Dilnoza Kubayeva – bugungi o‘zbek teatr va kino san’atining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri. Uning ijrosidagi rollar juda ko‘pchilikning qalbidan munosib o‘rin egallagan, biroq keyingi paytda u sahnada kamroq ko‘rinish bermoqda. Juda kam intervyu beradigan aktrisa jurnalsitlar Nazira Inoyatova hamda Shoira Mirsodiqova bilan suhbat davomida ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga javob berish barobarida hayotiy qadriyatlari haqida ham to‘xtalgan.
“Bolalarga ko‘proq ta’sir o‘tkazsam deyman”
San’atga bo‘lgan muhabbat menga ota-onamdan o‘tgan bo‘lsa, ularga bobolarimdan, momolarimdan o‘tgan. Tabiat qo‘ynida katta bo‘lgan odamlar boshqacha bo‘ladi. Ular har bir giyoh bilan, tosh bilan gaplashadi. O‘sha tabiat bilan ulg‘ayishgan.
Hozir bilmadim, lekin o‘sha ota-onalarimiz davrida hamma shoir, hamma san’atkor bo‘lgan. Balki mening o‘g‘limda bo‘lmas, lekin nevaralarimda, albatta, san’atga muhabbat, ijodkorlik bo‘ladi, o‘tadi baribir.
Bolalar bilan bog‘liq faoliyatim yo‘q, afsuski. Milliy teatrga 12 yoshdan katta bolalar kelishi mumkin. Har bir chiqishimda ich-ichimdan «Qaniydi, shu aytayotgan she’rimni bolajonlar yaxshi ko‘rib qolsa, qidirib topsaydi», deyman. San’atga oshno qalbdan hech qachon yomonlik chiqmaydi. Qo‘limdan kelsa, bolalarga ko‘proq ta’sir o‘tkazsam deyman, lekin imkoniyatim cheklangan.
«Dushmanlik – bir-birini tushunmaslik»
Mening hayot lug‘atimda «dushman» degan so‘z yo‘q. Har kunim, har soniyam Yaratganga tavakkal, hayotimdagi juda kichik masalalarni ham Allohning izniga tashlab qo‘yganman. Bandalar faqat sababchi.
Dushmanlikning ham ildizi bir-birini tushunmaslikdan kelib chiqadi. Odamlar bir-biri bilan gaplashib olishi kerak. Ziddiyatlarda chetdagi insonlarning manfaati yotadi xolos. O‘tirib yuzma-yuz gaplashib olishga jur’at yetmaydi, hamma gap shunda.
Ba’zan oila bo‘lib gaplashib olishga ham jur’at topolmaydi kishi, buning bari o‘zimizni ayashdan. O‘zimga ham, men bilan xafalashgan insonlarga ham jur’atli bo‘lishni tilayman.
«Bibixonimni o‘ynashni istayman»
Tarixiy filmlarda suratga tushish nasib etmadi hali. Kastinglarga boraman, sinovlarda qatnashaman. Boshqa hamkasblarim o‘tib ketsa, ular uchun xursand bo‘laman, omadini bersin, deyman. Hech qachon birovga hasad qilmaganman, balki shuning uchun ham omadlidirman.
Yaqinda bir tarixiy film kastingidan o‘tdim. Lekin Xorazmga borolmadim ba’zi sabablarga ko‘ra. Demak, hali vaqt bor ekan, nasibini kutish kerak ekan.
Mening tarixiy rolim hali oldinda turibdi. Lekin Bibixonim shaxsiyatiga muhabbatim baland. Shu rolni o‘ynashni istayman.
«Hozir mahmadonalar davri»
Bir paytlar teatr davri, kino davri bo‘ldi bizda. Hozir mahmadonalar davri, donolarga emas, o‘shalarga quloq solishadigan davr. Davr ham deb bo‘lmaydi, davrchalar, chunki har qanday tuturiqsiz faoliyat pirovardida sinishga olib keladi. Uning poydevorida hech narsa yo‘q — puch.
Bunday vaziyatda ijodkor insonlar bir chetda yengilib, tushkunlikka tushib qolishi kerakmas. Davom etish kerak. Vaqti kelib, ularning o‘zi qolib ketaveradi, g‘alvir ko‘tariladi. Bir tarafdan shunday tuturiqsizliklar paytida haqiqiy ijod yaxshiroq ko‘rina boshlaydi.
«Millat bo‘lish uchun harakat qilishimiz kerak»
«Millat» so‘zi — juda ulug‘ so‘z. Har birimiz millat uchun, millat bo‘lish uchun harakat qilishimiz kerak. Millat deyilganda Abdulla Qodiriy ko‘z o‘ngimga keladi. Ziyolilarimizdan, u insonni ko‘rganlardan ko‘p eshitganman. Haqiqiy millatning ko‘rimi bo‘lib turardi, deyishadi.
Odamlarimiz, xalqimiz qilayotgan ishini vijdonan qilishini istardim. Shunday bo‘lsa, poraxo‘rlik, birovning ildiziga bolta urish kabi holatlar bo‘lmaydi. Buning ortida odamlarda yashashga ishtiyoq ortadi, yashagisi kelaveradi.
Qilayotgan ishiga halol munosabatda bo‘lishi kerak. Bunday insonlar odamlarni ham yaxshi ko‘radi. Bandalarni sevgan odam Yaratganni sevadi.
«Bolaligimni eslasam, juda oldin yashagandek his qilaman»
Oila tashvishlarini kichiklikdan bo‘ynimga olganman. Onamga og‘ir bo‘lmasin, deb ko‘p harakat qilganman. Faqat oila, ro‘zg‘or bo‘lgan xayolda.
Sakkizchi sinf paytimda gilamchilikka qiziqardim. O‘shanda ustozim shu gilam to‘qishda qarashganim uchun menga qanchadiram pul bergan. Birinchi topgan daromadim shu bo‘lgan.
Aktrisa sifatida esa klipda tushganimda birinchi gonorarimni olganman. Juda xursand bo‘lib, onamga olib kelib berganman pulimni. Undan keyin ham doim onamga olib kelib berganman. O‘zimning alohida hamyonim bo‘lganiga ko‘p bo‘lmadi.
Bir paytlar bir dunyo bozorlik qilib uyga kirib kelganimda turmush o‘rtog‘im hayron bo‘lgan. O‘g‘limga doim ro‘zg‘or, oila tashvishlarini qo‘limdan olishini uqtiraman. Bir kun kelib qo‘limdan oladi. To‘rt muchang sog‘ ekan, birovga muhtoj qilmasin.
Xatolarim ko‘p. Yashar ekanmiz, xato qilishga moyil bo‘lamiz. Lekin shu xatolardan xulosa chiqarib, yanayam kuchliroq bo‘lib, ertangi kunga o‘tamiz. Biz ongli mavjudotmiz — insonmiz. Shuning uchun doim xatolardan xulosa chiqarishimiz kerak.
O‘z bolaligimni eslasam, juda oldin yashagandek his qilaman o‘zimni. Yaqin tarix emasdek. Birinchi navbatda bog‘cham, u yerdagi Halima opa ismli bog‘cha opam yodimga tushadi.
Ularga qanday bog‘langanman, bilmayman. Nima uchunligini eslolmayman, lekin bir marta birinchi yo ikkinchi sinf paytim maktabdan chiqib, to‘g‘ri o‘sha Halima opaning uyiga borganman. Uyiga kirishga botinolmay, ancha vaqt turganman va uyga qaytganman.
Do‘stlik juda muhim. Inson hayotda o‘z yo‘lini topish uchun yaxshi do‘stga muhtoj bo‘ladi. Samimiy munosabat bo‘lsa, o‘ziga tilaydiganni unga ham tilaydigan bo‘lsa, do‘stlikning poydevori bo‘ladi bu.
«O‘zbek kinosini tomoshabin va ijodkorlarning munosabati sindirdi»
Seriallarga ko‘p taklif tushadi, lekin ularga ulgurolmayman. Teatrimiz – respublikadagi eng katta teatr. Ish ko‘p u yerda. Doim harbiydek turishimiz kerak, xohlagan payt xizmat safarlariga chaqirishlari mumkin.
Seriallardan ham rol olib tashlab, hamma ishim chala bo‘lib qolishini istamayman. Bundan tashqari, o‘zimning shaxsiy ijodim bor, oilam bor, o‘zimni asrashim kerak. Aslida, kinoni ham sog‘indim. Lekin kinomiz ozroq o‘ziga kelib olishini kutyapman. Men xohlagan rejissyor chiqmayapti ham.
O‘zbek kinosi sinishiga sabab odamlarning munosabati deb o‘ylayman. Ya’ni tomoshabinning ham, ijodkorlarning o‘zining ham munosabati sindirdi.
Ko‘p tosh otildi va ho‘l-u quruq baravar yonib ketdi oxirida. Kinoning immuniteti tugadi tanqidlarga nisbatan. Chunki «savalash» juda ko‘p bo‘ldi.
Kinoning boshida turgan rahbarlar ham shunga bemalol yo‘l qo‘yib berdi. O‘zinikini ozroq asrash kerak, bo‘lmasa, parokanda bo‘ladi va shunday bo‘ldi ham.
«Faqat saviyali ko‘rsatuvlarga chiqaman»
Ilgari kino s’yomkalari ko‘p bo‘lardi, shuning ko‘rsatuvlarga chiqishga vaqt bo‘lmasdi. Doim teatr va kinoni barobar olib borganman. Ustozlarim ham odamning muqim bir ishlaydigan joyi bo‘lishi kerak, deb ko‘p uqtirgan. Shu sababli teatrdaman doim.
Hozir kinolar kamaygan. Ko‘rsatuvlarga chiqishga ham vaqt topilyapti. Lekin shunda ham uydagilar bilan maslahatlashib, o‘zim o‘ylab ko‘rib, faqat borish mumkin bo‘lgan saviyali ko‘rsatuvlargagina chiqaman. Umuman ko‘rinmay ketsam ham, odamlar unutib yuboradi.
Ijodkor uchun «yo‘q bo‘lib ketdingiz» degan gap qo‘rqinchli. Teatrda shuncha ishlayapmiz, mehnat qilyapmiz, lekin kimdir «teatrlar haliyam bormi, ishlayaptimi?» degan gapni aytganda, yuragim parchalanib ketadi.
Doim teatrni ustun qo‘yganman. Buni qarangki, teatr hayotimda muhim rol o‘ynaydi, ammo teatrda ishlashim odamlar orasida tanilishga, ko‘rinishga sabab bo‘lmaydi. Alam qiladi.
Teatrda darajasi pastroq asarlarda o‘ynashgayam majbur bo‘lamiz. Agar bu rolda o‘ynamayman, desangiz, yulduzlik kasaliga chalindiga chiqarishadi. Men esa doim ko‘ngilga qarash kerak, deyman. Tushunilmagan, eshitilmagan ko‘ngil alamzada bo‘ladi va hech narsa qilmaydigan bo‘ladi.