O‘zbekistonning tashqi savdosi: Xitoyga bog‘liqlik ortmoqda, oltin va gaz eksporti ko‘paygan

Iqtisodiyot 19:34 / 22.05.2023 36558

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-aprel oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 19,6 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 7,7 mlrd dollarni, import hajmi esa 11,9 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 6,2 foizga, import hajmi 18,6 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 4,2 mlrd dollarga yetgan.

Tashqi savdoda Xitoyga bog‘liqlik kuchaymoqda

O‘zbekistonning tashqi savdo aloqalarida Xitoyga bog‘liqligi ortib bormoqda. Xususan, aprel oyida ikki davlat o‘rtasida qariyb 970 mln dollarlik TSA kuzatilgan. Yil boshidan beri Xitoyning O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmi 3,3 mlrd dollarga yetgan.

Hisobot davrida TSAning nisbatan salmoqli hissasi XXR (17 foiz), Rossiya (15,1 foiz), Qozog‘iston (7,7 foiz), Turkiya (5,4 foiz), Koreya (4,1 foiz), Germaniya (4 foiz) va Qirg‘iziston (1,7 foiz) bilan qayd etilgan.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

Oltinsiz eksport hajmi qisqarmoqda

Aprel oyida asosiy savdo hamkorlarimiz: Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyaga eksport hajmi sezilarli darajada qisqargan. Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning e’tibor qaratishicha, oltinsiz eksport miqdori o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5 foizga qisqargan.

“Asosiy savdo hamkor davlatlarimiz, xususan, Qozog‘iston hamda Rossiyaga eksportning qisqarishini mos davrdagi juda yuqori o‘sish qisman tushuntirib beradi (yuqori baza). Ammo Rossiyaga eksportning qisqarishi mart oyidayoq boshlanib bo‘lgandi (bu esa signal bo‘lishi mumkin).

Turkiya va Xitoyga eksportning qisqarishi oldingi oylardagi kabi davom etmoqda. Xitoyda iqtisodiy faollikning tiklanishiga qaramasdan eksport jiddiy darajada qisqarib bormoqda. Xususan, o‘tgan yilning iyul oyidan buyon faqatgina sentabrda Xitoyga eksport o‘sgan bo‘lsa, boshqa barcha oylarda qisqargan. Jumladan aprel oyida Xitoyga eksport 25 foizga kamaygan. Bu davlatdan importimiz esa aprel oyida 18 foizga o‘sgan.

Turkiyada ekspansion siyosatning davom etishi sabab bu davlatga eksportimiz ketma-ket 7 oydan buyon qisqarmoqda. Turkiyadan importimiz esa bu davrda faqatgina aprel oyida 22 foizga qisqargan bo‘lib, qolgan barcha oylarda normal darajada o‘sgan”.

Mirkomil Xolboyevning xulosa qilishicha, joriy yilda O‘zbekiston eksporti o‘sishining asosiy umidi oltin narxining yuqori darajada saqlanib qolishidan bo‘ladi. Chunki kelayotgan oylarda ham asosiy hamkor davlatlar bilan savdo hajmining yuqori o‘sishi bo‘yicha kutilmalar optimistik emas.

Rossiya va Qozog‘iston yo‘nalishida eksportning qisqarishi G‘arb sanksiyalari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, Rossiya va Qozog‘istonga eksport hajmining qisqarishiga AQSh va Yevropa Ittifoqi vakillarining ogohlantirishlari ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin.

“Mening nazarimda, yakuniy xulosalar chiqarishga shoshmay turish kerak. Sababi eksportning qisqarishi (ayniqsa Rossiya va Qozog‘iston yo‘nalishida) sanksion tovarlarning reeksporti hisobiga ro‘y berayotgan bo‘lishi mumkin. Bunga importning o‘sish sur’ati pasaygani, O‘zbekistonda umuman ishlab chiqarilmaydigan qator tovar guruhlari eksporti, masalan generatorlar va mashina uskunalari eksporti kamayganidan ham ishora olsa bo‘ladi. Ya’ni yaxshi gumon shuki, Rossiyaga Kremlning "parallel import" siyosati doirasida sanksion tovarlar eksporti to‘xtagan bo‘lishi mumkin. Aprelda AQSh va Yevropa Ittifoqi vakillarining bu to‘g‘ridagi ogohlantirishlarini eslang, sanksiyaga tushgan, O‘zbekistonda jon saqlayotgan oligarx va uning aktivlariga qo‘yilgan sanksiyalarni esa eslatib o‘tish shart emas. Qolaversa, Yevropaning 11-sanksion paketida sanksiyaga tushadigan sub’yektlar ro‘yxatida O‘zbekistondan bo‘lgan korxonalar va shaxslar haqida sizdirgilar ham rol o‘ynagani tabiiy.

Lekin an’anaviy eksport tovarlarimiz meva-sabzavot (hajmda), yigirilgan ip va matolar, rangli metallar, o‘g‘itlar eksporti kamaya boshlagani rostanam xavotirli”, deydi iqtisodchi.

Oltin eksporti

Joriy yilning yanvar-aprel oylarida 3 mlrd dollar qiymatidagi oltin sotilgan. Bu umumiy eksportning 40 foizini tashkil etadi. O‘z navbatida oltin eksporti 2022 yilning mos davri bilan taqqoslanganda, 3 foizga ko‘paygan.

Jahon bozorida oltin narxlari qimmatlashishi fonida O‘zbekiston Markaziy banki yanvar-aprel oylari davomida katta miqdorda qimmatbaho metall eksportini amalga oshirgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Rasmiy statistikaga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 4 oyida O‘zbekiston 153 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 2,4 barobarga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 54,9 foizga yoki 118 mln dollargacha qisqargan. Biroq aprel oyida 90 mln dollardan ko‘proq qiymatda gaz eksporti amalga oshirilgan.

“Xitoy statistikasiga ko‘ra, aprel oyida O‘zbekistondan 40,5 mln dollar gaz import qilingan. O‘zbekistondan Xitoyga gaz eksporti oxirgi marta o‘tgan yili dekabrda ro‘y bergandi.

O‘zbek statistikasiga ko‘ra, aprel oyida jami 90 mln dollar atrofida gaz eksporti amalga oshirilgan. Gaz eksporti geografiyasi davlatlar qirqimida ochiqlanmagan. Uzoq yillik shartnomalarga ko‘ra, O‘zbekiston Xitoydan tashqari Qirg‘iziston va Tojikistonga ham gaz eksportini amalga oshirib keladi”, deya yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Shuningdek, 2023 yilning yanvar-aprel oylarida 54,7 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40,8 foizga ko‘p.

Hisobot davrida 48,6 mln dollarlik elektr toki sotib olingan va 33,4 million dollar qiymatidagi elektr energiyasi eksport qilingan.

Neft va neft mahsulotlarining eksporti 89 foizga oshib, 64,4 mln dollarni, importi esa 45,9 foizga ko‘payib 621,7 mln dollarni tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: