Besh yil avval Samarqand shahri, Amir Temur ko‘chasidagi uylarda istiqomat qilib kelgan bir guruh fuqarolardan yashab turgan uylarini bo‘shatib qo‘yish talab qilingan. Asos sifatida ushbu hudud davlat ehtiyoji uchun olinayotgani, bu joylarda yirik loyiha amalga oshirilishi aytilgan. Ya’ni Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 30 iyundagi “2017-2019-yillarda Samarqand shahri va Samarqand viloyatining turizm salohiyatini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan mazkur hududda “Samarqand city” turizm zonasi qurilishi rejalashtirilgan.
Tabiiyki, bunday katta, dabdabali loyihaga fuqarolar hech qachon qarshi borolmaydi. Yashab turgan uyi, mulkini tashlab, davlat bilan kelishishga majbur bo‘lishadi. Va shunday bo‘ldi ham.
Biroq Kun.uz’ga qilingan murojaatga ko‘ra, hududdagi ikkita ikki qavatli uylarda yashab kelganlar birin-ketin xonadonlaridan chiqarilgan. Fuqarolar bilan alohida-alohida kelishuvlar bo‘lgan. Buni qarangki, ma’lum muddat o‘tgach, loyiha o‘zgargan. Bu vaqt ichida xonadonini bo‘shatib qo‘ygan fuqarolarning mulki allaqachon buzib boshlangandi. Mana, besh yil o‘tibdiki, xonadonlarni bo‘shatib ulgurmaganlar bilan hech kim hisoblashmayapti. Infratuzilma, xavfsizlik unutilgan bu hududda ular ibtidoiy yashashga majbur bo‘lmoqda.
Islom Ismoilovning aytishicha, buzilishga qadar pod’yezdda beshta oila yashab kelgan. Hozir butun boshli pod’yezdda faqat uning oilasi istiqomat qiladi. Ko‘chib ketganlarning uylari buzib olingan, eshik-derazalar yo‘q. Uy juda xunuk manzara kasb etgan.
Xarobadan chiqib ketishga ulgurmaganlar bugun uyalyapti. Na mehmon chaqirish, na yashash mumkin. Xonadon egalariga har tomonlama xavf ortib bormoqda. Daydilar, mast-alastlar tashlab ketilgan uylarni makon tutishyapti. Aslida ushbu tashlandiq binoni uy ham deb bo‘lmaydi. Eng quyidan eng yuqoriga qadar qilingan murojaatlarga jo‘yali javob beradigan mas’ulning o‘zi yo‘q.
Rustam Naxanov shu vaqtga qadar ko‘plab tashkilotlarga murojaat qilingani, biroq naf bo‘lmayotganini aytmoqda. Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qilingan murojaat ham samarasiz qolgan. Vazirlik xodimlari holatni o‘rgangan, uy haqiqatan ham avariya holatida ekanini e’tirof etishsa-da, fuqarolarga yordam berisholmagan.
“Bu yerda to‘rt yildan buyon birlamchi talablarga ham mos bo‘lmagan antisanitariya holatida yashab kelyapmiz. Hokimlik boshida kompensatsiya berdi, qo‘shnilarimizning yarmi ketishdi. Biz, oltita kvartiradagi qo‘shnilar esa arosatda qolib ketdik. Bunaqa holatda ortiq yashab bo‘lmaydi. Hamma narsa sinib yotibdi, tomdan chakka o‘tdi, keyin suvni o‘chirishdi. Uydagi sanitariya holati dahshatli darajada. O‘rgimchak, suvarak o‘rmalab yuradi, itlar ham keladi. Ochiq qolgan uylarda qotillik ham bo‘ldi. Boshimizdan nimalar o‘tmadi, deysiz. Bizning holatimizga befarq bo‘lmay qandaydir chora ko‘rishlarini so‘raymiz”, – deydi Natalya Ivanova.
Bu uylarda qolib ketganlar o‘jarlikdan, davlatning talabiga bo‘ysunmagani uchun yashab kelmayapti. Ular chorasiz, boshqa boradigan joyi yo‘q.
Shaharning qoq markazidagi xarobada yashayotganlar taqdiri bo‘yicha Samarqand shahar hokimining soha bo‘yicha o‘rinbosari Firuz Najmiddinovdan ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.
Tan olish kerak, bu mavzuga hokim o‘rinbosari Najmiddinov mas’uliyatni bo‘yniga olib javob bera olmasligi oldindan ma’lum edi. Chunki loyiha ko‘lami yirik va bunday loyihalar haqida odatda rasmiyatchilik uchungina mahalliy hokimliklarning qaror va hujjatlari tayyorlanadi. Ya’ni mahalliy hokimlik bu yerda amalda shunchaki ijrochi, g‘oya va taklif ancha yuqoridan beriladi.
Biroq bitta haqiqat bor. Hozirgi vaqtda Samarqand shahri markazidagi yarmi buzilgan uylarda yashab kelayotganlarning taqdiri haqida kimdir bosh qotirishi shart. Ularning holidan xabar olish, muammoga yechim topib berish kerak.
Shu o‘rinda bir savol. Yuqorida tilgan olingan Vazirlar Mahkamasining qaroridan kelib chiqib hududda 2017-2019-yillarda “Samarqand city” turizm zonasi qurilishi kerak edi. “Samarqand city”qani? Loyiha o‘zgardimi, o‘zgargan bo‘lsa, nega o‘zgardi? Nega bizda eng yuqori mahkamada tasdiqlangan qarorlarni bemalol o‘zgartirish mumkin? Boringki, loyiha sabab jabrlanganlar, zarar ko‘rganlarga davlat ehtiyoji uchun uyingni bo‘shat, deb vaj keltirganlar hozir qayerda?
Kun.uz mavzuga yana qaytadi.
Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.