Ukrainaning bo‘lajak qarshi hujumi: ehtimoliy 4 ssenariy

Jahon 21:17 / 19.05.2023 59306

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi rahbari Yevgeniy Prigojin ukrainlarning qarshi hujumi allaqachon boshlanib ketgan deb hisoblamoqda. Shunga qaramay, Ukraina qurolli kuchlarining faollashuvi faqat Baxmut atrofida ko‘zga tashlanmoqda; va bu hududdagi harbiy harakatlar ko‘proq shahar g‘arbidagi yarim qurshov holatida qolgan kvartallarni deblokada qilishga qaratilgan lokal (va kechikkan) operatsiyaga o‘xshamoqda. Bu «qarshi hujum» ham dastlabki muvaffaqiyatlardan keyin to‘xtab qoldi. Shunga qaramay, ukrainlarning yirik yurishi yaqin kunlarda boshlanishi ehtimoli katta. Kiyevdan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, buning uchun Ukraina qurolli kuchlari va Milliy gvardiya tarkibida 20 ga yaqin brigada maxsus shakllantirilgan, o‘qitilgan va qurollantirilgan. Ochiq manbalarni o‘rganish orqali Ukraina aynan qayerda va qanday maqsad bilan hujum qilishga tayyorlanayotganini aniq aytish qiyin. Ammo urushning hozirgi bosqichi yakunlari operatsiya shakliga bog‘liq. «Meduza» voqealar rivoji bo‘yicha to‘rt ehtimoliy ssenariyni keltirdi.

Ukraina armiyasining yangi qarshi hujumi boshlanishi kerak bo‘lgan sharoitlar avvalgilaridan keskin farq qiladi:

  • 2022 yil kuzi boshida Ukrainna qurolli kuchlari urushning dastlabki yarim yilida jiddiy yo‘qotishlarga uchragan va safarbar qilinganlar bilan to‘ldirilmagan Rossiya armiyasidan son jihatdan katta ustunlikka ega edi.
  • 2023 yil bahorida Rossiya qo‘shinlari safarbarlikning ilk bosqichini yakunladi. To‘g‘ri, ayrim yangi bo‘linmalar allaqachon janglarga kirishib, shaxsiy tarkib va texnika borasida katta yo‘qotishlarga uchrab ulgurgan; yurish amaliyotlarida bunday bo‘linmalar o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsata olmadi.

Ukraina qurolli kuchlarining yangi tuzilmalari - ular ham asosan safarbar qilinganlar hisobiga shakllantirilgan - hali janglarda sinab ko‘rilmadi va ularning haqiqiy kuchi ayon emas. Shu bilan birga, 2022 yil kuzidagidan farqli o‘laroq,ular Rossiya qo‘shinlarining yaxshi tayyorlangan mudofaa liniyalarini yorib o‘tishi talab etiladi. Xususan, ukrainlarning asosiy zarbasi berilishi taxmin qilinayotgan Zaporijjya oblastida, sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga ko‘ra okoplar, uzoq muddatli o‘t ochish pozitsiyalari, tankka qarshi to‘siqlar va minalangan maydonlardan oltita mudofaa liniyasi tashkil etilgan. Rossiya bunday pozitsiyalarni shimolda ham — Luhansk oblastining Svatove va Kreminna rayonlarida, shuningdek, Baxmutga hujum qilayotgan guruhning ortida ham tashkil etgan.

Katta ehtimol bilan, Rossiyaning tayyorlangan zaxira kuchlari bu mudofaa chiziqlarini egallashga tayyor. Bahorda boshqariluvchi va uzoq masofaga harakatlanuvchi yangi o‘q-dorilarga ega bo‘lgan Rossiya aviatsiyasi esa hujum qilib keluvchi ukrain qo‘shinlariga zarba yog‘dirishga shay bo‘lib turibdi.

Hujumga tayyorgarlikda yana bir muhim omil — bu siyosatdir: ukrain qo‘mondonligi muvaffaqiyatsizlikka uchrash ehtimolini ko‘rib chiqa olmaydi, chunki bu Ukrainaning G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi pasayishi tahdidini yuzaga keltiradi. Shu tufayli, Ukraina qurolli kuchlari Rossiya armiyasini butkul tor-mor etmasa ham, katta hududlarni qaytarib olishga erishishi talab etiladi.

Ammo Ukraina qurolli kuchlarida bu qiyinchilikni yengib o‘tish imkoniyati mavjud: bo‘lajak amaliyotda ular hamon eng yaxshi qo‘mondonlik va yaxshi operativ rejaga tayanishi mumkin. Operatsiyani rejalashtirish muhimligini o‘tgan yil kuzidagi voqealar ko‘rsatib bergandi, o‘shanda Ukraina qo‘mondonligi rossiyalik hamkasblarini dog‘da qoldira olgandi. Ular oldindan Xersonda hujum boshlanishi haqida e’lon qilishgan, RF qurolli kuchlari rahbariyati esa frontning boshqa uchastkalaridan zaxira kuchlarni olib, shu yo‘nalishga tashlagandi. Dniproning o‘ng sohili tomon hujumlar avgust oyi oxirida boshlandi va avvaliga u qadar muvaffaqiyatli chiqmadi (aynan rossiyaliklarning jangovar desant bo‘linmalari qo‘shimcha kuch sifatida olib kelingani tufayli). Ammo Ukraina qurolli kuchlari boshqa tomonga zarba berdi — rossiyaliklarning Xarkiv oblastidagi zaiflashgan pozitsiyalariga.

Ukraina nimaga erishmoqchi?

Hujumning shakli va yo‘nalishi, shubhasiz, Kiyevning siyosiy maqsadlariga bog‘liq. Bunday maqsadlardan ikkitasi ma’lum:

  1. Pozitiv: imkon qadar ko‘proq hududlarni ozod etish.
  2. Negativ: Kremlga «g‘alaba» deb atash mumkin bo‘lgan narsaga yaqinlashishga ham yo‘l qo‘ymaslik.

Ukrainaning harbiy maqsadlari, jumladan, asosiy zarba yo‘nalishi tanlovi siyosiy maqsadlardan kelib chiqadi. Qariyb ming kilometrlik front chizig‘ini shartli ravishda uchta operativ yo‘nalishga ajratish mumkin:

  • Janub. Bu front uchastkasi Dnipro deltasidan (daryoning dengizga quyilish qismi) Donetsk oblastining Vuhledar shahriga qadar cho‘zilgan. Ukraina qurolli kuchlari Azov dengiziga chiqish uchun rossiyaliklar mudofaasini kesib o‘tishga harakat qilishi mumkin; yoki Qrimga hujum boshlashga tayyorlanish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri Qrim bo‘yniga kirib borishga urinish.
  • Donbass. Ukraina qurolli kuchlari Donetsk va uning yo‘ldosh shaharlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum qilishi dargumon: bu juda og‘ir va uzoq cho‘ziluvchi ko‘cha janglariga aylanib ketishi mumkin. Lekin Rossiya kuchlarining Baxmutni egallash uchun tashlangan guruhini tor-mor etib, Donetsk va Luhansk o‘rtasidan «xanjar urish»ga harakat qilsa bo‘ladi. Vuhledardan turib Volnovaha yo‘nalishida zarba berish — va Donetskka janubi-g‘arbdan tahdid yuzaga keltirish mumkin. Ukraina qo‘mondonligi 2014 yil yozida shunga o‘xshash amaliyot o‘tkazishga harakat qilgan, ammo bu ishni oxiriga qadar uddalay olmagandi.
  • Shimol. Bu yerda Ukraina qurolli kuchlari 2022 yil kuzida yakunlanmay qolgan ishni yakunlashga harakat qilishi mumkin — Kreminna va Svatoveni ozod etish. Shundan so‘ng ukrain qo‘shinlari o‘tgan yil yozida boy bergan Severodonetsk — Lisichansk aglomeratsiyasi yo‘nalishida hujum boshlash, muvaffaqiyatga qarab — Starobelsk va Luhanskka ham hujum qilish mumkin.

Janub yo‘nalishi katta hududlarni ozod etishga imkon beradi, ya’ni pozitiv maqsadga erishishga yaqinlashtiradi; markaziy va shimoliy yo‘nalishlar — katta ehtimol bilan negativ maqsadga erishish uchun foydalanilishi mumkin: Kreml Donbassiz o‘z «g‘alaba»sini e’lon qilishi qiyin.

Ukrainlarning hujumi qanday ko‘rinishda bo‘lishi mumkin?

Bir necha variantlar bor. Ularning har biri o‘z plyus va minuslariga ega.

1-ssenariy. Qrim bo‘yniga qarab yurish

Ukraina qurolli kuchlari asosiy zarbani Zaporijjya oblasti g‘arbida va Xerson oblasti sharqida — to‘g‘ridan to‘g‘ri Qrim yo‘nalishida berishi mumkin. Yordamchi zarba sifatida Ukraina qurolli kuchlari kattagina kuchlar bilan Dniproni kechib o‘tishi mumkin. Bu shakl jihatdan 2022 yil kuzida Xarkiv oblastida amalga oshirilgan amaliyot kabi bo‘ladi: u yerda asosiy zarba front chizig‘iga yaqin joylashgan Balakliyaga berilgan va ukrain hujumkor bo‘linmalari Kupyansk yo‘nalishida ilgari harakatlangan, Shimoliy Don ortidagi Svyatogorskka qilingan hujum esa yordamchi hujum vazifasini o‘tagandi. Natijada Rossiya guruhi qurshov xavfi ostida qolib, chekingandi. Keyinroq Shimoliy Donni kechib o‘tgan Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari muhim yo‘llar chorrahasida joylashgan Liman shahrini egallab olgandi.

Bugungi voqelikka o‘girilsa, bunday reja Rossiya mudofaasi Zaporijjya oblastida Orixiv orqali yorib o‘tilishi va Dnipro bo‘yida bir necha platsdarmlar tashkil etilishini (Rossiya guruhining front ortida beqarorlik yuzaga keltirish va zaxira kuchlarni jalb etish uchun) nazarda tutishi mumkin.

Plyuslar. Ukraina QK muvaffaqiyatga erishgan taqdirda Rossiya qo‘shinlariga Qrimdan ta’minot kelishini to‘liq uzib qo‘yishi, Melitopolni va Yevropadagi eng yirik hisoblangan Zaporijjya AES joylashgan Energodar shahrini ozod etishi, shuningdek Rossiya qo‘shinlarini Dniproning chap sohilidagi qulay mudofaa nuqtalaridan ketishga majbur qilishi mumkin. Bundan tashqari, Ukraina QK aynan shu yo‘nalishda Rossiya aviatsiyasini zararsizlantirish uchun ko‘proq imkoniyatga ega: Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi raketalar yetkazib bera boshlagan Buyuk Britaniya va Fransiya ularni Rossiya ichkarisidagi nishonlarga (jumladan, harbiy aerodromlarga ham) qarshi qo‘llashni taqiqlagan — ammo Qrimga emas. Yarimorolda esa Xerson oblasti va Zaporijjya oblasti g‘arbidagi qo‘shinlarni qo‘llab-quvvatlovchi aviatsiya joylashtirilgan.

Minuslar. Zaporijja oblastida Orixiv va Dnipro daryosi sohillarida RF QK eng kuchli eshelonlangan mudofaa chiziqlarini yaratgan. Shubha yo‘qki, Rossiya qo‘mondonligi ham Ukraina QKning asosiy zarbasi shu yo‘nalishda berilishini kutmoqda. Dniproni kechib o‘tish Shimoliy Dondan o‘tishdan ancha qiyin: daryoning so‘l sohili ancha botqoqlashgan, bu yerda barpo etilishi kerak bo‘lgan platsdarmlar ta’minoti ham oson bo‘lmaydi. Daryo kengligi bir kilometrgacha yetadi, bu uchastkada ko‘priklar qolmagan, qolaversa, bahorda daryo suvi ko‘payib, qirg‘oqlaridan tosha boshlagan.

2-ssenariy. Azov dengizigacha yurish qilib borish

Ukrain qo‘shini asosiy zarbani Mariupol va Berdyansk yo‘nalishida berishi ham ehtimoliy variantlardan biri hisoblanadi. Azov dengiziga chiqilgan taqdirda, Ukraina QK Rossiyaning Rostov oblastini Qrim bilan bog‘lovchi «quruqlikdagi ko‘prik»ni buzishi, Azov dengizida Rossiya kemalar orqali yuk tashishiga barham berishi va Qrimdagi nishonlarga Amerikaning HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari orqali zarba berish uchun qulay pozitsiyalarni qo‘lga kiritishi mumkin.

Plyuslar. Yuqorida sanalgan strategik yaxshilanishlardan tashqari, Kiyev muhim siyosiy (va hatto ramziy) maqsadga erishishi mumkin – agar Mariupol qaytarib olinsa. Bundan tashqari, Ukraina QK Rossiya qo‘shinlari Donetskdan g‘arbda (Maryinka va Vuhledarga) yorib o‘tish xavfidan xalos bo‘ladi – ya’ni Kremlning «g‘alaba»sini erishib bo‘lmaydigan qiladi.

Minuslar. RF QK Ukraina QKning asosiy zarbasini kutish mumkin bo‘lgan Gulyaypole va Veliki Novoselki atrofida kuchli mudofaa chiziqlarini tayyorlagan. Mariupol hududiga Rossiya zaxira kuchlari olib kelingan. Volnovaxa orqali hujum qilinsa, ukrain qo‘shiniga doimo RF qurolli kuchlari Donetsk tomondan hujum qilishi xavfi saqlanib turadi, bu yerdan qo‘shimcha kuchlarni tashlash oson (jumladan, eng qulay vosita – temiryo‘l orqali). Bundan tashqari, Ukraina QK Rossiya aviatsiyasining asosiy kuchlari joylashtirilgan Taganrog va Yeyskdagi bazalarni ishdan chiqarishi juda qiyin.

3-ssenariy. Butun front bo‘ylab hujumlar seriyasi

Nazariy jihatdan Ukraina QK Rossiya qo‘mondonligidan namuna olib, bir yoki bir necha kuchli zarbalar o‘rniga frontning turli sohalarida, Bryansk oblasti bilan chegaradan tortib Dnipro yoqalab Xersongacha bo‘lgan nuqtalarda qator kichik hujumlarni tashkil etishi mumkin.

Plyuslar. Asosiy plyus — hujumning katta muvaffaqiyatsizlikka uchrashi istisno etiladi. Shubhasiz, qaysidir uchastkalarda Ukraina QK lokal yutuqlarga erishadi (buni Baxmut qanotlaridagi janglar ham ko‘rsatdi, bu yerda Rossiya qo‘mondonligi «Vagner» XHKga yordam uchun nisbatan kuchsiz brigadalarni yuborgandi). Birinchi zarbalarning muvaffaqiyati aniq bo‘lgan joylarda uni rivojlantirishga harakat qilish mumkin. Raqib hujumi bunday shaklda olib borilganida, zaxiralarni jamlash va ular bilan manyovrlar amalga oshirish qiyinlashadi (ularni turli uchastkalarga tarqatib joylashtirish talab etiladi; Ukraina QK ham RF QKning qishki yurishi vaqtida shunday muammoga duch kelgandi). Bundan tashqari, bir necha brigadalar orqali kichik zarbalar berishni boshqarish butun bir operativ yo‘nalishda katta kuchlarning hujumlarini boshqarishdan ko‘ra osonroqdir.

Minuslar. Rossiyaliklarning qishki yurishi ko‘rsatdiki, operatsiyaning bunday shaklida bitta ulkan muvaffaqiyatsizlik o‘rniga ko‘plab kichik muvaffaqiyatsizliklar ro‘y berishi mumkin. Muvaffaqiyatga erishilayotgan joylarda uni rivojlantirish uchun esa hujum qilayotgan tomonda kuch yetmay qolishi mumkin. Bu ayniqsa RF QKning artilleriya va aviatsiyadagi yaqqol ustunligi sharoitida yanada dolzarblashadi. Bundan tashqari, Ukraina QKning yangi tashkil etilgan brigadalari o‘z tarkibiga ko‘ra faqat mudofaa yorib o‘tilganidan keyingi manyovr harakatlarga ixtisoslashgan (ya’ni raqibning ichkari hududida tezkor zarbalar berish uchun). Ukraina QK qo‘mondonligi urush davrida ko‘rsatdiki, o‘z strategiyasi aynan shunday harakatlar bilan RF QK ta’minotini izdan chiqarishga qaratilgan. Kichik zarbalar seriyasi orqali esa rossiyaliklar ta’minot tizimini buzishga erishish imkonsiz: faqat raqibni holdan toydirishga harakat qilish mumkin (ammo Rossiya armiyasi bilan bo‘lgani kabi o‘zini ham holdan toydirish xavfi mavjud).

4-ssenariy. Ikki bosqichda hujum qilish

Ukraina QK o‘tgan yil kuzidagi amaliyot shaklini takrorlashga urinib ko‘rishi mumkin. O‘shanda (yuqorida aytilganidek) birinchi bosqichda Ukraina armiyasi avvaliga Xerson oblastida zarbalar bergan, bu bilan RF QKning deyarli barcha zaxiralarini shu yo‘nalishga jalb etgan, keyin esa zudlik bilan Balakliya va Chuguyiv atrofiga katta qo‘shinlar guruhini tashlagan, bu guruh Rossiya qo‘shinining Xarkiv oblastidagi mudofaasini chuqur yorib kirgandi. Bu hujumlarni qaytarish uchun Rossiya qo‘mondonligida zaxira kuchlar topilmay qolgandi. Natijada Donbassning Ukraina nazoratida qolgan qismiga shimoldan tahdid solib turgan yirik guruhini Izyumdan olib ketishga majbur bo‘lgandi.

Endi Ukraina QK ketma-ketlikni o‘zgartirishi mumkin: avvaliga Donetsk va Luhansk oblastlari shimolida hujumga o‘tib, keyin, Rossiya qo‘mondonligi zaxiralarini bu hujumlarni qaytarishga yo‘naltirganida, Zaporijjyada hujumga o‘tishi mumkin (1 yoki 2-ssenariylar bo‘yicha). Bu holda Ukraina QKning o‘tgan haftalarda Baxmut atrofidagi qarshi hujumlarini chindan ham Ukrainaning yirik qarshi hujumining debochasi deb hisoblash mumkin bo‘ladi. Ukraina QK shimoldagi Kreminna va Svatovedan Donbass markazidagi Toretskka qardar bo‘lgan front chizig‘i bo‘ylab faollashuvini kutish mumkin. Birinchi bosqich yaqqol muvaffaqiyat keltirmasa-da, Zaporijjyadagi zarbadan keyin Luhansk va Donetsk oblastlaridagi hujumlarni yakunlab qo‘yish uchun qaytish mumkin (kuzda ukrainlarning Xersonni qaytarib olish uchun uyushtirgan ikkinchi — muvaffaqiyatli — yurishi bilan bo‘lgani kabi).

Plyuslar. Hujumning bu shakli kuzda yaxshi ish bergandi. Bu shakl nafaqat Ukrainada qishda tashkil etilgan yangi brigadalar, balki hozirda Baxmut atrofida bo‘lib turgan «eski» bo‘linmalardan (ularni kuchaytirish talab etiladi) ham foydalanish imkonini beradi. RF QK qishki yurishi davomida ko‘plab yutuqlarga erishgan Baxmut, Soledar va Kreminnada zarbalar berilishi, chindan ham Rossiya qo‘mondonligini zaxiralarni aynan shu yo‘nalishlarga ishlatishga majbur qilishi mumkin: qo‘mondonlik so‘nggi oylarda katta sa’y-harakatlar va qurbonliklar bilan erishilgan muvaffaqiyatlarni yo‘qotishni istamaydi. Qolaversa, Baxmut va Soledar atrofida Rossiya kuchlari kuchli istehkomlar barpo etishga ulgurmadi (frontning bu uchastkasida bazalar ancha ichkaridagi Popasnaya va Lisichanskda joylashgan).

Minuslar. Rossiya qo‘mondonligi Baxmut va Soledar atrofidagi hujumlarni qaytarish uchun frontning boshqa uchastkalarini zaiflashtirib, o‘tgan kuzdagi xatoni takrorlashi dargumon. Katta ehtimol bilan, RF QK barcha xavfli yo‘nalishlar uchun alohida zaxiralarni shakllantirgan. Xususan, Baxmutga hozir avval Svatove va Vuhledarda jang qilgan, ammo bahor boshida ta’tilga chiqarilgan bo‘linmalar olib kelinmoqda. Hozircha Zaporijjyadagi qo‘shinlarni o‘tkazish holatlari qayd etilmagan. Bundan tashqari, rossiyaliklarning Donbassning shaharlashgan hududlariga hujumlari shuni ko‘rsatdiki, bu joylar mudofaalanish uchun qulayroq. Qolaversa, «Vagner» XHK, ukrainlarning qarshi zarbalariga qaramay, Baxmutni egallash jarayonini yakunlamoqda, shaharda saqlanib qolgan baland binolar va sanoat binolari (Soledar bilan birga) bu yo‘nalishda Rossiya mudofaasining tayanch punktlari vazifasini o‘tashi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: