Ular orasida materialimiz qahramoni, 17 yildan buyon 1-toifa qandli diabet bilan kasallangan toshkentlik Aleksandra o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
Tashxis va uni qabul qilish haqida
«Menga darhol qandli diabet tashxisi qo‘yilmagan. 9 yoshda edim, yaxshi eslayman, Yangi yil bayrami edi, men tez ozishni boshladim. Ikki oy davomida biz buni o‘tish davriga, tananing o‘sib borayotganiga bog‘liq deb o‘yladik. Umuman olganda menda hammasi yaxshi edi. Tug‘ilgan kunimda sodir bo‘lgan bir voqea to‘g‘ri tashxis qo‘yishga yordam berdi: taklif qilingan do‘stlardan biri qizamiq bilan og‘rib qoldi va hammamizni tahliliy testlarga yuborishdi, shunday tahlillardan biri qonimdagi qand miqdori litriga 30 millimoldan oshganini ko‘rsatdi, bu normadan sezilarli darajada yuqori edi. Keyin meni shoshilinch ravishda kasalxonaga yotqizishdi, tekshiruvlar, ro‘yxatga olish ishlari bo‘ldi. Yoshim sababli, kasalligimning og‘irligi darajasini tushunmaganman, eng qiynalgan odam onam bo‘lgan. Endigina men o‘z ahvolimni to‘liq anglab yetdim, qandli diabetning asoratlanishi holatlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim, yoshligida diabet asoratlariga duch kelgan odamlarni bilaman... Shuni angladimki, to‘g‘ri terapiya, to‘g‘ri nazorat bilan men to‘liq hayot kechira olaman va rejalar tuzib, karerada yutuqlarga erishib yashay olaman. Men o‘z namunam bilan odamlarni ilhomlantirmoqchiman va boshqalarni qo‘llab-quvvatlamoqchiman».
Onglilik va o‘z-o‘zini nazorat qilish haqida
«Qandli diabet bilan kasallangan odam duch keladigan eng dolzarb muammolardan biri bu kasallik haqida to‘g‘ri ma’lumotlarga ega ishonchli manbalarni, ayniqsa, o‘zbek tilida topishdir. Bu yo‘l boshida mening davolovchi shifokorim onam uchun dars o‘tgan, rus va o‘zbek tillarida hech qanday manba yo‘q edi. Bugungi kunda bizda internet mavjud va internetdagi maslahatlarga mustaqil ravishda murojaat qilish odatga aylandi, ammo diabet bilan og‘rigan tajribali odam sifatida men ularning aksariyati «yangilarni» hayratda qoldiradigan noto‘g‘ri ma’lumot berishini, ba’zida hatto bema’ni ekanligini tushunaman. Bilishimcha, mamlakatimizda bemorlar va ularning ota-onalari uchun qandli diabet haqida foydali ma’lumotlarga ega bo‘lgan yagona o‘quv manbasi yo‘q. Tajribalarimiz bilan o‘rtoqlasha oladigan, bir-birimizga yordam beradigan va doimo aloqada bo‘ladigan platformaga ega bo‘lsak yaxshi bo‘lardi».
Shuningdek, 77 yoshni qarshilagan, 70 yildan ortiq vaqt davomida qandli diabet bilan yashayotgan Aleksandr Ivanovich o‘z jasorati haqida gapirib berdi. Aleksandr Ivanovich «Qandli diabet bilan 50 jasoratli yil uchun» Djoslin medali sohibi. Ushbu medal xuddi shu nomdagi Amerika diabetga qarshi ta’lim va tadqiqot markazi tomonidan diabetga qarshi kurashdagi yutuqlarni e’tirof etish uchun taqdim etiladi.
«Djoslin medali menga qandli diabetga qarshi kurashish uslublarimning to‘g‘ri ekanligini isbotladi: faol bo‘lish, parhez tutish, terapiyada intizomli bo‘lish - bu diabet bilan sifatli hayotning muhim elementlari. Bugungi kunda bemorlar ko‘p hollarda barcha mas’uliyatni shifokorlar zimmasiga yuklaydi, bu menimcha, o‘ta noto‘g‘ri. Qandli diabetli hayot - bu achchiq hukm emas, balki to‘g‘ri turmush tarzi, har bir harakatda onglilik, o‘zini nazorat qila bilish va sog‘lom odatlarni tanlashdir».
Bizning materialimiz qahramonlari har kuni o‘z kasalligiga ongli yondashuvni namoyish etadilar, ammo ular bunga yillar davomida sinov va xatolar orqali kelishgan. Ayni paytda O‘zbekistonda akademik Yo.X. To‘raqulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan Endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va O‘zbekiston Milliy Endokrinologlar assotsiatsiyasi tomonidan Novo Nordisk kompaniyasi ko‘magida qandli diabet virtual maktabini tashkil etish loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Novo Nordisk ko‘magida nashr etildi.