G‘arb Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishga kelishib oldi 

Jahon 19:50 / 19.05.2023 13375

Dunyoning eng boy va rivojlangan demokratik davlatlari Ukrainaga hujumi uchun Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yanada kuchaytirishga kelishib oldi. G7 davlatlari 19 may kuni Yaponiyada boshlangan sammitda Kremlga bosimning kuchaytirilishi to‘g‘risidagi deklaratsiyani qabul qildi. Biroq unda eng radikal takliflar, jumladan umumiy savdo embargosi yo‘q. 

Sanksiyalardan maqsad Kremlning Yevropada qurolli tajovuzni davom ettirish imkoniyatlarini cheklashdir. Har bir mamlakat vositalarni alohida tanlaydi va shuning uchun G7 bayonoti maxsus sanksiyalarni emas, balki faqat umumiy yo‘nalishni belgilaydi. 

«Biz Rossiyaga agressiyani davom etishi uchun muhim bo‘lgan barcha narsalarni, jumladan, o‘z harbiy mashinasi kuchini tiklaydigan uskunalar va texnologiyalarni yetkazib berishni cheklash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘ramiz», deyiladi G7 bayonotida. 

1970-yillardagi inqirozlardan so‘ng G‘arb siyosatini muvofiqlashtirish uchun tashkil etilgan G7 klubiga AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Kanada va Yaponiya kiradi. Qrimning anneksiya qilinishidan oldin klub tarkibiga Rossiya ham kirgan, biroq u chiqarib yuborilgan va norasmiy sakkizinchi a’zoning o‘rnini Yevropa Ittifoqi 24 davlatining kollektiv vakili egallagan. 

G‘arb allaqachon Rossiyaga qarshi keng qamrovli moliyaviy va savdo sanksiyalarini joriy qilgan va endi yangi cheklovlarni izlashdan ko‘ra, ularga qanday amal qilinayotganiga e’tibor qaratmoqda. AQSh, Yaponiya va Buyuk Britaniya Kreml bilan deyarli barcha savdo-sotiqni taqiqladi, ammo ular urushdan oldin Rossiyaning asosiy savdo sherigi bo‘lmagan. 

Bu pozitsiyani katta farq bilan Yevropa Ittifoqi egallab oldi va aynan uning savdo sanksiyalari Rossiya iqtisodiyotiga eng katta zarar yetkazmoqda. Biroq, buning aksi ham to‘g‘ri, shuning uchun Yevropa Ittifoqining 27 davlati bosqichma-bosqich harakat qilmoqda: neft eksportiga embargo urush boshlanganidan bir yil o‘tib joriy qilindi, lekin gaz yoki olmos importiga hali ham taqiq yo‘q. 

Nihoyat ular olmos va gaz embargosi bilan «shug‘ullanmoqchi» ekani haqida Hirosimadagi G7 sammitidan oldin xabarlar paydo bo‘ldi. Ammo yakuniy bayonotda ularning hech biri tilga olinmadi. Shuningdek, Rossiya bilan barcha savdo-sotiqqa to‘liq embargo joriy etish haqidagi taklif ham yangramadi. 

Foto: PA MEDIA

Deklaratsiyada sanksiyalar bosimining umumiy yo‘nalishi yumshatish emas, balki kuchaytirish ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, allaqachon joriy etilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashni kuchaytirish niyati bildirildi. Shuningdek, Kremlning energiya, yadro yoqilg‘isi va metallar eksportidan oladigan daromadlarini yanada qisqartirishga erishishning umumiy maqsadi ham aytildi. 

Uchrashuv oldidan faqat Buyuk Britaniya bu borada aniq qadamlar tashladi. Rossiyadan olmos, mis, alyuminiy va nikel importini taqiqladi. To‘g‘ri, u hozir ularni sotib olmayapti va o‘tgan yili yangi sanksiyalar ostida qolgan Rossiya bilan savdoning umumiy hajmi 55 million funt sterlingdan oshmadi. Ba’zi oligarxlarning Londondagi uylari bundan qimmatroq. 

O‘tgan yili Britaniya 1,6 milliard dollarlik olmos import qildi, shundan atigi 4 million dollarligi Rossiyaga tegishli. Britaniyaliklar Belgiya, Isroil, Hindiston va Qo‘shma Shtatlardagi olmoslarning asosiy qismini sotib olishadi. 

Britaniya Rossiyadan o‘tgan yili ham, oldingi yili ham mis sotib olmagan, 2022 yilda atigi 35 million dollarlik alyuminiy va 28 million dollarlik nikel import qilgan. 

G‘arbda Rossiya xomashyosining asosiy xaridori Yevropa Ittifoqi hisoblanadi. Olmos ham bundan mustasno emas, ularning yetakchi importchisi Belgiya hisoblanadi. U taqiqqa keskin qarshi, shuning uchun olmoslarning Yevropa Ittifoqining navbatdagi sanksiya paketiga kirish ehtimoli nolga yaqin. 

Ushbu paket hali muhokama qilinmoqda va Yevropa Ittifoqi 27 davlatining bir ovozdan ma’qullashini talab qiladi. Ular orasida Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari kabi Rossiya bilan aloqalarni keskin uzish tarafdorlari, shuningdek, sanksiyalarni yumshatish orqali Vladimir Putinni tinchlantirmoqchi bo‘layotgan Avstriya va Vengriya kabi davlatlar bor. 

Ko‘proq yangiliklar: