’atkor Aziz Rajabiy, xonandalar Rustam Mirminov, Nafisa Parmonova, Adolat Ismoilova va boshqalar 4 mingdan ziyod tomoshabin qarshisida milliy musiqamizning serjilo ohanglarini namoyish etdilar.

Mazkur anjuman doirasidagi 13 ta loyihada o‘n mingga yaqin aholi vakillari qamrab olindi.

"Ma’rifat" targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati

Reklama

Ko‘proq yangiliklar: